Sport | 11:09 / 13.10.2024
20836
10 daqiqa o‘qiladi

Beterbiyev - mutlaq jahon chempioni! Yengilmas bokschilar jangi taqdirini ochkolar hal qildi, ammo hakamlar qaroriga e’tiroz ko‘p

Bu safar nokaut ro‘y bermadi.

13 oktyabrga o‘tar kechasi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahridagi Kingdom Arena stadionida rossiyalik ikki yengilmas bokschi: IBF, WBC va WBO versiyalari bo‘yicha yarimog‘ir vazn chempioni Artur Beterbiyev va WBA Super versiyasi chempioni Dmitriy Bivol o‘rtasida uzoq kutilgan jang o‘tkazildi.

Bu jangni anchadan buyon rejalashtirib kelishayotgandi, ammo uni tashkillashtirish oson kechmadi. Tomonlar uzoq vaqt davomida promouterlarning pozitsiyasi tufayli kelisha olmadi. Nihoyat jang 2024 yil 1 iyun kuniga belgilanganida, uni Beterbiyevning jarohati tufayli bekor qilishdi. Shunga qaramay, o‘sha kuni Bivol ringga chiqdi va g‘alaba qozondi, mutlaq chempionlik uchun jang esa oktyabrga ko‘chirildi.

1 iyun kuni Bivol liviyalik Malik Zinadni oltinchi raundda nokautga uchratgandi, bu uning uchun 2018 yil martidan buyon ilk bor jangni muddatidan oldin yakunlashi bo‘ldi, o‘shanda u Sallivan Barrerani taslim etgandi. Keyingi olti yil ichida Dmitriy to‘qqiz jang o‘tkazib, ularning birortasida nokaut qila olmadi, lekin boksdagi asosiy figuralardan biriga aylandi. Uning eng muhim g‘alabasi taniqli bokschi Saul «Kanelo» Alvares ustidan ochkolar bo‘yicha qozonilgan g‘alaba bo‘lgandi.

Artur Beterbiyevning oxirgi jangi esa 2024 yil yanvarida Kallum Smitga qarshi kechib, jang yettinchi raunddayoq yakuniga yetgandi. Artur professional boksda 20 jang o‘tkazib, barchasida nokaut bilan g‘alaba qozongan. Uning so‘nggi raqiblari qatorida Smitdan tashqari, Entoni Yard, kichik Jo Smit, Markus Braun va Adam Daynes kabilarni keltirish mumkin.

Jangning ilk soniyalaridanoq Beterbiyev ring markazini egalladi va asosan chap qo‘l jyeb zarbasiga tayandi. Bivol esa hech qayoqqa shoshilmadi, raqibining zaif nuqtalarini qidirdi va yengil kombinatsiyalar amalga oshirdi. Bu oraliq yakunida Dmitriy ikkitalik zarbasi bilan raqibning boshiga zarba tekkizdi. Beterbiyevning zarbalari ko‘pincha blokka urilayotgandi, ammo gong chalinishiga bir necha soniya qolganida raqiblar kutilmaganda oldinga tashlanishdi — Dmitriy jag‘ qismiga bir necha zarbalar o‘tkazib yubordi, lekin bu jiddiy muammo tug‘dirmadi. Ikkinchi raund ham shu ruhda boshlandi: Bivol masofa saqladi, Artur esa yaqinlashishga harakat qildi. Dmitriy kuchsiz zarbalar seriyasini yo‘llashdan tortinmadi — bu borada u Beterbiyevdan o‘zib ketdi, Artur esa pressingni davom ettirdi va uning zarbalari nisbatan xavfliroq ko‘rinish oldi.

Uchinchi raund boshida Beterbiyev yanada shiddat bilan oldinga o‘tdi. Bivol raqibini chap qo‘l jyeb zarbasi bilan kutib olishga urindi, ammo bunday bosim tufayli davomli zarbalar yo‘llash qiyin edi. Shunga qaramay, Dmitriy yaxshigina qarshi hujumlar uyushtirdi, uch daqiqalik yakunida esa raqiblar yana savalashib ketishdi — bu safar Bivol tavakkal qilmadi va klinchga kirdi. Dmitriy to‘rtinchi raundda ring bo‘ylab ko‘proq harakat qila boshladi — raqibi esa rejadan og‘ishmadi va shunchaki zarbalar bilan oldinga tashlandi, bu zarbalar ko‘pincha metin himoyadan o‘tmadi. So‘nggi soniyalarda Beterbiyevning javobsiz qolgan bir necha zarbalari tufayli raund unga yozildi.

Jangning uchdan bir qismi ortda qolganida hakamlarning kartochkalarida istalgan raqamlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo bu oraliq uchun eng munosib hisobni 2-2 deyish to‘g‘riroq bo‘lardi. Beshinchi raundda Beterbiyev Dmitriyning gavdasiga ketma-ket zarbalar yo‘lladi va Dmitriy uning zarbalari kuchini chinakamiga his qildi. Oltinchi raundda Artur raqibining korpusini sinovdan o‘tkazishda davom etdi. Bivol esa biroz faromush va sust ko‘rindi — u juda kam ishladi va o‘ziga xos bo‘lmagan darajada juda ko‘p zarba o‘tkazib yubordi.

Yettinchi raundda Beterbiyev tempni pasaytirdi, Bivol esa, aksincha, uyg‘ondi va davomli zarbalar berishga kirishdi. Gong chalinishiga bir daqiqacha vaqt qolganida Bivol yanada faolroq ishlay boshladi va bir necha og‘ir zarbalarni manziliga yetkazdi, ammo Beterbiyev ham o‘ziga kelib, faollashdi hamda raund oxirini o‘ziniki qildi. Sakkizinchi raund davomida Artur Bivolni ta’qib qilib yurdi va faqat raund oxirida Dmitriy chinakamiga mushtlashdi.

Beterbiyev to‘qqizinchi raundda pressingni biroz susaytirdi va Bivolga ishlashga imkon berdi. Shu bilan birga, Dmitriy jangni biroz soddalashtirdi yoki shunchaki Beterbiyevning qoidasi bo‘yicha harakatlanishni istamadi. O‘ninchi raundda Beterbiyev tashabbusni o‘z qo‘liga olib, keskin zarbalar bilan bosim uyushtirdi, Dmitriy esa masofa saqlashga harakat qildi, ammo juda kam zarba berdi. Bunday zarbalardan birida mushtini Beterbiyevning boshiga aniq tekkizdi, ammo bu raqibni muvozanatdan chiqara olmadi.

11-raundda Bivol faollik qo‘shib, Beterbiyevga aniq zarbalar berishga qo‘ymadi, o‘zi esa Arturni tuzoqqa tushirish uchun payt poyladi. Ammo raund oxirida Beterbiyev ham faollashi: va zarbalar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham oldinga chiqib ketdi. Yakuniy raundda Artur faqat bir maqsadda — jangni nokaut bilan yakunlash uchun oldinga tashlandi. Dmitriy o‘z uslubida harakatlanishda davom etdi — u Beterbiyevning ko‘zini ochirmaslikka harakat qildi, ammo Arturning zarbalari kuchliroq ko‘rinardi. Raund oxiriga 10 soniya qolganida Beterbiyev Dmitriyning boshiga orqadan bir necha zarba berdi, ammo gong chalinib qoldi — jang to‘liq 36 daqiqa davom etdi.

Hakamlar qaysi bokschiga ko‘proq raund berganini aytib bo‘lmasdi — jang juda tartibsiz kechdi: tashabbus goh u tomonga, goh bu tomonga o‘tib turdi. Faqat bir narsa aniq edi Artur Beterbiyev 20 nokautdan iborat seriyasini davom ettira olmadi — bu esa revanshning dolzarbligini oshiradi. Hakamlarning kartochkalarida esa quyidagi raqamlar aks etgandi: 114:114, 115:113, 116:112 — hakamlardan ikki nafari Artur Beterbiyevning g‘alabasini qayd etishgandi.

Jangdan keyingi reaksiyalar

Va bu qarorga reaksiya bir xilda emasdi. Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar boksdagi sharmandalik va saudiyalik shayxlarning pullari haqida yozishmoqda, ayrim taniqli shaxslar esa bunday natijadan kulishmoqda. Masalan, shu turnirda jang qilishi kerak bo‘lgan Shakur Stivenson Beterbiyevning g‘alabasi qayd etilgan hakamlar kartochkasiga kulgan emodzi bilan javob qildi, keyin esa qo‘shib qo‘ydi: «Boks dahshatli».

Rayan Garsiya aniq qilib aytdi: «Menimcha, bu talonchilik».

Toni Bellyu 116–112 hisobini — sharmandalik deb atagan: «Ajoyib jang, to‘g‘risini aytsam, u boshqacha yakunlanishi ham mumkin edi. Ammo 116-112 — bu sharmandalik. Bokschilardan hech biri to‘rt raund farqi bilan ustun kelgani yo‘q. Be meni g‘azablantiradi. Ammo Artur Beterbiyevga balli, u haqiqiy jangchi».

116-112 hisobi chindan ham ortiqcha bo‘lishi mumkin, qolaversa, statistikaga ko‘ra bokschilar teng jang ko‘rsatishgan. Compubox ma’lumotiga ko‘ra, Bivol hatto raqib tanasiga yetib borgan zarbalar soni bo‘yicha Beterbiyevdan ustun kelgan. Dmitriyning 142 zarbasi tekkan, zarbalar aniqligi 33,6 foiz. Beterbiyev 137 zarbasini tekkizgan (20,1 foiz aniqlik). Zarbalar kuchi bo‘yicha biroz ustunlik Arturda — 90 ga 84.

Shu bilan birga, Beterbiyev jami 682 bor zarba yo‘llagan — Bivolnikidan 259 taga ko‘p. Ha, ularning ko‘p qismi blokdan qaytgan, ammo baribir bu hakamlar qaroriga ta’sir ko‘rsatgan. Bivolning o‘zi ham raqibning kuchi haqidagi savolga javoban buni bilvosita tasdiqladi: «Uning zarbalari kuchini his etdimmi? Albatta. Yuzimdan ko‘rishingiz mumkin. Va bu ko‘karish o‘zimning qo‘limdan — men himoyalandim, u himoyamga zarba berdi. U qanday zarba berganini tasavvur qilishingiz mumkin».

Blokka kelgan zarbalar ham Bivolga muammo tug‘dirdi, ammo ko‘proq muammo Beterbiyevning doimiy pressingi tufayli bo‘ldi, buning evaziga u Bivolni muntazam ravishda himoyalanishga majbur qilib, ustunlikni zarbalarga aylantirdi.

Buning sababini Bivolning uslubiga ham bog‘lash mumkin. U ko‘proq zarba tekkizganiga qaramay, ularning aksari — jyeblar edi. Bu Dmitriy qanday boks tushishidan kelib chiqadi. Uning ringdagi vazifasi — ustunlik qilish. Uslubi raqibga ko‘proq teginishga qaratilgan. Beterbiyev esa tajovuzkorroq uslubda ishlaydi, uning aniq zarbalari yiqitishga qaratilgan. Bu esa hakamlar qaroriga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Bivol ikki uch-zarba yo‘llaydi, keyin esa zarbalar yomg‘iri ostida kanatga qisilib oladi (bu zarbalarning ko‘p qismi blokda to‘xtasa ham). Aftidan, hakamlar bunday epizodlarni Beterbiyevga berishgan.

Mavzuga oid