«Chekmaydi va onda-sonda ozgina ichadi». Kamala Harris o‘z tibbiy kartasini e’lon qildi
Salomatligi haqidagi ma’lumotlarini nashr etish AQSh prezidentligiga nomzodlarning uzoq yillik siyosiy an’anasidir. Hujjatda 59 yoshli Harris sog‘lom va faol turmush tarzini olib borishi ta’kidlangan. Respublikachi nomzod, 78 yoshli Donald Tramp avgust oyida o‘zining tibbiy ma’lumotlarini e’lon qilishdan «juda xursand bo‘lishi»ni aytgan edi, biroq shundan buyon matbuotning bu boradagi so‘rovlarini rad etib kelmoqda.
Salomatligi haqidagi ma’lumotlarini nashr etish AQSh prezidentligiga nomzodlarning uzoq yillik siyosiy an’anasidir. Hujjatda 59 yoshli Harris sog‘lom va faol turmush tarzini olib borishi ta’kidlangan.
AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod bo‘lgan Kamala Harris shanba kuni o‘z salomatligi to‘g‘risidagi shifokorlar xulosasini taqdim etdi. Prezidentlik saylovlariga bir oydan kamroq vaqt qolmoqda va Harris bunday qadam tashlashi o‘z raqibi, 78 yoshli Donald Trampga qo‘shimcha bosim yuklashiga umid qilmoqda.
Tramp bir necha marta Oq uyning hozirgi rahbari, 81 yoshli Jo Bayden o‘z lavozimi uchun juda qarilik qilishini aytib, unga kognitiv layoqatni aniqlash testidan o‘tishni maslahat bergandi.
Endilikda, demokratlar nomzodi 59 yoshli Kamala Harris bo‘lganidan keyin, uning saylovoldi shtabi Trampning uslubini uning o‘ziga qarshi qo‘llab, uning ishga yaroqliligini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Harrisning tibbiy kartasiga ko‘ra, u mutlaqo sog‘lom. Uning davolovchi shifokori Joshua Simmonsning maktubida Harris «prezident vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish uchun zarur bo‘lgan jismoniy va ruhiy barqarorlikka ega»ligi yozilgan.
U so‘nggi bor joriy yil aprelida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan.
Shifokor Simmonsning so‘zlariga ko‘ra, patsiyentning qorin bo‘shlig‘i va terisi tekshirilganida hech qanday buzilish aniqlanmagan, uning yuragida muammolar yo‘q va diabet, bosim hamda xolesterin darajasi normada.
Kamala Harrisning onasi yo‘g‘on ichak saratoni bilan kasallangan, ammo, tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, u profilaktika bo‘yicha barcha tavsiyalarga amal qiladi, jumladan, muntazam ravishda kolonoskopiyadan o‘tadi.
Simmons Harrisda D vitamini yetishmasligini qayd etgan, ammo u muntazam ravishda vitamin qabul qilishiga ishontirgan.
Ma’lumotnomada Harris so‘nggi uch yil davomida allergiyadan davolangani, endi unga dori-darmonlar talab qilinmasligi, faqat vaqti-vaqti bilan rinit (burun shilliq qavatining yallig‘lanishi yoki shamollash) bezovta qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Harris «tig‘iz ish grafigiga qaramay, juda sog‘lom ovqatlanishi va sog‘lom, faol hayot tarzini olib borishi», aerobika bilan shug‘ullanishi hamda boshqa qiyin mashg‘ulotlarni bajarishi ta’kidlangan.
«U chekmaydi va alkogol faqat vaqti-vaqti bilan va oz miqdorda iste’mol qiladi», — degan shifokor.
Bloomberg ta’kidlaganidek, bu ma’lumotlarni e’lon qilish orqali Harris qadimiy siyosiy an’anaga amal qilmoqda, bunda har ikki partiya nomzodlari saylov poygasida o‘z sog‘lig‘ini oshkor qiladi.
Donald Trampning salomatligi haqida nimalar ma’lum?
Avgust oyida Donald Tramp CBS kanaliga bergan intervyusida so‘nggi tibbiy ko‘rikda shifokor unga «yuqori baho» berganini aytgandi.
Ammo Tramp hech qachon o‘zi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomalarni e’lon qilmagan.
2015 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yganida, u o‘zining davolovchi shifokorining xatini e’lon qilgan, unda Tramp «prezidentlik lavozimiga saylangan eng sog‘lom odam bo‘lishi» aytilgandi.
Trampning salomatligi bo‘yicha eng batafsil tahlil 2018 yil yanvarida o‘tkazilgan. Uning yurak, bosh, shuningdek, oyoq-qo‘llari to‘liq tekshirilgandi.
Oq uy shifokori, doktor Ronni Jyekson o‘shanda jurnalistlarga Trampning sog‘ligi shunchaki a’lo darajada ekanini aytgandi.
Shu bilan birga, u Tramp o‘sha vaqtda retsept bo‘yicha va retsepsiz qator dorilarni qabul qilganini tan olgan. Xususan, xolesterin darajasini pasaytirish bo‘yicha vositalar, soch to‘kilishi profilaktikasi uchun preparat, yarimvitaminlar, shuningdek, teri toshmasi va yallig‘lanishiga qarshi malham ishlatgan.
Ayni vaqtda Donald Tramp tarixda AQSh prezidentligi uchun nomzod bo‘lgan eng keksa kishiga aylangan — u 78 yosh-u 119 kunlik.
Jo Bayden 2021 yilda prezidentlikka saylanganida 78 yosh-u 61 kunlik edi.