So‘rovnoma: O‘zbekistonliklar sentabrda go‘sht, sut va yoqilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishgan
Sentyabr oyida O‘zbekiston aholisiga sezilgan inflatsiya 13,4 foizni tashkil etdi. Markaziy bank so‘rovnomasida qatnashganlarning katta qismi go‘sht va sut hamda benzin va boshqa yoqilg‘i narxlari yuqori darajada o‘sganini ta’kidlagan. Oy davomida dorilar va ijara haqi narxlarida yuqori darajada o‘sishni sezganlar ulushi ham ko‘paygan.
Markaziy bank sentabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi oid so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 13,4 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri (15,4 foiz) va Andijon viloyatida (14,6 foiz), eng past darajasi esa Farg‘ona (12,1 foiz) va Navoiy viloyatlarida (12,2 foiz) sezilgan.
So‘rovnomada qatnashganlarning katta qismi go‘sht va sut hamda benzin va yoqilg‘i narxi yuqori darajada o‘sganini ta’kidlagan.
Shuningdek, oy davomida dorilar (29 foiz) va ijara haqi (18 foiz) narxlarida yuqori darajada o‘sishni sezganlar ulushi ko‘paygan.
Daromadlari 5 mln so‘m va undan yuqori daromad topadigan aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori darajada shakllangan. Xususan, 15 mln so‘mdan ko‘p daromad egalari sezgan inflatsiya 15,4 foizni tashkil qilgan. Daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarga esa inflatsiya nisbatan kamroq sezilgan – 12,8 foiz.
Surxondaryo va Andijon viloyatlarida 17 foiz va undan yuqori inflatsiya sezayotganlar ulushi 35 foizga, Toshkent shahrida esa 33 foizga yetgan.
Avvalroq, sentabr oyida iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sish darajasi 10,46 foizni tashkil etgani xabar qilingandi. O‘tgan oyda sezilgan va rasmiy inflatsiya o‘rtasidagi farq 2,9 foiz bo‘lgan.
Mavzuga oid
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
14:41 / 11.12.2024