Moldovaning yevrointegratsiyasi bo‘yicha referendumda - minimal farq
Referendumning dastlabki natijalariga ko‘ra, Moldovada saylovchilarning 50 foizdan sal ortig‘i Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish siyosatiga qarshi ovoz bergan. Natijalar hali ham o‘zgarishi mumkin, deb ta’kidlaydi AFP.
Moldovada 20 oktyabr, yakshanba kuni saylovchilarning yarmidan ko‘pi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish intilishlari bo‘yicha referendumda Yevropa integratsiyasiga qarshi ovoz bergan. Moldova fuqarolaridan «Siz Moldova Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni qo‘llab-quvvatlaysizmi?» degan savolga «ha» yoki «yo‘q» deb javob berishlari so‘ralgan.
Ikki lager orasidagi farq minimal. Moldova Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 97,4 foiz ovoz sanab bo‘lingandan keyin e’lon qilingan dastlabki ovoz berish natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 50,1 foizi Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlamagan, 49,9 foiz fuqarolar yoqlagan.
Kishinyovda va xorijda ovozlar hisoblanar ekan, Yevropa integratsiyasi muxoliflarining dastlabki ustunligi sezilarli darajada kamaydi.
«Moldova mamlakatimiz erkinligi va demokratiyasiga misli ko‘rilmagan hujumga duch kelmoqda», dedi yevropaparast prezident Mayya Sandu Kishinyovda jurnalistlarga referendumning dastlabki natijalarini sharhlar ekan. U aralashuvda «milliy manfaatlarimizga dushman bo‘lgan xorijiy kuchlar bilan ishlayotgan jinoiy guruhlar»ni aybladi va ularning maqsadi «demokratik jarayonga putur yetkazish» ekanini qo‘shimcha qildi.
Moldova prezidenti: Mamlakat taqdirini moldovanlar hal qilishi kerak
Moldova prezidenti Mayya Sandu fuqarolarni 20 oktyabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari va YeIga a’zo bo‘lish bo‘yicha referendumda ovoz berishda faol ishtirok etishga chaqirgandi.
Tegishli videoda prezident «mamlakat taqdirini moldovanlar hal qilishi kerakligini» ta’kidlagan, deb xabar beradi MOLDPRES.
«Biz chorrahada turibmiz va bizning burchimiz demokratiyani himoya qilish, Moldova va bolalarimiz taqdirini hal qilishdir, chunki referendumning ikkinchi bosqichi bo‘lmaydi», dedi Sandu.
Prezidentning fikricha, bu Moldova uchun burilish nuqtasi. «Yoki biz kuchsiz va yolg‘iz davlat bo‘lib qolamiz, yoki Moldova kuchli, xavfsiz va ko‘p do‘stlari bor davlatga aylanadi», dedi prezident.
Siyosatchi «o‘g‘rilar guruhlari yolg‘on va iflos pullar bilan Moldova kelajagini to‘sib qo‘ymoqchi ekanligiga e’tibor qaratdi. «Ovozlarni sotib olish uchun millionlab yevrolar, har kuni minglab yolg‘on, lekin moldovanlar dono va boshqalarning bizga qanday yashashni o‘rgatishini qabul qilmaydi. Biz kelajagimizni sotayotganimiz yo‘q, biz g‘alaba qozonishimiz kerak, iflos pullar emas, xalq irodasi g‘alaba qozonsin», — deya Sandu Moldovaning g‘alaba qozonishi uchun ovoz berishga chaqirdi.
Har bir sa’y-harakat, har bir ovoz hal qiluvchi bo‘lishi mumkin, dedi Sandu. «Agar siz Moldovaning kelgusi o‘n yilliklardagi kelajagi haqida qayg‘ursangiz, keling, ovoz bering, ikki byulletenni oling va Moldovaga ovoz bering. Mamlakat taqdiri o‘z qo‘limizda», — dedi Sandu.
Mavzuga oid
20:50 / 14.12.2024
Moldova Roman Abramovichni saylovlarga aralashishda aybladi
10:00 / 13.12.2024
Moldova Rossiya gazi tufayli favqulodda holat e’lon qildi
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
00:09 / 13.11.2024