Jahon | 21:45 / 22.10.2024
7918
5 daqiqa o‘qiladi

Bayrutdagi shifoxonaga zarba berildi, Blinken yana Yaqin Sharqda

Bayden ma’muriyati saylovlar arafasida mojaroga barham berish uchun so‘nggi bor urinib ko‘radi.

Foto: Getty Images

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi Bayrut janubida mamlakatning eng yirik shifoxonasiga Isroil tomonidan yo‘llangan aviazarba oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘lib, 50 dan ortiq kishi yaralangani, ularning aksari — bolalar ekanini ma’lum qildi. Livandagi muxbirlar xabar berishicha, shifoxona binosi jiddiy shikastlangan, atrofdagi binolar ham vayron bo‘lgan.

Isroillik harbiylar ularning nishoni «Hizbulloh»ning shu atrofdagi pozitsiyasi bo‘lganini aytishgan, ammo bu hudud guruhning doimiy tayanch hududi emasdi.

Dushanba kuni «Hizbulloh» Isroil hududini raketalar bilan o‘qqa tutishda davom etdi, ularning katta qismi tutib qolingan, qolganlari ochiq joylarga qulagan va hech kimga zarar yetkazmagan.

Seshanba kuni guruh harbiy harakatlar davom etarkan, Isroil bilan muzokara o‘tkazmasligini, Isroil asir olgan jangchilari hayoti va salomatligi uchun javobgarligini bildirdi.

«Hizbulloh Isroil bosh vaziri Netanyahuning uyiga qilingan hujum uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oladi», — dedi Bayrut janubidagi matbuot anjumanida «Hizbulloh» rasmiy vakili Muhammad Afif.

Isroil shanba kuni Netanyahuning uyiga dron uchirilganini xabar qilgandi. Bu vaqtda bosh vazir uyda bo‘lmagan.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni Isroilga kelib qo‘ndi. Bu ushbu amerikalik diplomatning Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush boshlanganidan buyon mintaqaga 11-bor tashrif buyurishidir, Amerika tomoni o‘tgan haftada Hamas yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilganidan keyin Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga harakat qilmoqda.

Aftidan, bu natijasi AQShning mintaqadagi siyosatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan prezidentlik saylovlari oldidan demokratlar ma’muriyatining mojaroni hal qilish jarayonida muvaffaqiyatga erishish uchun so‘nggi urinishi bo‘ladi.

Vashington Hamasning 7 oktyabr kungi hujumi tashkilotchisi hisoblangan Yahyo Sinvar o‘ldirilishi tinchlik o‘rnatish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga umid qilmoqda.

Ammo diplomatlar va boshqa manbalar saylovda kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, Isroil Amerikaning yangi ma’muriyati hokimiyatga kelgunicha o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun harbiy kampaniyasini tezlashtirmoqda.

G‘azoda ham, Livan janubida ham Isroil harbiy amaliyoti yakunlanishidan darak yo‘q.

Davlat kotibi so‘nggi bir yil ichida 11-bor Yaqin Sharqqa kelmoqda

Blinken safari boshida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, mudofaa vaziri Yoav Gallant va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan, shundan keyin u Iordaniya va Qatarda ham bo‘ladi.

Davlat departamentidagi yuqori martabali mulozimlarga ko‘ra, Blinken urushdan keyin G‘azoda nima bo‘lishi, jumladan, xavfsizlik, boshqaruv va qayta qurish masalalarini ko‘tarmoqchi.

Vashingtondagilar anchadan buyon G‘azo Falastin muxtoriyati boshqaruvi ostida G‘arbiy sohil bilan birlashishini ko‘rishni xohlaydi, ayni vaqtda bu muxtoriyat Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilda cheklangan hokimiyatga ega.

Davlat departamentining anonimlik asosida Reuters bilan gaplashgan vakilining aytishicha, Blinken Isroilning Eronning 1 oktyabr kungi raketa hujumiga kutilayotgan javobini ham muhokkama qiladi.

Ittifoqchilar Isroilning javob choralari neft bozorlari faoliyatini izdan chiqarishi mumkinligi va azaliy dushmanlar o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanib ketishidan xavotirlanmoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Kuvaytdagi matbuot anjumanida Tehron urushga intilmasligi va keskinlikni pasaytirish uchun harakat qilayotgani, ammo har qanday mojaroga tayyorligini ta’kidladi.

Blinken bilan parallel ravishda AQSh maxsus vakili Amos Xoxshteyn Livanda bo‘lib turibdi va Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi mojaroga barham berish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Dushanba kuni Xoxshteyn Bayrutda ehtimoliy sulh yuzasidan livanlik mulozimlar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Isroil «Hizbulloh» bilan 2006 yilda ro‘y bergan oxirgi yirik urushdan keyingi kelishilgan shartlardan ko‘ra qattiqroq shartlarni o‘rtaga qo‘ymoqda. O‘shanda mojaro BMTning qurolli guruhlar, jumladan «Hizbulloh» chegara hududlarda harakatlanishini taqiqlovchi rezolyutsiyasi qabul qilinishi bilan to‘xtatilgandi.

Xoxshtaynning so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh» ham, Isroil ham rezolyutsiya talablarini yetarli darajada bajarmagan va ikki tomon ham uni bajarish majburiyatini olishi yetarli bo‘lmaydi. AQSh barqaror sulhni ta’minlash uchun yana nima qilish kerakligini aniqlashga harakat qilmoqda.

Mavzuga oid