O‘zbekiston | 11:02 / 23.10.2024
4543
3 daqiqa o‘qiladi

Asila Mirzayorova nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil bo‘ldi

«Asila Mirzayorova Agentlik Maxsus vakili bo‘ldi. Asila Nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Endi bizning jamoamizda Diyora va Asila kabi chempion qizlarimiz bor» – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

Foto: Paralimpiya qo‘mitasi

22 oktyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligida bo‘lib o‘tgan tadbirda para yengil atletika bo‘yicha paralimpiya chempioni Asila Mirzayorova Agentlikning nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Maxsus vakili sifatida tanishtirildi.

«Agentligimiz oilasiga yana bir paralimpiya chempioni qizimiz kelib qo‘shildi. Biz Asila bilan Parijda birga ishlashni niyat qilgan edik. Bugun shu niyatimiz amalga oshdi: Asila Mirzayorova Agentlik Maxsus vakili bo‘ldi. Agentlik oilasiga xush kelibsiz Asila! Asila juda kuchli va aqlli qiz. Asila Nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Endi bizning jamoamizda Diyora va Asila kabi chempion qizlarimiz bor. Men ishonaman: biz yanada kuchli bo‘ldik va yangi yuksak marralarni birgalikda zabt etamiz!» – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.

Tadbirda so‘zga chiqqan paralimpiyada chempioni bildirilayotgan yuksak ishonch uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, agentlik maxsus vakili bo‘lishga rozi bo‘lganining sababini quyidagicha izohladi:

«Men uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil sifatida ish boshlash katta sharaf va mas’uliyat. Bu vazifa menga nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlarini himoya qilish va teng imkoniyatlar yaratishga o‘z hissamni qo‘shish imkoniyatini beradi. Paralimpiya sportchisi sifatida men jismoniy va ijtimoiy to‘siqlarni qanday yengishni bilaman va har bir inson jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishi kerak, deb ishonaman», - deya ta’kidladi paralimpiyada chempioni.

O‘z o‘rnida Asila Mirzayorova, maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, inklyuziv muhit yaratishda o‘z hissasini qo‘shishidan mamnunligini alohida qayd etdi.

Mavzuga oid