Modi Hindistonning Ukraina bo‘yicha muzokaralarda vositachiligini taklif qildi
«Biz tinchlik va barqarorlikning tezroq tiklanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Qozonda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi yana bir bor uning mamlakati Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyorligini bildirdi. «Biz tinchlik va barqarorlikning tezroq tiklanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi u 22 oktyabr, seshanba kuni Qozondagi BRIKS sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv chog‘ida.
Modi «muammolar tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak»ligini ta’kidladi. Hindiston hukumati rahbarining ta’kidlashicha, Hindiston uchun gumanitar jihat muhim rol o‘ynaganligi sababli, u barcha tomonlar bilan aloqani davom ettiradi va kelajakda urushni tugatish uchun «har qanday yordamni ko‘rsatishga» tayyor. Modi Vladimir Putin bilan keyingi muloqoti chog‘ida Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari mavzusini chuqurlashtirish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.
Kuzatuvchilar ta’kidlashicha, BRIKS sammitining Qozonda o‘tkazilishi Rossiya rahbariyati uchun Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi davom etayotganiga va bu borada G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalarga qaramay, xalqaro siyosiy maydonda yakkalanib qolmaganligining belgisi sifatida muhim ahamiyatga ega.
«Ukrainadagi mojaro boshlanganidan beri Nyu-Dehli diplomatik tor ipdan yurishga harakat qilib, Kiyevga gumanitar yordam ko‘rsatmoqda va shu bilan birga Rossiya hujumini to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralashdan qochyapti», — deya ta’kidlaydi AFP.
Narendra Modi shu yilning iyul oyida Moskvaga, avgust oyida esa Kiyevga tashrif buyurgan edi. Ushbu safarlar davomida u urishayotgan tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi rolini ham taklif qildi.
Mavzuga oid
23:25 / 23.12.2024
Bangladesh Hindistondan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani ekstraditsiya qilishga yordam berishni so‘ramoqda
11:42 / 18.12.2024
O‘zbekiston va Hindiston zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkonini o‘rganmoqda
20:02 / 17.12.2024
Hindiston havoning ifloslanishi bilan bog‘liq cheklovlarni kuchaytirdi
21:54 / 12.12.2024