Jahon | 14:20 / 24.10.2024
19742
8 daqiqa o‘qiladi

Xohish bo‘lsa bas: tashlandiq yerlarni bo‘stonga aylantirganlar

Bugun Yer yuzida yashayotgan insonlar orasida tabiatni sevuvchi va asrovchilar juda ko‘p. Bunday odamlar turli mamlakatlarda yashaydi va umrini yashil hududlarni ko‘paytirish uchun sarflab kelmoqda. Ular bu ishni hech bir manfaatsiz, balandparvoz shiorlarsiz amalga oshirmoqda. Ushbu materialda ana shunday insonlarning bir nechasi bilan tanishtirib o‘tamiz.

Sanoatning keskin rivojlanishi bir tomondan insoniyat hayotini farovon tarafga o‘zgartirgan bo‘lsa, boshqa tomondan atrof-muhit va tabiat bilan bog‘liq juda jiddiy muammolarni keltirib chiqardi.

Jumladan, insoniyat bugun bir tomondan cho‘llanish, boshqa tomondan yashil hududlarning kamayib ketayotganidan aziyat chekmoqda.

Cho‘llanish tufayli chang-to‘zonlar uzoq masofalarga uchib borayotgan bo‘lsa, yashil hududlar kamaygani tufayli boshqa muammolar kelib chiqmoqda.

Shu kunlarda internet olamida Braziliyaning San-Paulu shahrida yashovchi 73 yoshli odam juda katta hududga daraxt ko‘chatlarini ekib, parvarishlab, bog‘ yaratgani haqida xabarlar tarqaldi.

Insoniyat tomonidan yo‘q qilinayotgan yashil hududlarni qaytarishga urinayotganlar birgina shu chol emas. Sanoqli bo‘lsa-da bunday insonlar bor va ular dunyoning turli chekkalarida daraxt ekib, parvarishlashda davom etmoqda. Quyida ularning bir nechasi haqida hikoya qilamiz.

Elio da Silva, Braziliya

San-Paulu shahri Braziliyadagi eng yirik, G‘arbiy yarimshardagi uchinchi yirik shahar hisoblanadi. Bu yerda qariyb 12 mln, shahar atrofi bilan hisoblaganda qariyb 20 mln odam yashaydi.

Shaharning o‘rtasidan kichikroq Tikuatira daryosi oqib o‘tadi. O‘tgan asrning oxirroqlarida bu daryo bo‘yi qarovsiz holda, uysizlarga boshpana vazifasini o‘tardi. Shuningdek, giyohvandlar uya qurgan joy edi.

2003 yil tadbirkor Elio da Silva xotini bilan daryo bo‘yida sayr qilib yurganida hamma yoq chiqindiga to‘lib yotganini ko‘radi.

Elio da Silva o‘zi yaratgan bog‘da
dailymail.co.uk

U daryo bo‘yini obod etishga qaror qiladi va u yerni chiqindilardan tozalab, turli daraxt ko‘chatlarini olib kelib eka boshlaydi.

Oradan 8-10 yil o‘tgach dastlab ekilgan daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zib, daryo bo‘yi istirohat bog‘iga aylanadi. Bundan ilhomlangan Elio daraxt ekishda davom etadi.

U 20 yil davomida 40 mingdan oshiq daraxt ko‘chatlarini ekadi. Elio daraxt ekish va ularni parvarishlash uchun har yili 8-10 ming dollardan xarajat qiladi.

Natijada uzunligi 3,2 km, eni 100 metr bo‘lgan joyda ajoyib bog‘ barpo bo‘ladi. Bugun Elioning bog‘ida 160 xil turli daraxt va butalar o‘sib turibdi.

Elio tashlandiq joyni obod qilishda shahar ma’muriyatidan ruxsat so‘ramagan edi. 2008 yilda shahar ma’muriyati Elioning ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida u bog‘ barpo qilayotgan joyni istirohat bog‘i deb e’lon qiladi.

Elio da Silva Bo‘stonga aylantirgan joy
magspace.ru

Shuningdek, shahar budjetidan mablag‘ ajratilib, istirohat bog‘ida mini futbol maydoni, amfiteatr, hojatxonalar, velosiped yo‘lakchalari quriladi, o‘rindiqlar o‘rnatiladi.

Shu tariqa, San-Paulu shahri markazida aholi bepul hordiq chiqaradigan 30 gektarlik ajoyib bog‘ shakllanadi. Hozirgi paytda Elio asosiy vaqtini bog‘da o‘tkazadi va u daraxt ekishda davom etmoqda.

Sebastyan Salgado, Braziliya

Sebastyan Salgado mashhur fotograf. U xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlagan va dunyoning 120 dan ortiq davlatida bo‘lgan. Salgado asosan flora va faunani tasvirga tushirgan.

Salgado 1982 yilda Uilyam Smit nomidagi, 1984 yilda Parij shahri mukofotini, 1985 yilda World Press Photo, 1987 yilda Villa Medichi, 1994 yilda Fransiyaning Milliy mukofotini qo‘lga kiritadi.

Sebastyan Salgado
eurasia-photo.com

Shuningdek, u 1986 yilda AQShda Yil fotografi deb topiladi. YUNISEFning ezgu niyat elchisi bo‘ladi. Amerika ilm va san’at akademiyasi faxriy a’zosi etib saylanadi.

1998 yilda fotograf Afrikada joylashgan Ruanda davlatidan Braziliyaga, Minas-Jyeyras shtatidagi ranchosiga qaytadi.

Shunda Sebastyan bolaligi o‘tgan qalin o‘rmonzor o‘rni taqir yer bo‘lib yotganini ko‘radi. Daraxtlar mebel va boshqa buyumlar tayyorlash uchun kesib ketilgandi.

54 yoshli rassom xotini Leyla Vanik bilan bolaligida sayr qilgan va o‘ynagan o‘rmonni qayta tiklashga qaror qiladi. U eng avval Yer instituti deb nomlangan tashkilot ochadi.

Ular avvaliga er-xotin, so‘ng jamoa to‘plab ishga kirishishadi va taqir yerda turli daraxt ko‘chatlarini o‘tqaza boshlaydi. Natija uzoq kuttirmaydi, 5-6 yilda ilk ekilgan daraxtlar bo‘y cho‘zib qoladi. Sebastyan va uning xotini esa ishni davom ettiradi.

Sebastyan Salgado va uning xotini bo‘stonga aylantirgan joy
nhm.ac.uk

O‘tgan yigirma besh yildan oshiqroq vaqtda fotograf va uning xotini 2,5 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekadi va 600 gektardan oshiq taqir yerda o‘rmon barpo etadi.

Keyinchalik Salgado o‘zi barpo qilgan o‘rmonni Braziliya xalqiga sovg‘a qiladi. Hukumat esa u yaratgan bog‘ni Milliy park deb e’lon qiladi.

Jadav Payyeng, Hindiston

Hindistondagi Braxmaputra daryosida yil davomida juda ko‘p marta toshqinlar sodir bo‘ladi. Yomg‘irlar mavsumida oqqan suv daryo o‘zanidagi daraxt va butalarni ildizi bilan qo‘porib, oqizib ketadi.

1979 yil daryoda toshqin yuz bergandan so‘ng 16 yoshli Jadav Payyeng sudralib yuruvchi jonzotlardan birining jasadiga duch keladi. Toshqin jonzot yashaydigan daraxtni ildizi bilan qo‘porib ketgan va oqibatda u halok bo‘lgandi.

Bu hodisa Jadavga yomon ta’sir qiladi. U inson yordamida tabiat o‘zini tezroq tiklashini tushunib yetadi. So‘ng daryo qirg‘og‘iga daraxt ekib, ekotizimni qayta tiklashga qaror qiladi.

Jadav Payyeng daryo yoqasidagi qumloqqa ko‘chat ekmoqda
Humanities

1980 yilda Jadavning tashabbusidan xabar topgan ma’muriyat 200 gektarli o‘rmon barpo etish loyihasini e’lon qiladi.

Loyiha besh yil davom etadi va Jadav unda aktiv qatnashadi. U loyiha tugagandan keyin ham daraxt ekishda davom etaveradi. Keyinroq daraxtlar o‘sib o‘rmon shakllangandan so‘ng u o‘sha yerda yashab qoladi.

Ma’muriyat loyihasida 200 gektar yerni o‘rmonga aylantirish belgilangan bo‘lsa, Jadav daraxt ekishda davom etib, qariyb 600 gektar yerni o‘rmonga aylantiradi.

O‘tgan yillar mobaynida Jadav barpo etgan o‘rmonga fil, Bengal yo‘lbarsi, hind karkidoni, kiyiklar, yovvoyi quyonlar va boshqa yovvoyi hayvonlar kelib o‘rnashadi.

Shundan so‘ng o‘rmonga brakonerlar hujum qila boshlaydi. Shunday paytlarda Jadav ko‘p marta brakonerlar haqida mahalliy politsiyaga xabar berib, yovvoyi hayvonlarni asrab qoladi.

Jadav Payyeng o‘zi barpo qilgan o‘rmonda
chuansong.me

Jadav xotini, uch nafar bolasi bilan hozir ham o‘zi barpo etgan o‘rmonda yashab kelmoqda. Uning chorva mollari bor va oilaning tirikchiligi asosan sut sotishdan o‘tadi.

Yovvoyi yirtqichlar bir necha marta Jadavning sigirlarini bo‘g‘izlab ketadi. Shunda u yirtqichlarni emas, odamlarni ayblaydi.

“Agar odamlar yovvoyi hayvonlar yashaydigan joylarda o‘rmonlarni yo‘q qilmaganida ular ozuqa qidirib, odamlar yashaydigan joylarga kelishga majbur bo‘lmasdi”, deydi u.

Jadav Payyeng haqida ikkita hujjatli film suratga olingan. U hozirgi paytda ham daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid