O‘zbekiston | 08:30 / 26.10.2024
15522
3 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj shaxslarga subsidiya berish tartibi tasdiqlandi

Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslar uchun kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulk huquqini davlat reyestriga o‘tkazish bilan bog‘liq yig‘imlar va to‘lovlar qiymati 50 foizga qisqartirilgan.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan "mahalla yettiligi" tavsiyasiga asosan kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarga ipoteka berish tartibi tasdiqlandi.

U "Mahalla yettiligi" tavsiyasiga asosan kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarga beriladi.

Tasdiqlangan nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:

  • xususiy uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun 120 mln so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz punktga yuqori stavkada ipoteka ajratish;
  • ipoteka bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov qismini qoplash uchun ajratiladigan summaning 15 foizini hamda muddatning dastlabki besh yili davomida 12 foizdan oshadigan foiz to‘lovlari qismini qoplash uchun subsidiya to‘lash;
  • ajratiladigan subsidiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish.

Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslar uchun kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulk huquqini davlat reyestriga o‘tkazish bilan bog‘liq yig‘imlar va to‘lovlar qiymati 50 foizga qisqartirilgan.

Subsidiyalar subsidyplatform.mf.uz to‘lov platformasi orqali ajratiladi.

Qarz oluvchilar quyidagi mezonlarga mos bo‘lishi kerak:

  • 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
  • to‘lovlarni qoplash uchun yetarli daromad manbayiga, shu jumladan, shaxsiy tomorqa yoki fermer xo‘jaligidan yoxud o‘zini o‘zi band qilishdan daromadga ega bo‘lishi;
  • qarz oluvchining barcha qarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlari uning tasdiqlangan o‘rtacha oylik daromadining 60 foizidan oshmasligi;
  • mablag‘ ajratish masalasi ko‘rib chiqilayotgan paytda qarz oluvchining tashkilotlardan oldin olgan qarzi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi yo‘qligi;
  • bozor tamoyillariga asoslangan uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida oldin ipoteka bo‘yicha subsidiyalardan foydalanmagan bo‘lishi;
  • rekonstruksiya qilish va ta’mirlanadigan uy yoki xususiy uy quriladigan yer uchastkasi qarz oluvchining o‘ziga yoki u bilan yashovchi yaqin qarindoshlaridan biriga tegishli bo‘lishi va qarz oluvchi kamida 6 oy davomida shu manzilda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi.

Mavzuga oid