Gurjiston prezidenti parlament saylovlari natijasini tan olishdan bosh tortdi
Salome Zurabishvili maxsus matbuot anjumanida muxolifat tarafdorlarini 28 oktyabr, dushanba kuni kechqurun mitingga chiqishga chaqirdi.
Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili maxsus matbuot anjumanida parlament saylovlarining rasmiy natijalarini tan olmasligini ma’lum qildi.
Zurabishvili ushbu saylovlarni tan olish «Rossiyaning kelishi va Gurjistonning bo‘ysunuvini» bildirishini aytdi. «Men mamlakatga buning uchun kelmaganman. Ajdodlarimiz buning uchun yashamagan va biz buni qabul qilmaymiz. Hech kim Gurjistondan Yevropa kelajagini tortib ololmaydi», — deydi u.
Zurabishvili muxolifat tarafdorlarini 28 oktyabr, dushanba kuni kechqurun mitingga chiqishga chaqirdi.
Prezident o‘z bayonotini asosiy muxolif partiyalar bilan o‘tkazgan maslahatlashuvidan keyin e’lon qildi.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, raqiblari rossiyaparast deb ataydigan hukmron «Gurjiston orzusi» 53,9 foiz ovoz to‘plagan. Parlamentga, shuningdek, G‘arb bilan yaqinlashuv tarafdori bo‘lgan to‘rtta muxolif partiya ham o‘tgan. Ularning barchasi ovoz berish natijalarini tan olmasliklarini bildirgan.
«Birlik milliy harakati» va «O‘zgarishlar uchun koalitsiya» saylov uchastkalari yopilganidan bir necha soat o‘tib saylovlar «o‘g‘irlangani»ni ma’lum qilib, hukmron partiyani «konstitutsion to‘ntarish»da aybladi va 27 oktyabrdan muntazam norozilik aksiyalari boshlashini e’lon qildi. «O‘zgarishlar uchun koalitsiya» keng ko‘lamli soxtalashtirish sxemasini fosh qilganini aytmoqda; tafsilotlar keyinroq ochiqlanishi va’da qilingan. Keyinroq «Kuchli Gurjiston» ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. Uchala harakat ham qo‘lga kiritilgan deputatlik mandatlaridan voz kechishini bildirgan.
Mavzuga oid
11:31
Zurabishvili: Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondoni bo‘lib qolaman
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024