O‘zbekiston | 20:05 / 30.10.2024
4442
6 daqiqa o‘qiladi

30 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Vazirlik va hokimliklardagi qisqarish, saylovning tasdiqlangan natijalari, maosh va pensiyalarni oshirishga ajratilayotgan mablag‘lar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Vazirlik va hokimliklarda xodimlari soni qisqartirilmoqda

Prezident farmoni bilan vazirlik va idoralarning rahbar va ishlab chiqarish xodimlari 5,2 foizga qisqartirilmoqda. Hokimliklarning boshqaruv apparati xodimlari soni ham kamaytiriladi.

O‘zbekistonda hozirgi kunda 21 ta vazirlik, 14 ta qo‘mita (13 ta edi), 26 ta agentlik (25 ta) va 9 ta inspeksiya (11 ta), jami 70 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari mavjud.

70 ta davlat organi boshqaruv xodimlarining maksimal soni 53 560 nafar etib belgilandi.

Bungacha xodimlar soni 56 509 nafarni tashkil etgan, ya’ni boshqaruv xodimlarining 2949 shtat birligi yoki 5,2 foizi qisqartirilgan.

Shu bilan birga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari boshqaruv apparatlari xodimlarining maksimal soni 706 nafardan 886 nafarga, shu jumladan, bosh rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha loyiha idoralari xodimlarining soni 46 nafarga oshirilmoqda.

Viloyat markazlari va Nukus shahri hokimliklari, shuningdek, viloyatlarga bo‘ysunuvchi shahar va tuman hokimliklarida ham xodimlar soni qisqartirilgan.

Chiqindidan qarzi borlarga elektr to‘lovi cheklanadimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda 1 noyabrdan chiqindidan qarzi borlar to‘liq elektrdan uzilishi haqida xabarlar tarqaldi

Chunki qonunchilikda 2024 yilning 1 noyabridan boshlab respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovni cheklash belgilangan edi.

Ammo «Toza makon billing» dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan mazkur amaliyotni tatbiq qilish muddati kechiktirildi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabatida bildirilishicha, Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan yangi “Toza makon billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 2024 yil 31 oktyabr soat 23:50 dan 5 noyabr soat 23:50 gacha profilaktik ishlar olib boriladi.

Ushbu vaqt oralig‘ida barcha turdagi to‘lovlarni amalga oshirishda hamda shaxsiy hisobraqamdagi mavjud ma’lumotlarni olish, abonent to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish, qo‘shish va o‘chirishda vaqtinchalik texnik uzilishlar bo‘ladi.

“Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda”, deyiladi xabarda.

Saylov natijalari tasdiqlandi

O‘zbekistonda o‘tgan parlament saylovlaridagi yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalari tasdiqlandi. Shuningdek, deputatlik mandatlari siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlandi.

29 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda 74,72 foiz saylovchi saylovda ishtirok etgani, siyosiy partiyalarning har biri 7 foizdan ko‘p ovoz to‘plagani sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi o‘tgan va haqiqiy deb topildi.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasining 75 ta deputatlik o‘rni siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:

- O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi — 26;

- «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi — 14;

- Xalq demokratik partiyasi — 13;

- «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi — 12;

- Ekologik partiya — 10;

Bundan tashqari, deputatlik mandatlari taqsimlangan siyosiy partiyalar va partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan deputatlarga xabarnomalar yuboradi. Shundan so‘ng, Markaziy saylov komissiyasi ularni Qonunchilik palatasi deputati sifatida ro‘yxatga oladi.

Maosh va pensiyalarni oshirish uchun 6,6 trln

2025 yilda O‘zbekistonda ish haqi va pensiyalarni oshirishga qancha mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “2025 yil uchun O‘zbekiston davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va Budjetnoma ishlab chiqilganini e’lon qildi.

Qonun loyihasida birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun respublika budjetidan 2025 yilda ajratilayotgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari keltirilgan. Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun bu miqdor 6,6 trillion so‘mni so‘mni tashkil etishi belgilanmoqda.

Shuningdek, 2025 yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan.

2025 yil uchun davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Necha yoshda ajrashish ko‘proq?

2024 yilning o‘tgan 9 oyida ajrashganlar eng katta ulushi 35 yoshgacha bo‘lganlarga to‘g‘ri kelgan, ya’ni jami nikohdan ajrashganlarning 64,3 foizini tashkil qilgan

Statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, nikohdan ajrashishlar 2020 yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga ko‘p. 

Nikohdan ajrashganlarning o‘rtacha yoshi — erkaklar uchun 35,2 yoshni, ayollar uchun 32,4 yoshni tashkil etgan.

Nikohdan ajrashishlarning asosiy qismi shaharlarda 21,1 ming yoki 62 foiz, qishloqlarda esa ajralishlar soni 12,9 mingtani yoki 38 foizni tashkil etgan.

Mavzuga oid