O‘zbekiston | 21:05 / 27.12.2024
3030
7 daqiqa o‘qiladi

27 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekistonga keltirilgan g‘azoliklar, aholining yagona elektron reyestri, nodavlat oliygohlarga solinayotgan «o‘lpon»ga e’tirozlar, Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi temiryo‘l loyihasi start oldi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Nodavlat OTMlardan 4 foiz pul o‘tkazish talabiga e’tirozlar

Oliy ta’lim kengashi nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan to‘lov-kontrakt mablag‘ining 4 foizini Respublika oliy ta’lim kengashiga o‘tkazishni taklif qildi. Huquqshunoslar va iqtisodchilar bu taklif qonunchilikka zid ekanini ta’kidlamoqda.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevga ko‘ra, Respublika Oliy ta’lim kengashi soliq yoki majburiy to‘lov joriy qilish vakolatiga ega emas. Nodavlat OTMlar bu to‘lovni amalga oshirishga majbur emas va ushbu bayonnoma hech qanday yuridik kuchga ega emas.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov buni «noqonuniy soliq» deb atadi va bu vaziyat biznes olamiga xavotirli signal berayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov esa nodavlat OTMlar litsenziyani bekor qilish tahdidi sabab shikoyat qilmasligidan xavotir bildirdi.

Noroziliklar ortidan O‘zLiDeP deputati Dilmurod Ortiqov vazirlik va Bosh prokurorga deputatlik so‘rovi yuborib, ushbu bayonnomaning qonuniyligini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi.

Aholining yagona elektron reyestri

2025 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda aholining yagona elektron reyestri ishga tushiriladi. Ushbu reyestr jismoniy shaxslarning shaxsiy ma’lumotlari va fuqarolik holatiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Reyestr O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsiy ma’lumotlari uchun yagona baza vazifasini bajaradi.

U davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Bu fuqarolarga davlat xizmatlari, notarial harakatlar, bank, kommunal va sug‘urta xizmatlaridan tez va oson foydalanish imkonini beradi.

Reyestr Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan yuritiladi.

Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi temiryo‘l

Toshkent — Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikdagi yangi temiryo‘l magistrali qurilishi uchun texnik-iqtisodiy asoslar tayyorlashga start berildi.

2024 yil 24 dekabr kuni «O‘zbekiston temiryo‘llari» rahbariyati Janubiy Koreyaning Saman Corporation loyiha menejeri Jin Kang-A bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda yangi magistral loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish muhokama qilindi.

Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha O‘zbekiston transport tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan. Loyiha natijasida ikki yirik shahar o‘rtasidagi qatnov vaqtini qisqartirish, yo‘lovchiga qulaylik darajasini oshirish va transport xizmatlari sifatini yaxshilash rejalashtirilgan.

Muzokaralar davomida loyihani amalga oshirish uchun ishchi guruh tuzishga qaror qilindi. Loyiha mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston 100 nafar falastinlikni evakuatsiya qildi

O‘zbekiston yaralangan falastinlik bolalar va ayollar, shuningdek, ularning hamrohlarini Rafahdan evakuatsiya qilib, o‘z hududiga joylashtirdi. Bemorlar sog‘likni saqlash markazlari va shifoxonalarda reabilitatsiyadan o‘tadi.

26 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Qohiradagi elchi Mansurbek Qilichev va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda evakuatsiya ishlari amalga oshirildi.

Evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda o‘z yurtlariga qaytishgacha mehmon bo‘ladi. Hukumat ularning barcha ehtiyojlarini, jumladan, oziq-ovqat, turar joy va ta’lim bilan ta’minlashni tashkil qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Falastindagi harbiy harakatlarni to‘xtatish va humanitar yordam uchun xavfsiz yo‘laklar yaratishni yana bir bor muhim deb ta’kidladi.

O‘zbekiston tashqi qarzi 60 mlrd dollardan oshdi

2024 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 60,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Buning 32,5 mlrd dollari davlat qarziga, 27,7 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarzga to‘g‘ri keladi.

Markaziy bankning to‘lov balansi va tashqi qarz bo‘yicha hisobotida qayd etilishicha, joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga qisqarib, 3,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu savdo balansi manfiy saldosi o‘sish sur’atining sekinlashgani va xalqaro pul o‘tkazmalari ko‘payishi hisobiga amalga oshgan.

Eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga o‘sib, 19,1 mlrd dollarga yetgan. Import hajmi esa 31,4 mlrd dollarga ko‘paygan. Savdo balansi manfiy saldosi 12,4 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Xalqaro zaxiralar 41,1 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, oltin narxining o‘sishi zaxiralar qiymatini ko‘targan.

9 yoshli qizni bosib ketgan haydovchilarga hukm o‘qildi

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 9 yoshli qizni piyodalar yo‘lagida bosib ketgan ikki haydovchiga sud hukmi o‘qildi. Ular har biriga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish va shu muddatga transport boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Sud hujjatiga ko‘ra, Nasimjon Amirov va Faxriddin Amanbayev shu yilning 1 iyul kuni BYD rusumli mashinalarda katta tezlikda bir-birini quvib o‘tishga harakat qilgan. Oqibatda Nasimjon Amirov piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 9 yoshli Sh.Sh.ni mashinasi bilan urib yuborgan. Keyin esa Faxriddin Amanbayev yiqilgan qizaloqni bosib o‘tib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Haydovchilar sudda o‘z ayblarini tan olishdi va harakat qoidalarini buzganlariga iqror bo‘lishgan.

Mavzuga oid