Jahon | 13:40 / 30.10.2024
4462
10 daqiqa o‘qiladi

Bayt Lahiyaga raketa hujumi, «Hizbulloh»ning yangi yetakchisi va AQShni ko‘ndira olmayotgan Zelenskiy - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azoda bir zarba bilan yuzga yaqin insonni halok qildi. 29 oktyabr kuni Isroil G‘azo shimolidagi Bayt Lahiya turar joy mavzesiga hujum qilgan.

Avvaliga qurbonlar soni 55 nafar ekani ma’lum qilingan edi, biroq Falastin fuqarolik mudofaasi xizmati kamida 93 nafar tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgani, o‘nlab insonlar yaralanganini ma’lum qildi. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, yaradorlar vayronalar ostida qolmoqda.

Tibbiy xizmatchilarning aytishicha, o‘ldirilganlar orasida bolalar 20 nafarni tashkil etmoqda. Isroil hujum qilgan binoda 200 dan ziyod kishi istiqomat qilib kelgan. O‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan hisoblanmoqda.

Yaradorlarning ko‘pchiligi Jabaliya qochqinlar lageridagi Kamol Advan shifoxonasiga yetkazilgan. Biroq shifoxona personal borasida katta qiyinchiliklarga duchor bo‘lib turibdi. Ularning tibbiy anjomlari tugagan, ikki nafar pediatr mavjud. Birorta jarroh yo‘q.

Chunki bir necha kun avval Isroil askarlari o‘nlab tibbiy xodimlarni olib qochib ketishgan. Shifoxona direktori Hussam Abu Safiyaning aytishicha, isroilliklar jarrohlarning barchasini olib chiqib ketishgan, murakkab operatsiyalarni o‘tkaza oladigan odam qolmagan.

«Hizbulloh»ning yangi rahbari

«Hizbulloh» bosh kotibining o‘rinbosari shayx Naim Qosim seshanba kuni Livanning qurollangan harakatining yangi rahbari etib saylandi. U keyingi 30 yil ichida tashkilotda yuqori lavozimlarda ishlab kelgan.

8 oktyabr kungi murojaatida Naim Qosim «Hizbulloh» va Isroil o‘rtasidagi mojaro «kim birinchi bo‘lib yig‘laydigan» urush ekanini aytib, «Hizbulloh» birinchi yig‘lamasligini ta’kidlagan edi. U Livan parlamenti spikeri Nabih Berrining otashkesim borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llashini ham bildirgan.

Bu murojaat Isroil Hoshim Safiuddinni o‘ldirganidan bir necha kun o‘tib, tashkilot bosh kotibi Hasan Nasrulloh o‘ldirilganidan 11 kun o‘tib efirga uzatilgan edi.

Naim Qosim 1991 yildayoq «Hizbulloh»ning o‘sha vaqtdagi bosh kotibi Abbos al-Musoviy tomonidan o‘rinbosar etib tayinlangan. U keyingi yili Isroil hujumi natijasida o‘ldirilgan. U Hasan Nasrulloh davrida ham lavozimini saqlab qolgan va «Hizbulloh»ning yetakchi so‘zchisi bo‘lib kelgan.

UNRWA'ga qarshi Isroil

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA'ning faoliyatini taqiqlash bo‘yicha Isroil qonuni BMT Nizomiga zid ekani bois katta rezonans va ayblovlar keltirib chiqarmoqda.

Isroil qo‘llayotgan choralar 5,9 mln falastinlik qochqinlar uchun jiddiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. UNRWA ularga ta’lim, tibbiy xizmat, oziq-ovqat ta’minoti kabi hayotiy zarur xizmatlar ko‘rsatib keladi.

Isroil parlamenti shu kunlarda UNRWA'ning Isroil va okkupatsiya qilingan Falastin yerlarida faoliyatini taqiqlovchi ikkita qonunni qabul qildi. Natijada UNRWA xalqaro huquq bilan kafolatlangan imtiyozlar va immunitetdan ayrilishi mumkin. Bu qaror Isroilning xalqaro hamkorlarining bunday qilmaslik to‘g‘risidagi chaqiriqlariga qaramasdan qabul qilingan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilni xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlariga rioya qilishga chaqirdi.

Qabul qilingan qonunlar Isroilni BMT va Bosh Assambleya a’zoligidan mahrum etish masalasini ham ko‘tarmoqda. Knessetda ovoz berishdan avval tashqi ishlar vazirligi vakillari bu qonunlar Isroilning BMTdan chetlatilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishgan.

Hech bir davlat shu paytgacha BMTdan chetlatilmagan. Bunday qaror BMT Xavfsizlik Kengashida ovoz olishi kerak. Isroil bilan bog‘liq holatda AQSh va boshqa ittifoqchilar qarorga veto qo‘yishi aniq.

Biroq, Bosh Assambleyadan chetlatish holati ro‘y bergan. 1974 yilning 12 noyabrida Bosh Assambleyada aperteid siyosati uchun Janubiy Afrika Respublikasi Bosh Assambleyadan chetlatilishi to‘g‘risida ovoz berilgan. Ovoz berish jarayoni AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa g‘arb hukumatlarining qarshiligiga qaramasdan o‘tkazilgan. Biroq bu ham JARning BMT a’zoligidan mahrum etilishiga olib kelmagan.

Netanyahuni hibsga olish cho‘zilmoqda

Xalqaro jinoyat sudi shu sudning prokuraturasi tomonidan 20 mayda Isroil yetakchilarini hibsga olish bo‘yicha topshirilgan so‘rovni ko‘rib chiqishni yana besh oyga qoldirgani bois ikkiyuzlamachilikda ayblanib, tanqid qilinmoqda. Chunki Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish bo‘yicha order bor-yo‘g‘i 24 kun ichida ma’qullangan edi.

Shu yilning 20 may kuni Xalqaro jinoyat sudining prokuraturasi tomonidan berilgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olish bo‘yicha so‘roq Isroil va uning ittifoqchilari tomonidan tizimli to‘siqlarga duchor bo‘lmoqda.

XJS Ukraina bilan bog‘liq ishlarga tezkor munosabatda bo‘lgan, biroq G‘azo ishi bo‘yicha surishtiruvlar boshlangach, birorta hibs uchun order chiqarmagan, bu haddan ziyod kechiktirishlar va ikki tomonlama standartlardan darak beradi.

Xalqaro jinoyat sudi isroillik mansabdorlarni hibsga olish uchun order berilsa AQSh tomonidan sanksiyalarga duchor bo‘lishi tahdidiga bot-bot duchor bo‘lmoqda.

Iyun oyida Niderlandiya tashqi ishlar vazirligi Isroilning mamlakatdagi elchisini Xalqaro jinoyat sudi ortidan josuslik qilayotgani uchun chaqirib olgan edi. Keyinroq, oktyabr oyida Niderlandiya prokuraturasi Isroil razvedkasining yuqori martabali mulozimlari ustidan surishtiruvga aralashganlik uchun jinoyat ishi ochish masalasini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.

AQShning Ukrainaga yordami

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining «g‘alaba rejasi» doirasida AQShdan 2500 km masofaga ucha oladigan Tomahawk qanotli raketalarni yetkazib berishni iltimos qilgan. Bu qurollar «noyadroviy tiyuvchi paket» deya shartli atalgan punkt doirasida talab qilingan, deb yozadi The New York Times.

Tomahawk raketalari 2500 km masofaga ucha oladi, bu esa Ukrainada mavjud ATACMS raketalarining masofasidan yetti barobar ko‘p hamda Moskva va Sankt Peterburg kabi shaharlarni nishonga olish imkonini beradi.

Amerika mulozimlari Zelenskiyning taklifiga ishonqiramay munosabatda bo‘lishgan va uning norealligiga ishora qilishgan. Ularning qayd etishicha, Ukraina so‘nggi oylarda ko‘p muhokama qilingan uzoq masofadagi obektlarni nishonga olish zaruriyatini ishonarli tarzda dalillay olmaygan. Bundan tashqari, ular Rossiya hududida yo‘q qilinishi ko‘zda tutilgan nishonlar soni yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan raketalar sonidan ancha ko‘pligini aytishmoqda.

Zelenskiy sentabr oyida Vashingtonga tashrifi chog‘ida AQSh prezidenti Jo bayden Ukrainaga g‘arb raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba berishga ruxsat bermaganidan umidsizlikka tushgan. Zelenskiy bu masalada AQShning pozitsiyasi Patriot raketalari va F-16 samolyotlari kabi sekin-asta o‘zgarishidan umid qilgan.

«Barcha detallar, nishonlar ro‘yxati, zarba berish uchun asoslarni AQShga taqdim etganmiz. Afsuski, hozircha siyosiy qaror yo‘q», — degan nashrga Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Dmitro Litvin.

Economist nashrining yozishicha, AQSh o‘z zimmasiga jiddiy tahdidlarni olmasdan, Ukrainaga ortiq harbiy yordam bera olmaydi.

Turkiya Respublikasining 101 yilligi

Turkiya kecha Respublikaga asos solinganligining 101 yilligini nishonladi. Bu tarixiy sanaga bag‘ishlangan umummilliy bayram mamlakat bo‘ylab katta tantana bilan nishonlandi.

Tadbirlar mamlakat poytaxti Anqara shahrida boshlandi. Bu yerda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukumatning va armiyaning asosiy shaxslari bilan birga Anitkabir maqbarasida respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturkka hurmat bajo keltirishdi.

Erdo‘g‘an Turkiya Otaturkning modernizatsiya va rivojlanish bo‘yicha konsepsiyasini davom ettirishga sodiq va qat’iyatli ekanini ta’kidladi.

Bu yil Respublika kuniga atalgan tadbirlarda millatning tarixiy yo‘liga hurmat ko‘rsatildi, shuningdek, Turkiyaning ayniqsa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi zamonaviy yutuqlari va intilishlariga ham urg‘u berildi.

Erdo‘g‘an o‘z chiqishida respublikaning bo‘linmas prinsiplarini madh etish bilan birga, Turkiyaning jahon maydonida kuchli va bardoshli millat bo‘lib qolishini ta’kidladi. 

Mavzuga oid