«Boshqa davlatlar ham Pxenyan kabi o‘z qo‘shinlarini Rossiyaga yuborishi mumkin» - ekspert
Razvedka va xavfsizlikni o‘rganish markazi xodimi Verena Jyekson KXDR askarlarining Ukrainaga qarshi urushga jalb etilishini «zamonaviy huquq va hozirgi siyosiy vaziyat uchun burilish nuqta» deb atadi.
Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, KXDRning bir necha ming askari Kursk oblasti tomon bormoqda, ularning bir qismi hozirda manzilda. AQSh Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Rossiyada jami 10 ming nafarga yaqin Shimoliy Koreya askarlari mavjud.
London Qirolli kollejining mudofaa tadqiqotlari bo‘yicha eksperti Marina Mironning qayd etishicha, KXDR harbiylarining RFga yuborilishi — «huquqiy pretsedent» va endi boshqa davlatlar ham Pxenyan kabi Moskva bilan mudofaa hamkorligi to‘g‘risida bitim imzolab, o‘z qo‘shinlarini ushbu mamlakatga yuborishi mumkin.
Myunxendagi Bunderver universiteti huzuridagi Razvedka va xavfsizlikni o‘rganish markazi (CISS) xodimi Verena Jyekson mazkur holatni «zamonaviy huquq va hozirgi siyosiy vaziyat uchun burilish nuqta» deb atadi.
«Agar Shimoliy Koreya askarlari Ukrainada Rossiya bilan birga bevostida jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan bo‘lsa, bu aynan qanday sodir bo‘layotganini aniqlash zarur. Ular shunday yoki Rossiya bayrog‘i ostida, ruslar formasida urushga jalb etilganmi? Unda o‘ziga xos savol yuzaga keladi: bu holatda Shimoliy Koreya urushayotgan tomon, ya’ni qonuniy nishonmi? KXDR askarlarining harakati kimning hisobiga yoziladi?» — deydi Jyekson. Uning ta’kidlashicha, agar Shimoliy Koreya urushayotgan tomon bo‘lsa, eskalatsiya potensiali ulkan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Shimoliy Koreyaning urushdagi ishtiroki «xalqaro huquqni, jumladan, BMT Nizomining eng fundamental tamoyillarini jiddiy buzish bo‘lishi»ni ta’kidlagandi. Bundan tashqari, YeI Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning chuqurlashishini, xususan, «BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘plab rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzayotgan» qurol-yarog‘ yetkazib berilishini keskin qoralagan.
Mavzuga oid
19:14 / 27.12.2024
Ukraina Kursk oblastida ilk marta KXDR askarini asirga oldi - OAV
16:21 / 25.12.2024
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
12:20 / 24.12.2024
NYT: KXDR qo‘shinlarini Rossiyaga yuborish g‘oyasi Pxenyandan chiqqan
19:15 / 23.12.2024