Jahon | 14:01 / 31.10.2024
12945
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu Kamala va Bayden sharafiga». Tramp chiqindi tashuvchi mashinaga minib oldi

AQSh prezidentligiga nomzod «chiqindi mojarosi»ga shu taxlit munosabat bildirdi.

Foto: Associated Press

AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp 30 oktyabr kuni Viskonsin shtati Grin-Bey shahriga tashrifi chog‘ida jurnalistlar bilan gaplashish uchun chiqindi tashuvchi mashina kabinasiga chiqib oldi.

Forbes tarqatgan videoda Tramp oq ko‘ylak ustidan sariq yo‘l-yo‘lli to‘q sariq rangdagi jilet kiygan holda ko‘rinish bergan. Eshikni ochishda biroz qiynalgan Tramp yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirgan, shu yerdan turib bir necha daqiqa davomida jurnalistlar bilan gaplashgan. Yuk mashina kuzoviga Trampning saylovoldi kampaniyasi nakleykasi yopishtirilgan, eshiklarga AQSh hamda Tramp bayroqlari o‘rnatilgan.

«Mening chiqindi tashish mashinam qalay? Bu Kamala [Harris] va Jo Bayden sharafiga», — degan Tramp jurnalistlarga.

The Hill nashri qayd etishicha, respublikachilar nomzodi AQSh prezidenti Jo Baydenning oxirgi gaplariga e’tibor qaratish uchun chiqindi tashish mashinasiga chiqib olgan. So‘nggi kunlarda Trampni 27 oktyabr kuni respublikachilarning Nyu-York shahridagi Medison-skver-gardenda o‘tkazilgan mitingi chog‘ida qiziqchi Toni Hinchkliff tomonidan aytilgan hazil uchun tanqid qilishmoqda. Komik o‘z chiqishi vaqtida Puerto Rikoni «suzib yuruvchi chiqindi oroli» deb atagandi. Jo Baydenning 29 oktyabr kuni uning so‘zlariga javobi quyidagicha yangradi: «Men u yerda ko‘rgan yagona chiqindi — bu uning tarafdorlari». Bunga munosabat bildirarkan, Tramp «Bayden bundan uyalishi kerakligi»ni aytdi.

Oq uy prezidentning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingani, chunki u Trampning tarafdorlarini emas, Nyu-Yorkdagi mitingda yangragan ritorikani «chiqindi» deb ataganini bildirdi. Bayden ham Puerto-Rikoga nisbatan nafratomuz ritorikani nazarda tutganini aytdi va «lotinamerikaliklarni demonizatsiya qilish vijdonsizlik» ekanini qayd etdi.

Donald Tramp Grin-Beyda jurnalistlar bilan muloqotda qiziqchi Toni Hinchkliffning so‘zlaridan masofa saqlashga harakat qildi. «Men bu komik haqida hech narsa bilmayman. Men uni tanimayman. Uni hech qachon ko‘rmaganman. U nima degani haqida eshitdim, ammo bu uning so‘zlari. U komik, men aytishim mumkin bo‘lgan gap shu. Men u haqida hech narsa bilmayman», — degan Tramp. Respublikachi nomzod chiqindi tashish mashinasidan turib shunday degan: «Men Puerto Rikoni sevaman, Puerto-Riko esa meni».

Jurnalistlar bilan suhbat yakunida Tramp shunday degan: «Umid qilamanki, sizga chiqindi tashish mashinasi yoqdi. Katta rahmat». Ma’lum vaqt o‘tib u kiyimini almashtirmagan holda saylovoldi mitingida paydo bo‘lgan.

Oktyabr oyi boshida Donald Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi doirasida jurnalistlar bilan Pensilvaniyadagi McDonaldʼs restoranlaridan biridagi fotosessiya vaqtida gaplashgandi. Shundan keyin McDonaldʼs kompaniyasi xodimlariga AQSh prezidentligiga nomzodlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligi to‘g‘risida xat yuborgan.

Mavzuga oid