O‘zbekiston | 21:09 / 01.11.2024
7643
5 daqiqa o‘qiladi

1 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Prezidentning Navoiy viloyatiga tashrifi, Navoiydagi ilk universitet, qimmatroq sotiladigan yangi Cobalt va Toshkentda oshirilgan issiqlik energiyasi tarifi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezidentning Navoiy viloyatiga tashrifi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi davomida 12 ta yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, loyihalarga AQSh, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Bu tashabbuslar kimyo, energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, tibbiyot, qurilish industriyasi, tekstil va to‘qimachilik kabi tarmoqlarni qamrab olgan.

Shuningdek, davlat rahbari «Yangi Navoiy» shaharchasi qurilish maydonida bo‘lib, keksalar va ziyolilar bilan suhbatlashdi.

«Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday bo‘ladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashayapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun qurayapmiz? Yoshlarimiz o‘sib kelayapti. Ular o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz», dedi prezident.

Prezident 2025 yilni Navoiyda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida Prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi.

Navoiy davlat universiteti tashkil etildi

Prezident qarori bilan Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti tashkil qilindi.

Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishlarini universitetda davom ettiradi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.

Universitetda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab hududiy rivojlanish dasturlariga muvofiq ehtiyoj yuqori bo‘lgan aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, logistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi Cobalt qimmatroq bo‘ladi

Asaka avtomobil zavodida Chevrolet Cobalt Midnight avtomobili ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. UzAuto Motors yangi Cobalt xususiyatlari va narxi haqida ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, yangi modifikatsiya Cobalt modelining hozirgi mavjud modifikatsiyalari bilan birgalikda ishlab chiqariladi.

Birinchi bosqichda yangi modifikatsiya tashqi ko‘rinishini yaxshilovchi detallari bilan ajralib turadi, ularga qoramtir tusdagi yoritish tizimi va g‘ildirak disklar kiradi. Keyingi bosqichlarda esa interiyer qismi bo‘yicha qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritiladi.

Cobalt avtomobilining yangi modifikatsiyasi hozirgi mavjud modifikatsiyadan 7,3 million so‘mga farq qiladi. Shu bilan birga, mavjud modifikatsiyaning ishlab chiqarilishi va sotuvi davom etadi, uning narxi — 147,9 mln so‘m o‘zgarishsiz qoladi.

Xabarda sotuvlar qachon boshlanishi haqida ma’lumot berilmagan.

Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi oshirildi

Garchi hali turarjoylarga issiqlik berilmagan bo‘lsa-da, 31 oktyabrdan boshlab Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik tizimi xizmatlari uchun narxlar 15 foizga oshdi. Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov bu boradagi qarorni imzolagan.

Bu markazlashgan issiqlik ta’minoti uchun tariflarning yil mobaynida ikkinchi bor oshirilishidir. Endilikda aholi 1 Gkal uchun 121 617 so‘m, boshqa ulgurji tashkilotlar esa 244 497 so‘m to‘laydi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining shu yil 12 sentabrdagi qarori inobatga olingan holda «Veolia Energy Tashkent» MChJ xorijiy korxonasi tomonidan ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi narxlar tasdiqlandi.

Ta’kidlanishicha, ushbu narxlar tannarxdan pasaytirilgan bo‘lib, yuzaga keladigan zararlar va investitsion xarajatlarga asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq, Toshkent shahar mahalliy budjeti hisobidan har oyda subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi.

Bunda subsidiya mablag‘lari «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK va Toshkent shahar Davlat-xususiy sheriklik bo‘limi tomonidan taqdim qilinadigan hisob-kitoblarga ko‘ra o‘zgarmas, o‘zgaruvchan xarajatlar hamda investitsion xarajatlarga bo‘lingan holda moliyalashtirib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxt issiqlik ta’minoti uchun narxlar 2024 yilning 2 aprelida ham 15 foizga oshirilgandi.

Mavzuga oid