Livanda otashkesim kelishuvi, Isroilning yo‘qotishlari va Zelenskiy KXDR askarlari haqida - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoda Isroil okkupatsion armiyasining hujumlari natijasida yana tinch aholi vakillari halok bo‘lmoqda. G‘azo sektoridagi uchta uyga hujum qilinishi natijasida 20 ga yaqin inson, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. 40 dan ortiq inson jarohatlangan.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi “Anadolu” agentligi muxbiriga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azoning markaziy qismidagi Nusayrat qochqinlar lageridagi ikkita uyga ham hujum uyushtirgan. Hujum natijasida 16 nafar falastinlik qurbon bo‘lgan. Ular orasida yosh bolalar ham bor. 30 dan ortiq inson jarohatlangan.
Nusayrat qochqinlar lageridagi Al-Avda shifoxonasi ma’muriyatining bayonotida xabar qilinishicha, lagerning shimolidagi ayrim uylarga qilingan hujum natijasida halok bo‘lganlarning jasadlari va yaralanganlar shifoxonaga keltirilgan.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi ma’lumotlariga ko‘ra, qamal qilingan eksklavda urushning 391-kuniga kelib halok bo‘lganlar soni 43 ming 204 kishiga, yaradorlar 101 ming 641 kishiga yetgan. So‘nggi sutka ichida Isroil armiyasi G‘azoda 6 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazgan. 41 kishi halok bo‘lgan, 131 kishi yaralangan.
Livandagi vaziyat
Livanning janubida joylashgan Baalbek shahriga berilgan Isroil aviazarbalari natijasida 7 kishi halok bo‘lgani, 14 kishi yaralangani xabar qilinmoqda.
Livanning rasmiy NNA axborot agentligining xabar berishicha, Isroil harbiy samolyotlari Baalbek hamda unga yaqin va asosan turkmanlar istiqomat qiladigan Makne va Duris shaharchalariga 5 marta aviazarbalar bergan.
Isroil ikki kun ichida Baalbek va uning yon-atrofidagi katta hududda evakuatsiyani amalga oshirish haqida ogohlantirish e’lon qilgan, biroq Maknega evakuatsiya to‘g‘risida ogohlantirmasdan hujum uyushtirgan. Bu hujum natijasida 6 kishi halok bo‘lgan va 6 kishi yaralangan.
Baalbekda esa 1 nafar ayol o‘ldirilgan va 5 kishi yaralangan. Durisda qurbonlar yo‘q, biroq uch kishi yaralangan.
Livanga agressiya boshlanganidan buyon halok bo‘lgan livanliklar soni 2822 nafarga yetdi. 12 ming 937 kishi yaralangan. So‘nggi sutka ichida Isroil hujumlari natijasida 30 kishi qurbon bo‘ldi va 165 kishi yaralandi.
Livanda otashkesim muzokaralari
Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi muzokaralarda so‘nggi 24 soat ichida muhim siljishlar yuz bergan. Bu haqda Axios portali amerikalik mulozimlarga tayanib xabar bermoqda.
O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida bir yildan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarga yakun yasar va Yaqin Sharqdagi mintaqaviy urushning so‘nishiga xizmat qilardi.
Mulozimlardan birining aytishicha, AQSh prezidentining maslahatchisi Amos Hohsheytnning Bayrutga o‘tgan haftadagi tashrifi kelishuvga erishish sari katta qadam bo‘lgan.
«Biz hamon muzokara jarayonidamiz, biroq so‘nggi 24 soat ichida tinchlik sari katta qadam tashlandi», — degan mulozim.
Avvalroq Livan bosh vaziri Najib Miyqotiy Livan hukumati Isroil agressiyasini to‘xtatish va tinch aholini himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini ta’kidlagan edi.
Bu orada Livan hududining 1/3 qismi Isroilning evakuatsiya to‘g‘risidagi buyrug‘i ostida ekani ma’lum bo‘ldi.
Isroil Livanning shimoliy sharqiy qismidagi Baalbek, Ayn-Burdey va Duris aholi punktlaridan 400 ming livanlikni majburiy ko‘chirishga buyruq bergan va bu hududlarni xaritada qizil rang bilan belgilagan.
Bu Isroil bu qadar katta hududga tahdid solayotgan ilk holat. Aholini evakuatsiya qilish uchun uchta yo‘l belgilab berilgan.
Isroilning yo‘qotishlari
Isroilning harbiy yo‘qotishlari ham ortib bormoqda. Mamlakatdagi muxolifat rasmiy ma’lumotlarga ishonmayapti.
So‘nggi hafta ichida Isroil armiyasi G‘azo va Livanda o‘zining 154 nafar askaridan ayrilgan. Ularning 15 nafari o‘lgan, 139 nafari janglarda yarador bo‘lgan.
Isroil 2024 yilda eng qonli yo‘qotishlarga boy oyni boshdan kechirdi. Oktyabr oyi boshidan buyon TSAHALning kamida 62 askari o‘ldirilgan, yana 910 nafari yaralangan. Bu o‘tgan oyni 2023 yilning dekabridan buyon eng qonli oyga aylantiradi: o‘shanda HAMASga qarshi janglarda TSAHALning 110 nafar askari o‘ldirilgan edi.
Oktyabrda o‘lgan 62 askardan 35 nafari Livan janubida halok bo‘lgan. «Hizbulloh» esa so‘nggi oyda dushmanning kamida 90 nafar askari yo‘q qilinganini ta’kidlaydi.
Shunday qilib, halok bo‘lgan Isroil askarlarining e’lon qilishga iz berilgan soni 777 kishiga yetgan, yaradorlar soni esa 5221 kishini tashkil etmoqda.
Isroil harbiy idorasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning oktyabridan buyon urushda ishtirok etgan 12 mingdan ortiq askar davolanish kursini o‘tamoqda.
Isroil armiyasi harbiy senzura tufayli yuqori martabali harbiylar o‘rtasidagi yo‘qotishlarni yashirib kelayotgani gumon qilinadi. Avvalroq muxolifat yetakchisi Yair Lapid 12-kanalga bergan intervyusida 890 kishi o‘lgani, 11 mingdan ziyod askar yaralanganini so‘zlagan edi.
Zelenskiy KXDR askarlari haqida
«Rossiya Federatsiyasi razvedka darajasida g‘arb davlatlariga Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urushga jalb qilinganini ma’lum qilib bo‘ldi», — degan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
Rossiya Shimoliy Koreyaning 8 ming askarini Kursk oblastiga chegarasiga keltirganini AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham tasdiqlagan.
«Biz hozircha bu qo‘shinlar Ukraina qurolli kuchlariga qarshi urushda ishtirok etayotganiga bevosita guvoh bo‘lganimiz yo‘q, lekin kutilmamizga ko‘ra, bu yaqin kunlar ichida ro‘y beradi», — degan Blinken.
«Shubhasiz, bu insonlar halok bo‘lishadi», — degan Zelenskiy jangga tashlanayotgan shimoliy koreyalik askarlar haqida.
Shuningdek, Zelenskiy yaqin kunlar ichida Janubiy Koreyaga Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha «katta talabnoma» jo‘natishini ham aytib o‘tdi.
Volodimir Zelenskiy KXDR rahbari Kim Chen Inni hibsga olish orderi bo‘yicha Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilishi mumkinligini ta’kidladi.
«KXDR armiyasi Ukraina fuqarolariga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etganidan keyin qaror qabul qilamiz. Ammo agar Janubiy Koreya bizning yo‘limizni qo‘llab-quvvatlasa, menimcha, ittifoqchilarimiz bilan birgalikda tegishli choralarni ko‘rishga tayyormiz», — dedi Zelenskiy.
Trampning AQSh saylovlarida g‘alaba qozonishi ehtimoli yuzasidan fikr bildirar ekan, Zelenskiy shunday dedi:
«Agar Tramp g‘alaba qozonsa va urushni to‘xtatish uchun Ukrainani o‘z hududlaridan voz kechishga majburlasa, uning bu talabi ish bermaydi», — degan Zelenskiy.
Xitoyda demografik inqiroz
Xitoyda tug‘ilish ko‘rsatkichi rekord darajada pasaygan. Yillar davomida tug‘ilishni qattiq nazorat qilib kelgan Xitoy hukumati endi ayollarni farzand ko‘rishga unday boshladi.
Maxsus operatorlar xitoylik ayollarga qo‘ng‘iroq qilib: «Homiladormisiz?» deb so‘rashadi. Agar ayol «yo‘q» deb javob bersa, undan «bu haqda o‘ylab ko‘rishni» iltimos qiladi.
Ketma-ket ikki yil davomida Xitoy aholisining soni kamayib bormoqda. 2023 yilda tug‘ilish darajasi eng past ko‘rsatkichga yetdi.
Avvalroq Xitoy xorijliklarga mamlakatdagi bolalarni farzandlikka berish dasturini to‘xtatgan edi.
1990 yillar boshidan beri Xitoy o‘n minglab bolalarni xorijga farzandlikka bergan, ularning qariyb yarmi AQShga yuborilgan. Bu voqealar «bir bola» siyosati sharoitida yuz berdi. 1979 yildan 2015 yilgacha amal qilgan ushbu siyosat tufayli ko‘plab xitoylik oilalar o‘z farzandlaridan, ayniqsa qizlardan va nogironligi bo‘lgan chaqaloqlardan voz kechishga majbur bo‘lgan.
Endi esa Xitoyning bu siyosati aslida noto‘g‘ri bo‘lgani yuzaga chiqmoqda. Mamlakat aholisi shiddat bilan qarib bormoqda. Tug‘ilishlar esa dunyodan o‘tayotgan qariyalarning o‘rnini qoplay olmayapti: aholi qisqarmoqda.
Mavzuga oid
13:55
G‘azodagi sovuq qurbonlari, Suvaysh kanaliga raqobatchi qurayotgan Isroil va Trampning ommaviy deportatsiya rejasi - kun dayjesti
14:01 / 27.12.2024
G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, Ozarboyjon samolyoti halokati sababi va Yamanga hujum uyushtirgan Isroil - kun dayjesti
13:10 / 26.12.2024
Ozarboyjon samolyotining halokati, G‘azodagi energetik inqiroz va Suriyadan Liviyaga ko‘chayotgan Rossiya bazalari - kun dayjesti
13:45 / 25.12.2024