O‘zbekiston | 16:59 / 02.11.2024
10455
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda o‘quvchilarni kaltaklagan maktab direktori ishdan olindi

Holatni o‘rgangan ishchi guruh maktab direktori o‘quvchilarga nisbatan pedagogik etika qoidalari doirasida munosabatda bo‘lmagan deb topdi. Direktor sinfda pirotexnika vositalaridan foydalangan o‘quvchilarning boshiga urgan. 

Foto: Videodan kadr

O‘quvchilarni kaltaklagan Oltinko‘l tumanidagi 38-umumta’lim maktabi direktori lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur maktab 1954 yilda qurilgan va 2006 yilda joriy ta’mirdan chiqarilgan. Bugungi kunda 370 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim muassasasida 475 nafar o‘quvchi 39 nafar pedagogdan ta’lim-tarbiya olib kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan holat 30 oktyabr kuni soat 14:30lar atrofida maktab sinfxonasida sodir bo‘lgan. Maktab direktori M.M. sinfda pirotexnika vositalaridan foydalangan bir guruh o‘quvchilarni tartibga chaqirish jarayonida ularning ayrimlarini kaltaklagan. 

“Mazkur holatda maktab direktori M.M. o‘quvchilarga nisbatan pedagogik etika qoidalari doirasida munosabatda bo‘lmagani sababli egallab turgan lavozimidan ozod etilib, hozirda hujjatlar rasmiylashtirmoqda”, deyiladi boshqarma munosabatida. 

Eslatib o‘tamiz, Bolalar ombudsmani holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid