Jahon | 18:15 / 02.11.2024
6967
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov Ukraina jangchilarini tiriklayin asirga olmaslik haqidagi buyrug‘ini bekor qildi

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina aholisi bu haqda iltimos qilgan».

Foto: Aleksandr Miridonov / Kommersant’

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov «Axmat» maxsus bo‘linmasi askarlariga ukrainalik jangchilarni tiriklayin asirga olmaslik haqidagi buyrug‘ini bekor qilganini aytdi. Bu haqda u 2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.

Qodirov so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida «Ukraina aholisidan o‘zining nomiga ikki mingdan ortiq xat kelib tushgan, ularda Ukraina Qurolli kuchlari jangchilarini tiriklayin asirga olmaslik haqida bergan buyrug‘ini bekor qilish so‘ralgan».

Checheniston rahbarining ta’kidlashicha, xatlar Checheniston ma’muriyatining murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘limiga kelib tushgan. Qodirov o‘z so‘zlarini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmadi.

Checheniston rahbari 29 oktyabr kuni frontdagi barcha qo‘mondonlarga Ukraina Qurolli kuchlari askarlarini «tiriklayin asirga olmaslik»ni buyurganini e’lon qildi. Gudermes shahrida Putin nomidagi maxsus kuchlar universitetiga dron hujumi uyushtirilganidan so‘ng, Qodirov shunday buyruq bergan edi. Checheniston rahbari dron hujumida ukrainalik harbiy asirlar halok bo‘lganini da’vo qildi. Ammo dastlab qurbonlar yo‘qligini aytgan edi.

Mavzuga oid