Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
Parlament quyi palatasining yangi chaqirig‘i uchun deputatlar to‘liq tasdiqlandi, kunlar soviy boshlagach yana is gazi qurbonlari haqidagi shum xabarlar ko‘paydi, joriy yil hisobidan poytaxtda ikkinchi bor issiqlik ta’minoti tariflari oshirildi, yo‘l harakati qoidalarini buzganlar uchun yangi jarimalar joriy etildi — ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari Kun.uz dayjestida.
Chiqindidan qarzi borlarga elektr to‘lovi cheklanadimi?
Shubhasiz, haftaning eng bahslarga boy mavzusi chiqindidan qarzi borlar elektrdan uzilishi haqida bo‘ldi. Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 2024 yilning 1 noyabridan boshlab respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlaridan 3 oylik qarzdorligi uchun elektr energiyasiga to‘lov cheklanishi belgilangandi.
Kun.uz muhokama markazidagi savollarni jamlab, Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligidan tushuntirish oldi. Uning aytishicha, bu tizim 2023 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan qarzdorlikka tatbiq etilmaydi, faqat 2024 yil 1 yanvardan boshlab shakllangan qarzdorliklar inobatga olinadi.
«Chiqindidan qarzdorlarga “Hududiyelektrtarmoqlari”ning qisqa raqamlari, ya’ni 2100 orqali oktabr oyida qarzdor abonentlarga SMS xabarlar yuborildi. Endilikda mazkur qarzdorlarga “Hududiyelektrtarmoqlari”ning billing tizimi orqali barcha elektron to‘lovlar va banklar orqali elektr energiyasiga to‘lov qilishga cheklov o‘rnatiladi. Chiqindiga qarzdorlik yopilganidan so‘ng, [elektr energiyasiga] to‘lovni amalga oshirish imkoniyati bo‘ladi», – deydi u.
Mas’ullar tizimdagi kamchiliklarni tan olishmoqda va tegishli qonun hujjatlarini o‘zgartirmay turib, bu tizim amaliyotga to‘liq joriy etilmasligi mumkinligini aytishgan.
Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi oshirildi
Chiqindi va elektr energiyasi uchun to‘lovlardagi bog‘lanishni hazm qilib ulgurmagan poytaxtliklar, issiqlik ta’minoti uchun narx oshgani haqidagi xabarni qarshilashdi.
Garchi hali turar joylarga issiqlik berilmagan bo‘lsa-da, 31 oktyabrdan boshlab Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik tizimi xizmatlari uchun narxlar 15 foizga oshdi. Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov bu boradagi qarorni imzolagan.
Bu markazlashgan issiqlik ta’minoti uchun tariflarning yil mobaynida ikkinchi bor oshirilishidir. Endilikda aholi 1 Gkal (gigakaloriya) uchun 121 617 so‘m, boshqa ulgurji tashkilotlar esa 244 497 so‘m to‘laydi.
Ta’kidlanishicha, ushbu narxlar asl tannarxdan pasaytirilgan bo‘lib, yuzaga keladigan zararlar va investitsion xarajatlarga asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq, Toshkent shahar mahalliy budjeti hisobidan har oyda subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi.
Bunda subsidiya mablag‘lari «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK va Toshkent shahar Davlat-xususiy sheriklik bo‘limi tomonidan taqdim qilinadigan hisob-kitoblarga ko‘ra o‘zgarmas, o‘zgaruvchan xarajatlar hamda investitsion xarajatlarga bo‘lingan holda moliyalashtirib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt issiqlik ta’minoti uchun narxlar 2024 yilning 2 aprelida ham 15 foizga oshirilgandi.
Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lov qaytadi
Maktab darsliklari uchun ijara to‘lovlari yana qayta tiklanishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, «darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda».
Vazirlik 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Budjetnoma loyihasida maktab darsliklari uchun ijara pullarini qayta tiklashni taklif etgan.
Unga ko‘ra, 2025/26 o‘quv yilidan 2–11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
2024 yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni, (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘mni) tashkil etgan. Hujjatda bir to‘plam uchun 80 ming so‘m (tannarxning 16-18 foizi) miqdorida to‘lovni qayta tiklash taklif etilgan.
Maktab ta’limi tizimida 2022 yildan beri darsliklar uchun ijara puli olinmayapti.
Yo‘l harakati qoidalarida o‘zgarishlar
Endi skuterlar, velosipedlar hamda samokatda sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun ham jarima yoziladi. Jumladan, skuter va samokatlarni mast holda boshqarish uchun yirik jarima belgilandi.
Xususan, endilikda skuterlar, mopedlar va velosipedlar, individual harakatlanish vositalari, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxslarning hamda yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi BHMning uchdan bir qismi miqdorida (125 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, belgilangan tartibda nur qaytargichlar va chiroqlar bilan jihozlanmagan individual harakatlanish vositalarini, skuter, moped, velosiped hamda ulovli aravani boshqarish, qolaversa, individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashish BHMning ikkidan bir qismi miqdorida (187 ming 500 so‘m) jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, skuter, moped, velosipedni, individual harakatlanish vositasini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxsning alkogol ichimlik, giyohvand modda ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzishi BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qonun 28 oktyabr kuni imzolandi va u bir oydan so‘ng, aniqrog‘i 28 noyabrdan kuchga kiradi.
Shuningdek, zaruriyatsiz yo‘lning chap qatorini egallab, yo‘llardagi harakatga xalaqit berib kelayotgan yuk mashinalari ham jarimaga tortiladigan bo‘ldi.
Chapga burilish yoki qayrilib olish istisno etilganda yo‘lning chetki chap qatorida yuk avtomobillari harakatlanishi endi bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari — 187,5 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qoidabuzarlik birinchi jarimadan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa BHMning 375 ming so‘m, uchinchi qoidabuzarlik BHMning 1 mln 125 ming so‘m, yil davomida to‘rtinchi va undan keyingi qoidabuzarliklar 1 mln 500 ming so‘m jarima yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oy muddatga mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ayol hokim fermerni haqorat qilib, IIBga uni qamab qo‘yish topshirig‘ini berdi
Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaga tegishli audioyozuv tarqaldi. Unda tuman hokimi paxta rejasini bajarmagan fermerni haqorat qilganini eshitish mumkin.
Dilfuza Uralovaga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.
Audiodan eshitish mumkinki, yig‘ilish asosan hokimning fermerlarga nisbatan haqorati bilan o‘tgan. Hududdagi paxta «plani»ni bajarmagan fermerlar nomma-nom sanalib, ular nega terimni tashkil qilmayotgani tanqid qilingan.
Yig‘ilish jarayonida Dilfuza Uralova tumandagi «Abdumandat ota farzandlari» fermer xo‘jaligi raisi Shuhrat Hojiyevni haqorat qilgan. Bunga javoban fermer hokimdan hurmatini saqlashni so‘ragan. Hokim esa haqoratga ham qoniqmasdan, IIBga uni qamab qo‘yishni buyurgan.
Hokim fermerni «padaringga la’nat, eshak», deya haqorat qilgan. Fermer esa marhum otasini haqorat qilmaslikni so‘ragan. Janjaldan keyin fermer yig‘ilish o‘tkazilayotgan xonadan olib chiqib ketilgan. Dilfuza Uralova esa yonidagi xodimga IIBga aytishni, oyoq-qo‘lini bog‘lab olib ketib, qamab qo‘yishni buyurgan.
Tuman hokimining bu harakati qonunchilikka zid. Jumladan, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek, ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Holat Sirdaryo viloyati hokimligi Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishida keskin tanqidiy muhokama qilingan.
Dilfuza Uralovaga intizomiy jazo qo‘llash uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.
Prezidentning Navoiyga tashrifi
Hafta ichida prezident Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi va mas’ullarga yangi vazifalarni belgilab berdi.
Navoiyda aytilgan eng asosiy yangiliklarni eslab o‘tamiz.
- AQSh, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari bilan 12 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi;
- «Yangi Navoiy» shaharchasi bunyod etiladi;
- 3,7 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, 600 ta yangi korxonani ishga tushirish, 15-20 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi;
- Zarafshon shahrida 1980-yillarda qurilib, hozir ishlamay yotgan aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi, mas’ullarga tegishli takliflar kiritish topshirildi.
Prezidentning qayd etishicha, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashaydi. Ular Toshkent shahriga borish uchun avval avtomobilda 250-300 kilometr yo‘l yurib, Navoiy shahriga yetib oladi. Keyin bu yerdan poyezd yoki samolyotga o‘tirib, poytaxtga borishga majbur bo‘lyapti.
- 2025 yilni Navoiyda «Alisher Navoiy yili» deb e’lon qilish taklif etildi. Bu yil doirasida «Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash» mavzusida Prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida «Navoiyxonlik kechalari» o‘tkaziladi.
Navoiy viloyatiga oid yana bir xabar: Prezident qarori bilan Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti tashkil qilindi.
Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishlarini universitetda davom ettiradi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.
Vazirlik va hokimliklarda qisqartirish
Prezident farmoni bilan vazirlik va idoralarning rahbar va ishlab chiqarish xodimlari 5,2 foizga qisqartirilmoqda. Hokimliklarning boshqaruv apparati xodimlari soni ham kamaytiriladi.
O‘zbekistonda hozirgi kunda 21 ta vazirlik, 14 ta qo‘mita (13 ta edi), 26 ta agentlik (25 ta) va 9 ta inspeksiya (11 ta), jami 70 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari mavjud.
70 ta davlat organi boshqaruv xodimlarining maksimal soni 53 ming 560 nafar etib belgilandi. Bungacha xodimlar soni 56 ming 509 nafarni tashkil etgan, ya’ni boshqaruv xodimlarining 2949 shtat birligi yoki 5,2 foizi qisqartirilgan.
Ammo viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari boshqaruv apparatlari xodimlarining maksimal soni 706 nafardan 886 nafarga, shu jumladan, bosh rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha loyiha idoralari xodimlarining soni 46 nafarga oshirilmoqda.
Viloyat markazlari va Nukus shahri hokimliklari, shuningdek, viloyatlarga bo‘ysunuvchi shahar va tuman hokimliklarida ham xodimlar soni qisqartirilgan.
Saylov natijalari
O‘zbekistonda o‘tgan parlament saylovlaridagi yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalari tasdiqlandi. Shuningdek, deputatlik mandatlari siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlandi.
29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining majlisida 74,72 foiz saylovchi saylovda ishtirok etgani, siyosiy partiyalarning har biri 7 foizdan ko‘p ovoz to‘plagani sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi o‘tgan va haqiqiy deb topildi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasining 75 ta deputatlik o‘rni siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:
- O‘zLiDeP — 26; «Milliy tiklanish» — 14; XDP — 13; «Adolat» SDP — 12; Ekologik partiya — 10;
Bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha esa O‘zLiDeP 38 ta, «Milliy tiklanish» 15 ta, «Adolat» 9 ta, XDP 7 ta, Ekopartiya esa 6 ta o‘ringa ega bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, endi parlament saylovlarida ikkinchi tur bo‘lmaydi. Eng ko‘p ovoz jamg‘argan deputat saylanadi.
Partiyalarning Qonunchilik palatasidagi mandatlarining umumiy soni quyidagicha bo‘ldi:
O‘zLiDeP — 64 ta; «Milliy tiklanish» — 29 ta; «Adolat» SDP — 21 ta; XDP — 20 ta; Ekopartiya — 16 ta.
Qayd etib o‘tish kerak, deputatlar ro‘yxatiga kiritilgan vazirlar Ozodbek Nazarbekov va Hilola Umarova deputat bo‘lishdan voz kechib, o‘z lavozimlarini saqlab qoldi. Senator va shoir Iqbol Mirzo endi Qonunchilik palatasi deputati bo‘ldi.
Is gazi qurbonlari
Har yili kunlar soviy boshlarkan hali u, hali bu hududda is gazidan zaharlanib o‘layotganlar haqida xabarlarni eshitaveramiz. Bu yil ham ta’biri joiz bo‘lsa aytish mumkin bo‘lgan an’ana davom etmoqda.
Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etgan. Shaharning 23 kichik tumanidagi xonadonlardan birida yashagan 25 yoshli yigit, uning 23 yoshli turmush o‘rtog‘i, hamda ularnikiga mehmonga kelgan 27 yoshli tanishi uyning isitish qozonxonasi mo‘risidan chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etgan.
Toshkent viloyati Bekobod tumanining Mustaqillik mahallasida yashab kelgan 44 yoshli ota va uning 12 yoshli o‘g‘li noma’lum moddadan zaharlanib vafot etdi. Garchi mas’ullar bu is gazidan ekanini ochiqlamagan yo tan olmagan bo‘lsa-da tarmoqlarda hodisaga is gazi sabab bo‘lganini yozishmoqda.
Andijonda ham bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlanib, vafot etgani to‘g‘risida rasman tasdiqlanmagan xabarlar bor.
Odamlar o‘limining oldini olish, xech bo‘lmasa bunday noxush hodisalarni kamaytirish uchun aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish kerak.
Bu hafta O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar shulardan iborat edi.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
23:15 / 30.11.2024