O‘zbekiston | 22:09 / 04.11.2024
4981
6 daqiqa o‘qiladi

4 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Jahon savdo tashkiloti yo‘lida O‘zbekistonni qo‘llagan AQSh, O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar, rekonstruksiya qilinadigan Chorsu maydoni — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

AQSh O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatladi

AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi. Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSh bilan 14 oy davom etgan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan.

«Judayam samarali hafta bo‘ldi, AQSh bilan O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladik. 14 oy davom etgan faol muzokaralar mantiqiy manziliga yetdi», deb yozdi Urunov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Avvalroq, O‘zbekiston 18 ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani xabar qilingandi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005 yilda to‘xtab qolgan, 2020 yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi.

May oyidagi so‘nggi yig‘ilishda O‘zbekiston ilk bor tashkilotga a’zo bo‘lish muddati borasidagi maqsadini e’lon qildi. 2026 yil O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda.

Chorsu maydoni rekonstruksiya qilinadi

2 noyabr kuni Toshkent shahrida Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish bo‘yicha oxirgi loyiha taqdim etildi. Chorsuning yangi qiyofasi nemislarning Tchoban Voss Architekten tomonidan ishlab chiqilgan.

Yangi maydonda qurilish ishlari 2025 yilda boshlanib, 2029 yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Loyiha qiymati 170 million AQSh dollaridan oshadi va bu joyda 620 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Rekonstruksiya ishlari doirasida 1982 yilda arxitektor Vladimir Spivak tomonidan qurilgan va hozirda texnik holati yomonlashgan «Chorsu» mehmonxonasi ham buziladi. Mehmonxona 2020 yilda e-auksion orqali BAAdagi Ittihad International Investment LLC kompaniyasiga sotilgan.

Mehmonxona binosida 2024 yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan texnik ekspertiza natijalariga ko‘ra, yog‘ingarchilik va atrof-muhit ta’siri tufayli mehmonxona binosining temir-beton konstruksiyalari jiddiy deformatsiyaga uchrab, qisman barbod bo‘lgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bino rekonstruksiya qilinishi mumkin emas.

Zararkunanda chigirtkalar

O‘zbekistonda 55 ming gektar maydonga zararkunanda chigirtka tuxum qo‘ygani aniqlandi

Har yili zararkunanda mavjudotlar tufayli hosilning 35 foizgacha qismi nobud bo‘ladi. Shu sababli kuz mavsumida ekin maydonlari, bog‘ va tokzorlarda kuzgi «qazuv» ishlari o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda 278 ming 806 gektar maydonda monitoring olib borilib, 55 ming gektardan ortiq maydonda zararkunanda chigirtka tuxum qo‘ygani aniqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, kuzgi monitoring natijalari asosida 2025 yil uchun zararli chigirtkalar tarqalishi mumkin bo‘lgan hududlar aniqlanib, zarur bo‘lgan kimyoviy vositalar va yoqilg‘i-moylash materiallari zaxirasi shakllantiriladi.

2025 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararkunandalari, kasalliklar va begona o‘tlar keng maydonlarga tarqalib ketishining oldini olish va qishlovchi avlodlarni kamaytirish maqsadida dala chetlari, ariq-zovur atroflarini qurigan o‘simlik qoldiqlari va begona o‘tlardan tozalash ishlari belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar

O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 2024 yilga kelib 2018 yilga nisbatan to‘rt barobarga oshgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yili boshiga O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida 10 845 nafar xorijlik talabalar tahsil olmoqda.

O‘zbekistonda o‘qiyotgan xorijlik talabalarning yarmidan ko‘pi Hindistondan — 5733 nafar.

Shuningdek, Pokistondan 1358 nafar, Turkmanistondan 904 nafar, Rossiyadan 750 nafar, Qozog‘istondan 537 nafar, Tojikistondan 285 nafar, Qirg‘izistondan 285 nafar, Afg‘onistondan 196 nafar, Xitoydan 182 nafar, Janubiy Koreyadan 176 nafar, Kanadadan 124 nafar va boshqa davlatlardan 315 nafar talaba o‘qimoqda.

Namanganda yana o‘quvchi avariya sodir etdi

Namangan shahrida yana maktab o‘quvchisi ijaraga mashina olib minib, YTH sodir etdi. 9-sinf o‘quvchisi boshqaruvni yo‘qotgan va mashina yo‘l chetidagi yo‘l belgisiga urilib, teskari o‘girilib qolgan.

Hodisa 2024 yil 2 noyabr kuni soat 10:00 larda sodir bo‘lgan. Namangan shahar Davlatobod tumanidagi xususiy maktablardan birining 9-sinf o‘quvchisi Gentra mashinasini ijaraga olib, katta tezlikda boshqargan.

Oqibatda mashina boshqaruvni yo‘qotib aylanib ketgan va yo‘l chetiga o‘rnatilgan yo‘l belgisiga borib urilgan.

Dastlab o‘quvchi mashina akasiga tegishli ekanini aytgan. Biroq surishtiruvlar davomida mashina boshqa shaxsga tegishliligi, uni ikki soatga 150 ming so‘mga ijaraga olgani aniqlangan.

Mashinada o‘quvchi sinfdoshi bilan bo‘lgan. Hodisada baxtli tasodif tufayli hech kim jarohatlanmagan va halok bo‘lmagan.

Avvalroq, 2 oktyabr kuni Namanganda 5 nafar o‘quvchi Gentra mashinasini ijaraga olib boshqarayotib, YTH sodir etgandi. O‘shanda ularning bir nafari voqea joyida, yana ikki nafari shifoxonada vafot etgan edi.

Mavzuga oid