O‘zbekiston | 21:18 / 05.11.2024
4843
7 daqiqa o‘qiladi

5 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Mashina olib kirishga yangi va xarajatli talab, Zulfiya mukofoti talabgorlarini tanlashning yangicha tartibi hamda qamalgan va pora bilan qo‘lga olingan hokim o‘rinbosarlari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mashina olib kirishga yangi va xarajatli talab

O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlar olib kirayotgan mashinalar uchun yana bir yangi tartib joriy qilindi. Albatta, bu tartib mavjud vaziyatni yengillashtirishga emas, og‘irlashtirishga xizmat qiladi.

Yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtomobillar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi joriy qilindi. Tekshiruv narxi benzinda yuradigan mashinalar uchun 9 mln 88 ming so‘m, elektromobillar uchun esa qariyb 6 mln 300 ming so‘m.

Elektromobillarni o‘z nomiga olib kirmoqchi bo‘lganlar yoki rasmiy diler bo‘lmagan xususiy tadbirkorlar muvofiqlik sertifikati olish jarayonida mashinani elektromagnit moslashuvchanligi bo‘yicha ham tekshiruvdan o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

«Bu tartib oldindan bor edi. Bundan maqsad bitta transport vositasi boshqa avtomobilga ziyon yetkazishining oldini olish. O‘zbekistondagi rasmiy dilerlar bu tekshiruvdan o‘tib bo‘lgan. Ularga sertifikat ham berilgan. O‘tgan yili bu kabi sertifikatlardan 40 tadan ortiq bergan bo‘lsak, bu yil 30 tadan ko‘proq shunday sertifikatlar berildi. Ular mashinalarini har 3-6 oyda tekshiruvdan o‘tkazib turadi va hujjatlarni taqdim etadi», — deyiladi UzTest izohida. 

Rasmiy diler bo‘lmagan avtosalonlar uchun ham bu tartib qo‘llanishi boshlandi. Tekshiruv narxi 7 o‘rindiqqacha bo‘lgan benzinda yuradigan mashinalar uchun 9 mln 88 ming so‘mni, elektromobillar uchun esa qariyb 6 mln 300 ming so‘mni tashkil etadi. Transport vositalarining toifasiga qarab narx yana o‘zgaradi. Sinovlar Piskent avtopoligonida amalga oshiriladi.

Zulfiya mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi

Hukumat qarori bilan Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash va ularning hujjatlarini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Talabgorlar 8 ta yo‘nalish — fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha tanlovlar orqali saralanadi.

Mukofot ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga o‘qish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.

Mukofot har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakiliga — jami 28 nafar talabgorga beriladi.

Sovrindorlarga diplom, ko‘krak nishoni hamda BHMning 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti har yili 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida topshiriladi.

Kuvaytdan ta’lim grantlari

Kuvayt O‘zbekiston fuqarolari uchun ta’lim grantlari sonini oshiradi. Bu O‘zbekiston elchixonasi rahbariyati va Kuvayt universiteti rektori Usoma as-Said o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qayd etildi.

Muloqot davomida oliy ta’lim sohasida O‘zbekiston-Kuvayt hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, o‘zbek tomoni bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari, xususan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Kuvayt universiteti o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish xususida fikr almashildi.

Kuvayt universitetida o‘qish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ta’lim grantlari sonini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qamalgan hokim o‘rinbosari

Xovos tumani hokimining o‘rinbosari – Investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Hakimjon Mallayev may oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan edi.

Sud hujjatiga ko‘ra, 41 yoshli Hakimjon Mallayev o‘ziga oldindan tanishgan bo‘lgan MChJ rahbaridan MChJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlash evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan. U 2024 yil 5 may kuni Xovos tumani Bunyodkor mahallasi hududida kelishilgan puldan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudda so‘ralganda Hakimjon Mallayev aybiga umuman iqrorlik bildirmagan. Ammo sud hujjatida uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan to‘liq isbotini topgani qayd etilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Hakimjon Mallayevga bir yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda BHMning 100 baravari miqdorida jarima hamda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Pora bilan qo‘lga tushgan hokim o‘rinbosari

Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan obektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish evaziga tuman hokimligi binosi yonida 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur obektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yo‘li bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi» davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham ushlangan.

Hozirda hokim o‘rinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid