Jahon | 21:44 / 05.11.2024
1972
2 daqiqa o‘qiladi

Netflixʼning Parij va Amsterdamdagi ofislarida tintuv o‘tkazildi

Fransiyalik tergovchilar Netflixʼga nisbatan 2022 yil noyabrda tergov boshlagan. Tergov soliq firibgarlik natijasida qo‘lga kiritilgan pullarni yuvish ishi doirasida amalga oshirilmoqda.

Foto: Reuters

Moliyaviy jinoyatlar va korrupsiyaga ixtisoslashgan tergovchilar Netflix striming servisining Parijdagi ofisida tintuv o‘tkazdi, deb xabar beradi Marianne gazetasi. Tintuv soliq to‘lovlaridan qochish ishiga bog‘liq ekani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, bir vaqtning o‘zida Niderlandiya rasmiylari ham Netflixʼning Amsterdamdagi shtab-kvartirasida tintuv o‘tkazgan. Mamlakat prokuraturasi vakili Netflix ofisida Fransiya so‘roviga asosan tintuv tashkil etilganini tasdiqlagan. Idora holat bo‘yicha qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortgan.

Fransiyalik tergovchilar Netflixʼga nisbatan 2022 yil noyabrda tergov boshlagan edi. Tergov soliq firibgarlik natijasida qo‘lga kiritilgan pullarni yuvish ishi doirasida amalga oshirilmoqda. Reuters agentligining yozishicha, Fransiyadagi dastlabki tergov doirasida jinoiy ayblov e’lon qilish ko‘zda tutilmagan va bu sud jarayonlariga olib kelmaydi.

Netflix vakillari o‘z ofislarida o‘tkazilgan tintuvlar bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermadi. Eslatib o‘tamiz, striming servis 2022 yilda Italiyada qariyb 56 million yevro to‘lab, soliq bilan bog‘liq mojaroni hal etgandi.

Netflix — dunyodagi eng yirik obuna videostriming xizmatlaridan biri hisoblanadi. 2023 yilning to‘rtinchi choragida servis sof foydasini 17 barobarga, pullik obunachilar sonini esa 13 millionga oshirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Mavzuga oid