Jahon | 09:55 / 06.11.2024
6982
3 daqiqa o‘qiladi

Harris «g‘alabani prognoz qiluvchi hudud»da Trampni ortda qoldirdi

Kamala Harris Guam orolida Donald Trampni ortda qoldirdi, deb xabar bermoqda New York Post (NYP). Nashr bu hududni saylov kampaniyasi doirasida «bashoratli hudud» deb atadi. Oroldagi ovoz berish natijalari 2004 yildan beri har bir saylovda federal yakunni aks ettirgan.

Foto: AP / Yuki Iwamura

Biroq, Guamdagi ovoz berish Harrisga saylovchilar kollegiyasida qo‘shimcha ovoz bermaydi, chunki orol shtat emas.

Tramp g‘alabasini kutayotgan investorlar kayfiyati fonida bitkoin rekord darajaga ko‘tarildi

Sarmoyadorlarning Donald Trampning g‘alabasini kutayotgani munosabati bilan bitkoin narxi Osiyodagi savdolarda rekord darajaga ko‘tarildi, deb xabar berdi Reuters. Kriptovaluta kursi 7 foizga oshib, 75 060 dollarni tashkil etdi va mart oyidagi eng yuqori cho‘qqisidan oshib ketdi. Reuters aniqlik kiritishicha, Trampning saylovdagi g‘alabasi kriptovalutalarni tartibga solish bo‘yicha yumshoqroq yo‘nalishga olib kelishi mumkin.

Donald Tramp Aydaxoda g‘alaba qozondi

Respublikachi Tramp AQShning Aydaxo shtatidagi prezidentlik saylovlarida yana to‘rt nafar saylovchilar kollegiyasi ovozini qo‘lga kiritib, g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda AP. Xuddi shu prognozlar Edison Research instituti tomonidan e’lon qilingan. AP xabariga ko‘ra, yana oltita ovoz Ayova shtatida sobiq prezidentga g‘alaba keltirdi.

AP Trampning Jorjiyadagi g‘alabasini prognoz qilmoqda

AP prognozlariga ko‘ra, saylov byulletenlarining 88 foizi sanab chiqilgach, Toshkent vaqti bilan soat 09.10 holatiga ko‘ra Donald Tramp Jorjiya shtatida (51,1 foiz) g‘alaba qozondi. Kamala Harris 48,2 foiz ovozga ega.

Kaliforniya, Aydaxo, Oregon va Vashingtonda saylov uchastkalari yopilmoqda.

CNN xabariga ko‘ra, Tramp sobiq prezidentning qarorgohi joylashgan Mar-a-Lagoda (Florida) saylov natijalarini kuzatayotgan o‘z tarafdorlari bilan qisqacha gaplashgan. To‘q rangli kostyum va qizil galstuk taqqan respublikachini donorlar, oila a’zolari va do‘stlari o‘rab oldi. Siyosatchi saylovoldi shtabidan muntazam yangilanishlarni olib turibdi.

Harris saylov natijalarini Vashingtondagi rasmiy qarorgohi — AQSh Harbiy-dengiz observatoriyasida kuzatdi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, u Delaver shtatining Uilmington shahridagi shtabi bilan telefon orqali qo‘ng‘iroqlashib turibdi va doimiy aloqada, shu sababli oilasi bilan xotirjam tushlik qilgan. Ayni paytda Vashingtondagi Hovard universiteti oldidagi ko‘chada Demokratik partiya nomzodining tarafdorlari uning u yerda paydo bo‘lishi mumkinligini kutishgan holda raqsga tushib, qo‘shiq aytishgan.

Mavzuga oid