Iqtisodiyot | 17:09 / 07.11.2024
4109
2 daqiqa o‘qiladi

2027 yilga borib O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 20 mlrd dollarga yetishi mumkin

Markaziy bankning asosiy ssenariy bo‘yicha kutilmalariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 25-30 foizga, 2025 yilda 9-11 foizga, 2026 yilda 9-12 foizga, 2027 yilda esa 10-15 foizga o‘sadi. Keyingi yillarda rubl kursining qadrsizlanishi o‘tkazmalar hajmi kamayishiga ta’sir qiluvchi asosiy xatar sifatida keltirilgan.

Foto: Getty Images

Joriy yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 25-30 foiz atrofida (14,5-15 mlrd dollar) o‘sishi, 2025-2027 yillarda esa fundamental trend doirasida yillik 10-15 foizga oshib borishi kutilyapti. Bu haqda «Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari»ning dastlabki konseptual loyihasidagi asosiy ssenariy bo‘yicha prognozlarda keltirib o‘tilgan.

«Migratsiya oqimida davlatlar diversifikatsiyasining kuchayib borishi davom etadi. Bunda, yuqori daromadli davlatlar ulushi ortishi hisobiga ushbu davlatlardan pul o‘tkazmalari hajmi o‘sishi kutilmoqda», deyiladi Markaziy bankning konseptual loyihasida.

Asosiy ssenariy bo‘yicha kutilmalarga ko‘ra, 2027 yilga borib pul o‘tkazmalarining umumiy miqdori 20 mlrd dollargacha yetishi mumkin. Bunda rubl kursining dollarga nisbatan qadrsizlanishi o‘tkazmalar hajmi kamayishiga ta’sir qiluvchi asosiy xatar sifatida keltirilgan. O‘z navbatida ushbu xatarning ta’siri yildan yilga kamayib borishi prognoz qilinyapti.

Avvalroq, joriy yilning 9 oyida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 11,3 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,8 foizga ko‘paygani xabar qilingandi.

Mavzuga oid