Iqtisodiyot | 15:35 / 30.11.2024
15598
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi keskin oshdi. Transfertlarning asosiy qismi qaysi mamlakatlardan kelgan?

2024 yilning 10 oyida O‘zbekistonga 12,6 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ko‘p. Hisobot davrida pul o‘tkazmalarining o‘sishi AQShdan 37 foiz, Janubiy Koreyadan 71 foiz, Buyuk Britaniyadan 76 foiz hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foiz bo‘lgan.

Foto: Soe Zeya Tun / Reuters

2024 yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 12,6 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bankning «Jismoniy shaxslarning valuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhi»da ma’lum qilindi.  

Mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (9,8 mlrd dollar) kelib tushgan bo‘lib, 2023 yilning mazkur davriga nisbatan 35 foizga oshgan. Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (699 mln dollar), AQSh (470 mln dollar), Janubiy Koreya (458 mln dollar), Turkiya (331 mln dollar), Buyuk Britaniya (109 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.

Oylar kesimida olinganda, eng ko‘p o‘tkazmalar iyulda (1 mlrd 785 mln dollar) amalga oshirilgan bo‘lsa, eng kami fevralda (738 mln dollar) o‘tkazilgan.

«2024 yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida kuzatilgan o‘sish trendi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqi miqdorining oshishi hamda rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasi oqimi ko‘lamining ko‘payishi bilan izohlanadi. Misol uchun, internet platformalaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan asosiy sohalarda taklif qilinayotgan ish haqi miqdori o‘rtacha 38 foizga oshgan», deyiladi MB sharhida.

Shu bilan birga, O‘zbekiston migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan beri ishlash istagida bo‘lgan 113 ming nafardan ziyod fuqarolar rivojlangan mamlakatlarga ishga yuborilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 barobarga ko‘p.

Mazkur holat O‘zbekistonga xorijdan jo‘natilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida ham namoyon bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylari davomida kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan AQShdan 37 foizga, Janubiy Koreyadan 71 foizga, Buyuk Britaniyadan 76 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga o‘sgan.

2024 yilning 10 oyi davomida davomida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 7 mlrd dollari an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2023 yilga nisbatan o‘sish 19 foiz), 4,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalari orqali (o‘sish 52 foiz) hamda 650 mln dollari bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (o‘sish 2,4 barobar) amalga oshirilgan.

Bunda, 2024 yilda xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri (P2P) kelib tushgan mablag‘larning jami o‘tkazmalar hajmidagi ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foiz bandga (39 foizgacha) oshgan.

2024 yil boshidan P2P (onlayn) pul o‘tkazmalari ko‘lamining sezilarli darajada oshishi transchegaraviy to‘lov tizimlari infratuzilmasining rivojlanishi hamda jismoniy shaxslar orasida mazkur xizmatlarning keng ommalashuvi bilan izohlanishi mumkin. Xususan, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida P2P (onlayn) tranzaksiyalari soni qariyb 59 milliontaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,3 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Valuta ayirboshlash operatsiyalari

2024 yilning 9 oyida banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valutasi xaridi va sotuvi bo‘yicha operatsiyalar aylanmasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga (3,3 mlrd dollar) ko‘payib, 20,9 mlrd dollarni tashkil etgan.

Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 13,2 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2023 yilning mos davriga nisbatan 32 foizga ko‘p (2023 yilning mos davrida — 10 mlrd dollar) chet el valutasi sotilgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan chet el valutasi hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga o‘sib, 7,7 mlrd dollarga yetgan.

Hisobot davrida jismoniy shaxslar tomonidan chet el valutasiga bo‘lgan taklif hajmi talab hajmidan 5,5 mlrd dollarga ko‘p bo‘lgan.

Avvalroq, 2027 yilga borib O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 20 mlrd dollarga yetishi kutilayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid