O‘zbekiston | 08:08 / 07.11.2024
1988
2 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi Andijon viloyati Oltinko‘l tuman hokimligi, Toshkent viloyati ayrim sanoat zonasini boshqarish direksiyasi va Kinematografiyani rivojlantirish markazini davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda monopoliyadan oldindan rozilik olmaganini aniqladi. 

Foto: Getty images

Respublikadagi 3 ta tashkilotga monopoliyaga qarshi organning roziligisiz davlat ishtirokidagi korxonani tashkil etgani uchun ta’sir chorasi ko‘rildi. 

Raqobat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2024 yilning III choragi davomida iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirish bo‘yicha davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning affillangan shaxslarini tashkil etishda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olinganligi masalalari yuzasidan monitoring o‘tkazilgan. 

Unda 4 ta holatda davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning affillangan shaxslarini tashkil etgan tashkilot aniqlandi:

  • Andijon viloyati Oltinko‘l tuman hokimligi;
  • Toshkent viloyati Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi;
  • O‘zbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi (2 ta holatda).

Mazkur korxonalarda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun, «Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 346-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzish alomatlari aniqlandi.

Unga ko‘ra, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) chog‘ida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi lozim.

Qonun buzilishi ortidan ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan belgilangan tartibda ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni bozorda raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatmaganligi sababli o‘z kuchida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, kelgusida qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

Mavzuga oid