“Muammo – erinchoqligimizda”: odamdagi stress darajasini aniqlash ustida ishlayotgan o‘zbekning dasturchi qizi
Aziza Abdurahimova 5 yillik tajribaga ega dasturchi. Google’ning “Women TechMakers” dasturi rasmiy elchisi, “Microsoft Developers Community in Uzbekistan”ning asoschilaridan biri. U Kun.uz bilan suhbatda dasturchilik nima uchun ayollarga to‘la mos kelishini, sohada ayollar ulushini oshirish yo‘llari va o‘zining loyihalari haqida gapirib berdi.
“Muammomiz – erinchoqligimiz va stereotiplarga o‘ralashib qolganligimizda”
Aziza o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda ayollar uchun IT va texnologiyalar sohasida muvaffaqiyatli karera qila olishi uchun kerakli bo‘lgan jihatlar haqida gapirdi. Bular:
- Kommunikatsiya qila olish.
- Muammolarga kreativ yondashuv.
- Tez o‘rgana olish.
- Jins bilan bog‘liq stereotip (soha faqat erkaklar uchun emasligiga ishonish).
“Qizlarga [sohaga kirayotgan va kirganlarga] bir maslahat bergan bo‘lardim – erkak, ayol degan tushunchani umuman xayoldan chiqarib tashlash kerak. Ishga kirdingizmi, hamkasbingiz erkak kishi bo‘lsa, undan tortinmaslik kerak. U yerda hamma bir xil – dasturchi. Bemalol nimalardir so‘rash mumkin. Bunday paytda tortinish bizning qonimizda bor va buni ko‘pchilik yenga olmaydi. Miyada jinsidan qat’i nazar hamma dasturchi degan fikr shakllanishi kerak. Shunda muloqotga kirishish osonroq bo‘ladi.
IT sohasida dunyo miqyosida ham ayollarning o‘rni kam. Lekin Hindiston va Pokistonda ayollarning IT sohasidagi ishtiroki erkaklar bilan deyarli bir xil. Ular bu kasbni uyda o‘tirib ishlasa bo‘ladigan, ayollar uchun juda qulay kasb sifatida yuzaga chiqardi, jamiyatga shuni yetkaza olishdi.
Bizda ham buni qilsa bo‘ladi. Qizlar uchun to‘g‘ri keladigan kasblar deb shifokorlik, o‘qituvchilik, pazandalik, kosmetolog kabi kasblar orasiga IT sohasini ham kiritish kerak. Xalqimiz juda aqlli. Lekin muammomiz – erinchoqligimiz va stereotiplarga o‘ralashib qolganligimizda. Erinchoqlikni yengish mumkin. Ammo stereotiplarga keladigan bo‘lsak, xohlardimki, har bir oilada IT qiz bola uchun yaxshi kasb ekanligini ota-ona farzandiga yetkazib bersa, qizlarga bu tanlov berilsa ko‘pchilik shuni tanlagan bo‘lardi”, – deydi Aziza.
“Internet butun katta dunyoni kichkina qishloqqa aylantirdi”
Azizaning loyihalaridan biri – “Aqlli niqob” (Smart musk) bo‘lib, u qishning sovuq kunlarida, niqob va smartfonga ulangan ilova orqali inson tanasida shamollashga bo‘lgan moyillik foizini ehtimoliy darajada o‘lchab bera oladi. Bundan tashqari, u ayni paytda yana bir foydali loyiha – “Aqliy salomatlik hisoblagichi”ga (Mental health meter) ustida ham ish olib boryapti.
“Bugun internet butun katta dunyoni kichkina qishloqqa aylantirdi – hamma bir-biri bilan bog‘langan, internetga kirasiz, hamma onlayn, qayerda yurganini ko‘rib turasiz. Xuddi qishloqda hamma bir-biridan xabardor bo‘lib, gap-so‘z bo‘lganiday. Bu narsa odamning ruhiy salomatligiga ta’sir qiladi. Ya’ni odamlar nima deydi degan narsalar, tahqirlash, kamsitish. Mening loyiham rivojlanayotgan sun’iy idrok orqali odamlarning holatini aniqlashga qaratilgan. “Aqliy salomatlik hisoblagich”i yordamida insonga nisbatan kamsitish, haqorat qilinsa, ulardagi o‘zgarishlarni aniqlash, yoki depressiyani dastlabki bosqichlarida aniqlash algoritmi ustida ishlayapman.
Bu dasturni telefonga yoki kompyuterga ulash mumkin. U sizning qurilmangizdagi ma’lumotlar, yozishmalar, ilovalar orqali sizdagi muammoni aniqlaydi. U sizning harakatingizni nazorat qilmaydi, sizga tegishli ma’lumotlar bazasi orqali ruhiy holatingizni bildiradi”, – deydi dasturchi.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Gavhar Ziyodullayeva suhbatlashdi
Operator va montaj ustalari: Mirvohid Mirrahimov, Nizomjon Toshpo‘latov,
Mavzuga oid
13:56 / 04.12.2024
«Bir million dasturchi» loyihasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabga elektromobil beriladi
10:07 / 28.06.2024
“Yangi narsani o‘rganishga o‘ch bo‘lish kerak” – oldin Uber, hozir TikTok kompaniyasida ishlayotgan o‘zbek dasturchisi
15:31 / 18.05.2024
Nol budjet bilan yasalgan o‘zbekcha o‘yin - yosh dasturchilar “Shumtaka”ni qanday ishlab chiqdi?
10:37 / 30.03.2024