Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
Veslav Kukulaning so‘zlariga ko‘ra, potensial urush uchun Rossiyaning nafaqat demografik va xomashyo imkoniyati, balki ishlab turgan mudofaa sanoati ham mavjud.
Polsha o‘z armiyasi va jamiyatini Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlashi kerak, deydi mamlakat Bosh shtabi boshlig‘i Veslav Kukula.
«Urushning yuzaga kelishi va u agar boshlansa, qaysidir ma’noda o‘zimizga bog‘liq bo‘ladi. Himoyaga yaxshi tayyorlangan va jamiyati qarshilik ko‘rsatadigan mamlakatga hujum qilish katta xavf tug‘diradi», —deydi Kukula Rzeczpospolita bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, potensial urush uchun Rossiyaning nafaqat demografik va xomashyo imkoniyati, balki ishlab turgan mudofaa sanoati ham mavjud. Bunga qadar NATO Ukrainadagi urushdan keyin Rossiyaga o‘z harbiy imkoniyatlarini qayta tiklashiga vaqt kerak bo‘lishi va u NATO bilan to‘qnashuvga 2029 yildan erta tayyor bo‘lmasligini prognoz qilgandi. Ammo Kukulaning fikricha, Rossiya katta urushga tayyorgarlikni ushbu muddatdan oldin yakunlashi mumkin.
Shu bilan birga Polsha Bosh shtabi boshlig‘ining ta’kidlashicha, Moskvaning qarama-qarshilikka bo‘lgan yondashuvi uchta vektor bilan belgilanadi, maqsad – kuchlar va imkoniyatlar. «Rossiya Federatsiyasining maqsadi prezident Putin, shuningdek, tashqi ishlar vaziri Lavrov tomonidan ochiq-oydin bildirilgan. 2021 yilning ikkinchi yarmidan beri hech narsa o‘zgarmadi», — deydi Kukula. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, «kuch vektori» Ukraina qarshiligi va xalqaro birdamlik sabab sezilarli kuchsizlangan, biroq Rossiya «uni tiklab bormoqda».
Polsha Bosh shtabi boshlig‘ining ta’kidlashicha, agar AQSh Tinch okeanidagi mojaroga aralashsa yoki NATO hamjihatlikni yo‘qotsa, Moskva uchun imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin. U, shuningdek, Rossiyaning oldindan aytib bo‘lmaydigan harakatlarini ham hisobga olishga chaqirdi.
Avvalroq RF prezidenti Vladimir Putin Rossiya Shimoliy Atlantika alyansi bilan jang qilish niyatida emasligini, chunki AQShning mudofaa xarajatlari bir necha bor ko‘p ekanini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u Moskvaning Yevropaga hujum rejasi haqidagi bayonotlarga ishonmaslikka chaqirgan edi.
Mavzuga oid
12:41 / 21.12.2024
Polsha sobiq amaldoriga Vengriyada boshpana berilganidan norozi
14:30 / 20.12.2024
O‘zbekistonning mudofaa va xavfsizlik sohasida kosmik suratlarga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda
22:34 / 18.12.2024
Polshada rossiyalik hokkeychi josuslikda ayblanib, 3 yil muddatga qamaldi
12:55 / 13.12.2024