Jahon | 21:13 / 12.11.2024
9268
5 daqiqa o‘qiladi

Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi

Rossiya davlat nashrlari hududdagi vaziyatni yoritmaydi, Rossiya prezidenti ma’muriyatidagilar esa ularning muammosi haqida birinchi marta eshitayotganini ma’lum qilishgan.

Oleg Palchyk / Global Images Ukraine / Getty Images

Kursk oblastining avgust oyi boshidan buyon Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolayotgan Sudja shahri aholisi vakillari harbiy harakatlar hududida qolgan yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak tashkillashtirishni so‘rab, Rossiya va Ukraina hukumatlariga navbatdagi marta kollektiv murojaat yo‘lladi, deb xabar bermoqda «Novaya gazeta».

Birinchi murojaat 12 sentabr kuni yo‘llangandi. Moskva va Kiyev bunga bir xil javob qaytargan — ikkala tomon ham bir-birini aloqa o‘rnatishni va tinch aholi evakuatsiyasi bo‘yicha muzokaralar boshlashni istamaslikda ayblagan.

«Novaya» ma’lumotiga ko‘ra, Sudja aholisi ikkinchi murojaatni oktyabr oyi oxirida tuzgan va bu safar unda nafaqat Rossiya va Ukraina prezidentlari hamda inson huquqlari bo‘yicha vakillarga, balki BMT bosh kotibi, Rim papasi, shuningdek, BAA va Turkiya prezidentlariga ham murojaat qilingan.

«Bizning yaqinlarimiz ikki yarim oydan buyon yeguliksiz, aloqasiz, elektrsiz, gazsiz, issiqlik ta’minotisiz va dori-darmonlarsiz qolmoqda. Ular orasida ketishga ulgurmagan va evakuatsiya qilinmagan keksalar ham bor. Ulardan ko‘pchiligi tibbiy yordam ko‘rsatishga muhtoj. Qarindoshlari yo‘q va 6 avgustga qadar ijtimoiy xizmatlar qaramog‘ida bo‘lgan yolg‘iz yashovchi kishilar bor. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar bor… Tunda harorat nol darajagacha tushmoqda, qish yaqinlashmoqda. Harbiy harakatlar hududidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan odamlarning guvohlik berishicha, ular och qolishgan, muzlashgan va aholi muntazam ravishda otishmalar oqibatida halok bo‘lmoqda», — deyilgan nomada.

Biz Rossiya va Ukrainani imkon qadar tez fursatda Sudja aholisi taqdiri bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga chaqiramiz. Biz urushayotgan tomonlardan aholidan garov va propaganda instrumenti sifatida foydalanmaslikni so‘raymiz. Biz sizdan bu muzokaralar boshlanishiga ko‘maklashishingiz va ularni kuzatib borishingizni iltimos qilamiz.

Avgust oyida Ukraina qurolli kuchlari yurishi chog‘ida evakuatsiya bo‘lishga ulgurgan sudjaliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda shaharda mingga yaqin kishi, shu nomli rayonda yana shuncha odam qolmoqda. 2024 yil avgustiga qadar Sudjada besh ming atrofidagi odam yashagan, Sudja rayonida — 26 mingdan ortiq.

Sudja aholisining ikkinchi murojaatiga hozircha faqat Ukraina Oliy radasining Inson huquqlari bo‘yicha komissari ofisi munosabat bildirdi. Unda «bunday murojaat oldin ham kelib tushgani» va «javobi taqdim etilgani» aytilgan.

Bundan tashqari, Sudja aholisi vakillari rossiyalik mulozimlar bilan uchrashib, qarindoshlarining evakuatsiyasini talab qilishga qaror qilgan. «Biz tushundik: xatga javoblar bo‘lmaydi. Ularni qutiga solishadi va esdan chiqarishadi. O‘tgan safargi kabi, har doimgidek. Shuning uchun biz Moskvaga bormoqchimiz», — degan «Novaya» bilan suhbatda olti farzandning onasi Svetlana Lyaxova.

U qizi bilan 1 noyabr kuni RF prezidenti administratsiyasi, Davlat dumasi va  Federatsiya kengashi qabullariga yozilgan. Sudjalik ayol 2500 dan ortiq kishining imzosi chekilgan kollektiv maktubni o‘zi bilan olib kelgan.

Lyaxovaning so‘zlariga ko‘ra, barcha idoralarda uni «ortiqcha savollar va kechiktirishlarsiz» qabul qilishgan. Ammo rasmiylar Sudja aholisining bunday muammosi haqida birinchi marta eshitayotgani va bungacha hech qanday murojaat kelib tushmaganini aytishgan.

«Ehtimol, biz yetarlicha yozmagan va gapirmagandirmiz. Balki, bizning sukutimiz sukutni keltirib chiqargandir. Markaziy nashrlarda biz haqimizda juda kam yozishsa, yana nima bo‘lsin? Federal kanallarda bizni ko‘rsatishmaydi. Agar haftalar, oylar davomida ularning yangiliklarini o‘qisangiz va kuzatsangiz, biz va bizning baxtsizliklarimiz umuman yo‘qdek tasavvur hosil bo‘ladi. Va baribir — harakatsiz o‘tirib bo‘lmaydi. Biz erishdik — mamlakatdagi barcha asosiy idoralarda bizni qabul qilishdi, bizni ko‘rishdi, bizni eshitishdi. Endi balki nimadir o‘zgarar?» — degan Svetlana Lyaxova «Novaya» bilan suhbatda.

10 noyabr kuni Sudja aholisi vakillari bo‘lgan o‘nlab kishilar Kurskning markaziy maydonida stixiyali miting o‘tkazgandi. Ular hukumatdan mintaqada urush ketayotganini tan olish, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari egallab olgan shahar aholisini zudlik bilan evakuatsiya qilishni talab qilishgan. Kursk oblasti ma’muriyatining yig‘ilganlar qarshisiga chiqqan rasmiylari stixiyalik aksiyani «noqonuniy» deb atagan, ammo keyinroq 12 noyabr kuni miting ishtirokchilarining gubernator Aleksey Smirnov bilan uchrashuvini tashkil etishga va’da berishgan.

Mavzuga oid