14 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
Yuk poyezdlarida narxlar oshishi, poraxo‘r YPX xodimining qamalishi, Andijon va Samarqandda avtohalokat qurboni bo‘lgan 3-sinf o‘quvchilari — kun davomida Kun.uz'da yoritilgan mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Logistika qimmatlashadi
“O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasi mahalliy qatnovdagi vagonlarda yuk tashish tariflarini oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1 dekabrdan boshlab mahalliy yuk tashuvlari tariflarining vagon qismi 30 foizga oshiriladi. Bu – oshayotgan xarajatlarni qisman qoplash va yuk vagon parkini yangilash maqsadi bilan izohlangan.
“Yuk tashish tariflari infrastruktura, lokomotiv va vagon qismlaridan tashkil topadi. 1 dekabrdan faqatgina vagon qismi 30 foizga oshadi, bu jami tarifga vagon turidan kelib chiqib o‘rtacha 8-10 foiz ta’sir etadi”, – deyiladi kompaniya tomonidan Kun.uz'ga berilgan izohda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 yanvardan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatilgan.
Qo‘shrabotdagi zo‘rlash jinoyati
Samarqandda maktab o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlangan. Ular orasida Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi ham bor. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Avvalroq Samarqand viloyatida 8-sinfda o‘qiydigan qiz bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlangani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham bu holatga aloqadorligi aniqlangan va u 30 oktyabr kuni ishdan bo‘shatilgan.
Voqea bo‘yicha huquq organlariga 6 oktyabr kuni arz qilingan, shundan keyin ekspertizalar natijalariga ko‘ra 31 oktyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ichki ishlar organi 9 nafar shaxsni gumonlanuvchi deb hisoblamoqda. Ulardan 8 nafari qo‘lga olingan, yana birini ushlash choralari ko‘rilyapti. Voqea haqida xabar bergan “Sukut saqlama” loyihasiga ko‘ra, gumondorlardan biri chet elga qochib ketgan bo‘lishi mumkin.
$200 poraga 4 yil qamoq
Sirdaryoda haydovchidan 200 dollar pora olgan YPX xodimi 4 yilga qamaldi. “Bu kun” dasturida xabar berilishicha, YPX katta inspektori lavozimida ishlagan xodim yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyga borib, hodisani rasmiylashtirgan, tan jarohati olgan yo‘lovchiga nisbatan tibbiyot ekspertizasini tayinlagan, avariya sodir etgan mashinani esa jarima maydonchasiga joylashtirgan. Oradan 4-5 kun o‘tib esa, haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan.
Xodim bu suhbatda tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish va mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilgan. Buning evaziga 400 dollar talab qilgan. Haydovchi xodimning taklifiga rozi bo‘lmasdan, tegishli organlarga murojaat qilgan. Uning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta inspektor o‘z xizmat xonasida 200 dollarni olayotgan vaqtda ushlangan.
Guliston shahar sudining hukmi bilan, poraxo‘r ichki ishlar xodimi 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Yo‘llarda o‘layotgan bolalar
Andijon va Samarqand viloyatlarida 3-sinfda o‘qigan ikki o‘quvchi yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘ldi. Asaka tumanidagi voqeada Damas avtomobili ag‘darilib ketib, piyodalar yo‘lakchasida ketayotgan 9 yoshli qizchani bosib qolgan. “Millar” dasturi xabariga ko‘ra, Damas haydovchisi tez harakatlanib kelgan va keskin tormoz berib, piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan qizchani urib yuborgan va uning ustiga ag‘darilgan.
Hodisadan keyin qizcha zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan, lekin ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, u vafot etgan. Internetda tarqalgan voqea videosida Damas haydovchisi piyodalar yo‘lakchasiga yaqinlashayotib ehtiyot choralarini ko‘rmagani, katta tezlikda harakatlanganini ko‘rish mumkin.
Samarqand shahrida esa 3-sinfda o‘qigan bolani avtobus urib ketdi. Voqea Kamoliddin Behzod mahallasida, maktab oldidagi ko‘chada ro‘y bergan. Isuzu rusumli avtobusni boshqarib borgan haydovchi Amir Temur ko‘chasida yo‘lni kesib o‘tayotgan 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan, bola voqea joyida vafot etgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi qo‘lga olingan. Ijtimoiy tarmoqlarda u maktab oldida katta tezlikda harakatlangani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, maktab va bog‘chalar yaqinida maksimal tezlik soatiga 30 km deb belgilangan, ko‘plab maktablar oldida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan, lekin aksariyat haydovchilar bu cheklovga amal qilmaydi.
“Yil imomi” aniqlandi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Yil imomi – 2024” musobaqasida g‘olib bo‘lgan imom-xatibga Haj safari yo‘llanmasini topshirdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin g‘oliblari esa pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Musobaqa O‘zbekistondagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar o‘rtasida o‘tkazilgan. Ular Qur’oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob bergan. Shuningdek, mehnat faoliyati davomida amalga oshirgan salmoqli ishlari va OAVda e’lon qilingan ijodlarini namoyish etgan.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Namangan viloyati “Homiddin qori” jome masjidi imom-xatibi Muhammad Bobir Nasriddinov 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi va u Haj safari yo‘llanmasi bilan taqdirlandi. 2-o‘rin Toshkent shahridagi “Firdavs” jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor Sattorovga, 3-o‘rin Toshkent viloyati “Chanoq” jome masjidi imom-xatibi Yoqub Buxarbayevga nasib etdi. Ularga mos ravishda 16 va 13 mln so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.
Mavzuga oid
21:21 / 25.12.2024
25 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024