20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Qayta tasdiqlangan bosh vazir, 2025 yil uchun berilgan nom, Qozog‘iston va Tojikistonga ID-karta bilan borish imkoniyati va yangi hukumat oldiga qo‘yilgan vazifalar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Abdulla Aripov yana bosh vazir
Prezident Yangi O‘zbekiston yangi parlamenti bilan birga o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab bo‘lmasligi qayd etildi.
Shu bois hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, ya’ni bosh vazir zarur, dedi prezident.
Davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.
Prezident Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputatlar Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga ma’qulladi.
63 yoshli Abdulla Aripov 2016 yil 13 sentyardan buyon O‘zbekiston hukumatini boshqarib kelmoqda.
2025 yilga nom berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalariga to‘xtaldi.
Mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangani, qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishilgani qayd etildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etildi.
Bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida Shavkat Mirziyoyev 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif etdi.
Hukumat yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqishi belgilandi.
Bu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi ta’kidlandi.
Qozog‘iston va Tojikistonga ID-karta bilan
Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga ID-karta bilan bemalol borib-kelmoqdalar. Endi shunday tartibni Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham joriy etish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aytib o‘tdi.
Do‘st va hamkorlar doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish o‘ta muhim vazifadir, dedi prezident.
Kelgusi yili yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi shu yo‘ldagi yana bir ulkan amaliy qadam bo‘ladi. Hozir fuqarolar Qirg‘izistonga ID-karta bilan bemalol borib-kelmoqda. Endi shunday tartibni Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham joriy etish rejalashtirilgan.
Prezident belgilagan vazifalar
Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident tomonidan bir qator vazifalar va rejalar belgilab berildi. Ularning eng muhimlarini sanab o‘tamiz.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari salohiyatini oshirishga e’tibor kuchaytiriladi.
“Mamlakatimiz xavfsizligi, yurtimiz mudofaasi nafaqat Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari, barcha insonlarning muqaddas burchidir. Buning uchun yagona Vatan, ko‘p millatli yagona ahil oila tuyg‘usi har birimizning qalbimiz, yuragimizdan chuqur joy olishi lozim”, — dedi prezident.
Dunyoda turli xatar va tahdidlar avj olib borayotgan hozirgi sharoitda Qurolli Kuchlarning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilishi belgilandi.
O‘zbekistonda bu yil yalpi ichki mahsulot hajmi 110 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yillar uchun katta marralar belgilab olingani, xususan, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.
Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotdagi o‘zgarishlarni jadal davom ettirilsa, 2030 yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 mlrd dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirildi.
2025 yilda 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish hukumat iqtisodiy kompleksi asosiy vazifasi bo‘ladi.
Shu maqsadda kambag‘al oilalar bolalari maktablarda chet tili, kasb-hunar va IT bo‘yicha bepul bilim olishi uchun 500 milliard so‘m ajratiladi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash dasturi amalga oshiriladi.
Kambag‘allik darajasi so‘nggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizga tushishi kutilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanadi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida importni 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda. Hukumat qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirishi, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazishi zarurligi ta’kidlandi.
Yangi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga 5 trillion so‘m, kanallarni betonlashga 800 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Mavzuga oid
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024
20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:30 / 19.12.2024