WSJ: Ukraina zarbasi oqibatida KXDR armiyasi generali yaralandi
Ukraina va G‘arb davlatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk oblastida 10 mingdan ortiq KXDR askari bor bo‘lib, ular urushda ishtirok etish uchun Rossiyaga kelgan. The Wall Street Journal manbasi shimoliy koreyalik harbiy qo‘mondon qanday sharoitda yaralanganini ochiqlamadi.
Koreya xalq armiyasining yuqori martabali generali Ukraina tomonidan Kursk oblastiga berilgan zarba oqibatida yaralandi. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
Manba shimoliy koreyalik harbiy qo‘mondon qanday sharoitda yaralanganini ochiqlamagan. Shuningdek, u jabrlangan harbiy xizmatchining ismini ham oshkor etmagan.
WSJ’ning qayd etishicha, bu G‘arb hukumati ma’lumotlariga ko‘ra Rossiya—Ukraina urushi vaqtida KXDR yuqori martabali harbiysining birinchi marotaba yaralanishi. Shimoliy Koreyaning BMTdagi missiyasi gazetaning so‘roviga javob qaytarmadi.
Ukrainalik harbiylar 20 noyabr kuni Buyuk Britaniyaning uzoq masofaga mo‘ljallangan 10 ta Storm Shadow raketalarini qo‘llagan holda Kursk oblastiga hujum qildi. Koreya xalq armiyasi generalining yaralanishiga ushbu zarbalarning aloqasi bor-yo‘qligi noma’lum. RF prezidenti Vladimir Putin ukrain harbiylari Storm Shadow raketalari yordamida Rossiyaning «Sever» guruhini qo‘mondonlik punktlaridan biriga hujum uyushtirilgani, oqibatda yaralangan va halok bo‘lganlar borligini ma’lum qilgandi.
Ukraina va G‘arb davlatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk oblastida 10 mingdan ortiq KXDR askari bor bo‘lib, ular urushda ishtirok etish uchun Rossiyaga kelgan. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi raisi Jon Kirbi oktyabr oyida Ukrainaga qarshi jang qilayotgan har qanday shimoliy koreyalik harbiylar UQKning qonuniy nishoniga aylanishini aytgandi.
Avvalroq Shimoliy Koreya Rossiyaga Quruqlikdagi qo‘shinlar Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari — general-polkovnik Kim Yon Bokni yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi. General KXDR qo‘shinlarining Rossiya armiyasiga integratsiyasi, shuningdek, Shimoliy Koreya askarlarini kelgusida hujumni kengaytirishga jalb qilish uchun jang maydonidan ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra Rossiyaga yuboriladigan shimoliy koreyalik askarlar soni oxir-oqibat 100 ming kishiga yetishi mumkin.
Mavzuga oid
09:12
Ukraina: Rossiya KXDR askarlariga soxta hujjatlar beryapti
15:57 / 19.12.2024
Putin Kursk oblasti qachon ozod etilishi haqidagi savolga javob qaytardi
13:51 / 18.12.2024
10 davlat RF va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni qoraladi
12:10 / 18.12.2024