Jahon | 11:31 / 23.11.2024
8702
4 daqiqa o‘qiladi

AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas

Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblastidan «kerak bo‘lganda» chiqib ketadi, deb yozadi AFP agentligi Ukraina armiyasidagi manbaga tayanib.

Foto: picture alliance/AP

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) hali Kursk oblastini tark etishni rejalashtirmayapti va «kerak bo‘lgunicha» u yerda qolishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AFP agentligi 22 noyabr, juma kuni Ukraina armiyasidagi manbalarga tayanib yozdi. Hisobotda qayd etilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari o‘z vaqtida Rossiyaning xalqaro miqyosda tan olingan 1400 kvadrat kilometrdan sal kamroq qismini nazorat qilgan. Hozirda qariyb 800 kvadrat kilometr ularning nazorati ostida qolmoqda.

Shuningdek, ukrainalik manbalar AFP agentligiga Rossiya armiyasi Donetsk oblastida Pokrovsk va Kuraxova tomon oldinga siljishda davom etayotganini aytdi. Kuraxovo yaqinida u har kuni 200-300 metr maydonni egallashga muvaffaq bo‘lyapti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaning Dnipro shahriga zarba berish uchun Rossiyaning yangi «Oreshnik» raketasidan foydalanilgani haqidagi so‘zlarini sharhlar ekan, AFP manbalari Rossiya Qurolli kuchlari arsenalidagi bunday raketalar soni «juda cheklangan»ligini aytdi. «Ulardan faqat bir nechtasi bor», dedi ular.

RFning qator oblastlari yadroviy doktrina yangilanishi fonida hujumga uchradi

20 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasining to‘qqizta mintaqasi – Novgorod, Kursk, Oryol, Belgorod, Tula, Tver, Bryansk, Moskva va Smolensk oblastlariga Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) tomonidan hujum qilindi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. Uning versiyasiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 44 ta samolyot tipidagi dronlarini yo‘q qilgan va tutib olgan.

Ertalab HHM Bryansk oblastida uchta Ukraina uchuvchisiz uchog‘ini, Oryol va Belgorod oblastlari uzra yana ikkita uchuvchisiz uchoqni urib tushirdi, deya xabar qildi mudofaa idorasi.

Novgorod oblasti gubernatori Andrey Nikitin raisligida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, Kotovo posyolkasi aholisi Okulovka shahridagi vaqtinchalik yashash markazlariga joylashtirilgan.

Astra Telegram-kanali xabariga ko‘ra, Kotovo posyolkasida Rossiya Mudofaa vazirligining Bosh raketa-artilleriya boshqarmasining 13-arsenaliga hujum qilingan. Gubernator arsenalga qilingan hujum faktini tasdiqlamadi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenkoning so‘zlariga ko‘ra, dronlar haqiqatan ham arsenalga zarba bergan.

Putin Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini tasdiqladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rossiya Federatsiyasining yadroviy tiyib turish sohasidagi davlat siyosati asoslarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Farmon 19 noyabr kuni huquqiy axborot portalida e’lon qilindi va darhol kuchga kirdi.

Yangilangan doktrinaga ko‘ra, «yadroviy davlat ko‘magida har qanday yadroviy bo‘lmagan davlat tomonidan Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilariga tajovuz qilish», shuningdek yadroviy bo‘lmagan vositalar, shu jumladan dronlar bilan ommaviy havo hujumi uyushtirish yadroviy zarba uchun asos bo‘ladi.

 

Mavzuga oid