Jahon | 23:13 / 23.11.2024
5239
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, rossiyaliklarning o‘zi urushga borish uchun Mudofaa vazirligi bilan shartnomalar imzolamoqda.

Foto: Vasiliy Kuzmichyonok

Rossiyada safarbarlik o‘tkazish zarurati yo‘qki, chunki rossiyaliklarning o‘zi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun faol bo‘lib shartnomalar tuzmoqda, deydi RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«Safarbarlik to‘g‘risida hech qanaqa gap yo‘q», — deydi Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya fuqarolari Mudofaa vazirligi bilan faol ravishda shartnomalar tuzmoqda, urushga yuborilishdan oldin esa ular yaxshilab tayyorgarlikdan o‘tkazilyapti.

«Bundaylar juda ko‘p — har kuni yuzlab odamlar shartnoma imzolayapti va maxsus harbiy operatsiyaga yo‘l olyapti», — deya qo‘shimcha qiladi Peskov.

Rossiya hukumatining armiyaga ko‘proq shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarni jalb etish istagi urushdagi ko‘plab yo‘qotishlari bilan izohlanmoqda. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan beri Rossiyaning 600 mingdan ortiq askari halok bo‘lgan va yaralangan. Amerikalik yuqori martabali amaldorga ko‘ra, urushda Ukraina Qurolli kuchlarining 57,5 ming harbiysi o‘ldirilgan va yana 250 ming ukrainalik yaralangan.

Amerikalik va britaniyalik harbiy tahlilchilar Rossiyaning yo‘qotishlarini kuniga 1200 kishiga baholamoqda. Shu bilan birga, Rossiya har oy 25-30 ming askarni armiyaga jalb qilyapti. Bu RF armiyasiga urushga qo‘shinlar yuborishni davom ettirishiga xizmat qilmoqda.

Vladimir Putin iyun boshlarida Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan beri 130 mingdan ortiq harbiysidan ayrilganini va yana shunchasi yaralanganini ma’lum qilgandi. «Mediazona» va BBC rus xizmati o‘rganishlariga ko‘ra, urush boshlangandan buyon 80 mingdan ortiq rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. 23 noyabr holati bo‘yicha jurnalistlar o‘ldirilgan 79 ming 819 nafar harbiyning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Avvalroq Rossiya Konstitutsiyaviy sudi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan shaxslarni unvoniga qarab 65 yoki 70 yoshga to‘lmasdan xizmatdan bo‘shatish mumkin emasligi haqida qaror chiqargandi.

Mavzuga oid