Zelenskiy Medvedchuk, Baskov va Kirkorovni davlat mukofotlaridan mahrum qildi
Kiyevda davlat mukofotlaridan mahrum etilgan «Ukraina xoinlari»ning birinchi ro‘yxati e’lon qilindi. Unda 34 kishi, jumladan, sobiq Ukraina davlat arboblari va Rossiya artistlari bor.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 34 kishini – Ukrainaning sobiq amaldorlari va sobiq deputatlari, shuningdek, rossiyalik siyosiy, diniy va madaniyat arboblarini davlat mukofotlaridan butunlay mahrum qilish haqidagi farmonni imzoladi. Shu tariqa u Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining (MXMK) qarorini kuchga kiritdi, deb xabar qildi Ukraina prezidenti devoni 22 noyabr, juma kuni.
Figurantlar ro‘yxati
Ro‘yxatga kiritilganlar orasida Oliy rada sobiq deputati va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin safdoshi Viktor Medvedchuk, sobiq bosh prokuror Viktor Pshonka, Ukraina sobiq bosh vaziri Nikolay Azarov, sobiq ta’lim va fan vaziri Dmitriy Tabachnik bor. Bundan tashqari, ro‘yxatda «Mintaqalar partiyasi» rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari Aleksandr Yefremov va Ukraina bosh prokurori sobiq birinchi o‘rinbosari Renat Kuzmin ham bor.
Rus pravoslav cherkovi (RPCh) rahbari Patriarx Kirill 1-darajali knyaz Yaroslav Mudriy ordenidan mahrum etildi. Rossiyalik ijrochilar Nikolay Baskov, Filipp Kirkorov, Aleksandr Malinin, bastakor Igor Krutoydan «Ukraina xalq artisti» unvoni, xonandalar Ani Lorak va Taisiya Povalidan esa «Ukrainada xizmat ko‘rsatgan artist» unvoni olib qo‘yildi, deyiladi xabarda.
Zelenskiy elchixonalar yopilishi fonida xotirjamlikka chaqirdi
Bir qator Yevropa davlatlari, shuningdek, AQSh va Kanada 20 noyabr kuni Kiyevdagi elchixonalari faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilganidan so‘ng, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shu kuni kechqurun an’anaviy murojaatida vatandoshlariga «ba’zi vahima xabarlar tarqalishi faqat Rossiyaga foyda keltirishi»ni ta’kidladi.
Shuningdek, 20 noyabr oqshomida AQShning Kiyevdagi elchixonasi saytida Amerika diplomatik missiyasi «havo hujumi ehtimoli yuqoriligi haqidagi xabarlar tufayli 20 noyabr kuni ish vaqtini vaqtincha o‘zgartirgani» haqida press-reliz e’lon qilindi. «Elchixona ochiq va o‘z faoliyatini davom ettirmoqda», — deyiladi bayonotda.
Kanada hukumati veb-saytida aytilishicha, mamlakatning Kiyevdagi elchixonasi «xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tufayli» shaxsiy xizmat ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatgan.
Portugaliya, Ispaniya, Gretsiya va Italiya ham 20 noyabr kuni Ukraina poytaxtida ish vaqtinchalik to‘xtatilishi haqida xabar berdi. Germaniya TIV veb-saytida Germaniyaning Kiyevdagi elchixonasi konsullik ishlarini cheklangan darajada amalga oshirayotgani qayd etilgan.
Mavzuga oid
13:20 / 09.12.2024
Axios: Tramp Zelenskiy bilan Parijda uchrashishni istamagan
17:12 / 08.12.2024
Zelenskiy: urush boshlanganidan beri 43 ming ukrainalik harbiy halok bo‘ldi
13:33 / 08.12.2024
Tramp Putinni Ukraina bilan muzokaralarga chaqirdi
17:05 / 07.12.2024