O‘zbekiston | 20:55 / 25.11.2024
5933
6 daqiqa o‘qiladi

25 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Allamjonovga suiqasd ortidan ro‘y berayotgan iste’folar, Yangi Toshkentga ko‘chadigan ijro organlari, himoya ostiga olinayotgan madaniy hordiq maskanlari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

IIV tizimida o‘zgarishlar

Ichki ishlar vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Adhamov, shuningdek, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB buyrug‘i bilan Tezkor qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirov ham lavozimidan ozod qilingan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu iste’folar Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, DXXda ham shunday o‘zgarishlar bo‘lib o‘tgan edi. Abdusalom Azizov lavozimidan ozod qilinib, uning o‘rniga Bahodir Qurbonov tayinlangan. Shuhrat Xolmuhammedov esa mudofaa vaziri lavozimida ish boshlagan.

Allamjonovga suiqasd ishini fosh etishga to‘sqinlik qilgani uchun yana ikki aka-uka mulozim ishdan bo‘shatilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov va bosh vazir yordamchisi Sarvar Ashurov ishdan olindi.

Bosh vazir qabulxonasi mudiri lavozimida ishlagan Sarvar Ashurovning o‘rniga Shuhrat Ibragimov tayinlangan. Uning akasi, polkovnik Alijon Ashurov ham o‘z lavozimidan ozod qilingan.

«Ijro organlari Yangi Toshkentga ko‘chadi»

Shavkat Mirziyoyev barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chirish rejasini ma’lum qildi.

Prezidentning aytishicha, O‘zbekiston ijro etuvchi hokimiyat organlari Yangi Toshkentga ko‘chiriladi. Yangi shahar ekologik toza, tirbandliklarsiz va katta mashinalar harakati cheklangan hudud sifatida rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev nutqida 2025 yilni ona tabiatni asrash va yashil iqtisodiyot yili deb e’lon qilganini ta’kidladi. U jahon bozoriga chiqish, JSTga kirish, va korrupsiyadan xoli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha harakatlarni davom ettirish zarurligini qayd etdi.

Prezident yalpi ichki mahsulotni 200 milliard dollarga yetkazish rejasini bildirib, bunda olg‘a qo‘yilgan marraga erishish uchun harakat qilish zarurligini ta’kidladi.

Yangi Toshkent shahri Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida quriladi. Loyihaga ko‘ra, yangi shahar "aqlli" va "bog‘ shahar" bo‘ladi. Prezidentning fikricha, yangi shaharning noyob joylashuvi va iqlimi uni yanada jozibador qiladi.

«Madaniy hordiq maskanlari himoya qilinadi»

Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlovchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi. Loyihaga ko‘ra, madaniy hordiq va dam olish maskanlari, ularning yerlari va inshootlarini begonalashtirish, hududini qisqartirish yoki yangi bino qurish taqiqlanadi. Bu turdagi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.

Loyiha «Adolat» va Ekologik partiya fraksiyalari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Undan ko‘zlangan maqsad — istirohat bog‘lari, sayilgohlar va xiyobonlarni asrab-avaylash, atrof muhitni muhofaza qilish.

Ta’kidlanishicha, davlat mulki bo‘lgan bog‘ va xiyobonlarda qurilish ishlari aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelmoqda. Qonun loyihasi shunday holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi yig‘ilishida bu tashabbusni ma’qullagan edi.

Poytaxtda 86 ta pulli avtoturargoh

Toshkentda 86 ta pulli avtoturargoh tashkil etish huquqi 120 milliard so‘mga sotildi. Auksionda «Balcomuz» kompaniyasi g‘olib chiqib, boshlang‘ich narxdan 2 baravar ko‘proq — 120,1 milliard so‘m taklif qildi.

Ijaraga berilgan maydonlar poytaxtning turli hududlarini qamrab oladi va umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ijarachi kompaniya 3 yillik muddat davomida avtoturargohlarni parkomatlar bilan jihozlashi va dastlabki ikki yilda kamida 5 million dollar sarmoya kiritishi shart.

Avtoturargohlardan tushgan daromadning ma’lum qismi Toshkent yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Pulli avtoturargohlar uchun tariflar soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha deb belgilangan.

Ayollar uchun bepul onkonazorat

Prezident qaroriga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30–65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi. Bu yoshdagi ayollar har ikki yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar kasallik aniqlansa, tashxislash va davolash xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

2025 yildan boshlab onkonazorat uchun qo‘shimcha shifokorlar va mobil mammograflar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, mammografiya markazi va virus diagnostikasi bo‘yicha referens-laboratoriya tashkil etiladi.

Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skrininglari natijalarini monitoring qilish va ular bilan qayta aloqa qilish tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid