O‘zbekiston | 12:19 / 25.11.2024
9863
3 daqiqa o‘qiladi

«Barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chiramiz» - Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev barcha davlat ijro hokimiyati organlarini Yangi Toshkentga ko‘chirish rejalarini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistondagi ijro etuvchi hokimiyat organlari Toshkentdan Yangi Toshkent shahri hududiga o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni poytaxt atrofida «yashil belbog‘» yaratish bo‘yicha tadbirda ma’lum qildi.

«Yashil makon deganimiz bu bejiz emas, bu — kelajagimiz. Xudo xohlasa, mana, Yangi Toshkentni qurib, ijro organining hammasini Yangi Toshkentga ko‘chirishni reja qilyapmiz. 
Tasavvur qilinglar, katta mashinalar kirmaydigan, tirbandliklar yo‘q [hudud] bo‘lib... odamlar bundan faqat manfaat qozonadi», — dedi prezident.

Davlat rahbari Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP29) so‘zlagan nutqini eslatib o‘tgan.

«2025 yilni bejiz ona tabiatni asrash va yashil iqtisodiyot yili deganim yo‘q. Agar biz iqtisodiyot barqarorligi bilan birgalikda mana shu ekologiyaga, yashil iqtisodiyotga e’tiborimizni bersak… Mana, hamma sohada jahon bozoriga chiqmoqchimiz, JSTga kirmoqchimiz, maqsadimiz bitta — bozor topish.

Tadbirkorlarga bozorni ochmasak, u tadbirkor shuncha texnologiyani Yevropadan, Osiyodan, Amerikadan, Xitoydan olib kelib yotibdi. Ertaga uning mahsuloti qayerga boradi? Bilasizlarmi, ong o‘zgarishi kerak. Raqobatbardosh, korrupsiyadan xoli qilish uchun texnologiyalarni yangilab, bozorga munosib mahsulot chiqarish kerak. Maqsad — daromad topish, manfaat bo‘lish», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yalpi ichki mahsulotni 200 mlrd dollarga yetkazish rejalari haqida gapirdi.

«Uch kunlik ma’ruzalarimda aytdim-ku, marra 200 mlrd dollar qilish. Boshlaganimizda 51 mlrd [dollar] edi, hozir 110 mlrd bo‘lyapti, Qilsa bo‘lar ekan! Shuning uchun xalqimiz, o‘z kelajagimiz, jonajon vatanimiz uchun qilgan hamma rejalarimiz uchun mana shu strategiyamizga munosib harakat qilsak, ana shunda marra bizniki bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, 2023 yil iyulida «Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan. 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahri Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi.

Yangi Toshkent loyihasini amalga oshirish uchun tanlab olingan hudud — dengiz sathidan 500 metr baland bo‘lib, shaharga yaqinligi, o‘z iqlimi, bahavoligi va ikki daryo o‘rtasida joylashgani bilan noyob hisoblanadi.

Davlat rahbari 2023 yil sentabrida Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishganida Yangi Toshkent «aqlli» va «bog‘ shahar» bo‘lishini aytgandi.

Mavzuga oid