Jahon | 19:34 / 25.11.2024
7798
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Isroil Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi

Netanyahu Livandagi «Hizbulloh» harakati bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuvni deyarli ma’qullagan. Bu qaror ikki tomon o‘rtasidagi keskinlikni pasaytirishga qaratilgan.

Bilal Hussein/AP

Isroil hukumati «Hizbulloh» bilan Livanda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi, deb xabar bermoqda Ynet va CNN o‘z manbalariga tayanib. 

CNN suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «umuman olganda» ehtimoliy kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan. Isroilda hamon kelishuvning ayrim jihatlari bo‘yicha e’tiroz bor, bu haqda 25 noyabr kuni Livan rasmiylariga ma’lum qilinishi kutilmoqda. 

Netanyahuning avvalgi bayonotlarida, u «Hizbulloh» tahdidi to‘liq bartaraf etilmaguncha, bir tomonlama o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi ekani ta’kidlangandi.

Shuningdek, kelishuv Isroil vazirlar kabineti tomonidan ham tasdiqlanishi lozim. 

Ynet qayd etishicha, Isroil o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni muhokama qilishi «Hizbulloh» tomonidan Isroil bo‘ylab 255 snaryad uchirishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, AQShning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Amos Xoxshteyn Livanni Isroil sulhga roziligi to‘g‘risida xabardor qilgan. Shu bilan birga, u ikki tomonni ham, agar kelishuvga erishilmasa, AQSh muzokaralarda vositachi sifatidagi ishtirokini to‘xtatishidan ogohlantirgan.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, kelishuv loyihasi 60 kunlik o‘tish davrini o‘z ichiga oladi, bu vaqt mobaynida isroillik harbiylar Livan janubidan olib chiqilishi, Livan armiyasi chegara bo‘ylab joylashtirilishi, «Hizbulloh» o‘z og‘ir qurollarini Litani daryosidan shimolga olib ketishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, AQSh rahbarligida ushbu tashabbuslar amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha qo‘mita tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Sentyabr oyi oxirida Isroil «Hizbulloh» bilan aloqador obektlarni o‘qqa tutishni davom ettirgan holda Livan hududiga «cheklangan» bosqin boshlaganini e’lon qilgandi. Isroil mudofaa armiyasi bayonotida bu amaliyotdan maqsad — «„Hizbulloh“ning isroilliklarni o‘ldirishga qaratilgan infratuzilmalarini yo‘q qilish» ekani aytilgan. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi zarbalar va Isroil armiyasi bosqini natijasida halok bo‘lgan livanliklar soni 3,5 mingdan oshganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid