O‘zbekiston va Kuvayt savdo tartibini osonlashtirishga kelishib oldi
Toshkentda O‘zbekiston va Kuvayt delegatsiyalari Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi majlisini o‘tkazdi.
21 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Kuvayt moliya vaziri, Iqtisodiy ishlar va investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri Nura Sulaymon Al-Fassam ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holatini muhokama qildi.
Qudratov ikki mamlakat bozorlarini tahlil qilish asosida tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va imzolash, elektron tijorat sohasida hamkorlikni kengaytirish, to‘siqlarni bartaraf etish va Made in Uzbekistan va Made in Kuwait ko‘rgazmalarini o‘tkazish kabilar haqida gapirdi.
U, shuningdek, Kuvayt kompaniyalari uchun O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalarida keng imkoniyatlar ochilayotgani, jumladan, soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar, xomashyo va kommunal xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini qayd etdi.
O‘zbekiston kompaniyalari ham Kuvayt erkin iqtisodiy zonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun yetarli tajriba va imkoniyatlarga ega ekanligi ta’kidlandi.
Tomonlar «yaqin kelajakda» sanoat kooperatsiyasi dasturi va ikki tomonlama sarmoyaviy shartnomalar to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Shuningdek, Nura Sulaymon Al-Fassam yangi tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, amaldagi kelishuvlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash hamda Kuvayt kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha savdoni osonlashtirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Mavzuga oid
15:00
Yaponiya savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi
13:33 / 18.12.2024
O‘zbekiston savdoni osonlashtirish bo‘yicha milliy "yo‘l xaritasi"ni imzoladi
14:40 / 17.12.2024
O‘zbekiston Stokholm va Helsingborgda savdo uylarini ochmoqchi
08:20 / 13.12.2024