Vilnyus aeroporti yaqinida yuk tashuvchi Boeing qulab tushdi
Dushanba tongida DHL kompaniyasining yuk tashuvchi samolyoti Vilnyus aeroportiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchradi, deb xabar bermoqda mahalliy rasmiylar. Ekipaj a’zolaridan biri halok bo‘lgan. Flightradar24 servisi ma’lumotiga ko‘ra, Boeing 737 Litva poytaxtiga Leypsigdan uchib kelgandi.
Samolyot ikki qavatli turar joy binosi yaqiniga qulab tushgan, deb xabar beradi Delfi nashri, voqea joyida kuchli yong‘in kelib chiqqan. Aeroport vakili Reuters’ga bu Boeing 737-400 bo‘lganini ma’lum qilgan.
«Samolyot uyga emas, hovlisiga tushgani omadimiz kelgani bo‘ldi», — degan Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Renatas Pojyela.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ekipajning to‘rt a’zosi, jumladan ikki uchuvchi topilgan, ulardan biri halok bo‘lgan.
«Ikki kishini tibbiyot xodimlari shifoxonaga olib borishgan, biri jon bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular samolyotda bo‘lgan odamlar», — deya xabar bergandi oldinroq o‘t o‘chirish boshqarmasi vakili Saulyus Rashevskis.
Samolyot bortida ikki uchuvchi hamda DHL kompaniyasining ikki xodimi bo‘lgan, deb xabar tarqatgan LRT teleradiokompaniyasi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, samolyot halokati oqibatida ikki qavatli turar joy binosi shikastlangan, undagi to‘rt kvartirada uch oila yashaydi. O‘t o‘chiruvchilar 12 kishini evakuatsiya qilishgan, jabrlanganlar yo‘q.
Vilnyus aeroporti qisqa vaqtlik tanaffusdan keyin faoliyatini davom ettirgan.
«[Samolyot] aeroportga bir necha kilometr masofaga qolganida qulagan, bir necha yuz metrga sudralib borgan, uning parchalari turar joy binosiga tekkan, — deya o‘t o‘chirish xizmati rahbarining so‘zlarini keltirgan LRT. — Uy atrofida yoki unga yondosh infratuzilmada yong‘in ro‘y bergan. Uy biroz shikastlangan, ammo biz odamlarni muvaffaqiyatli evakuatsiya qildik».
Flightradar24 servisi ma’lumotlariga ko‘ra, Boeing 737 yuk mashinasi mahalliy vaqt bilan soat 02:08 da Leypsigdan uchgan. Samolyot 1993 yilda ishlab chiqarilgan, uning operatori ispanlarning Swiftair aviakompaniyasi bo‘lgan. U xalqaro kompaniyalar tomonidan DHL kompaniyasi yuklari va hujjatlarini tashishda foydalanilgan.
LRT xabariga ko‘ra, Leypsigdan havoga ko‘tarilgan samolyot Litva vaqti bilan ertalabki soat 5:30 atrofida Lepkalnis hududiga qulagan.
Inqirozli vaziyatlarni boshqarish milliy markazi rahbari Vilmantas Vitkauskas jurnalistlar bilan suhbatda Boeing yuk samolyoti baxtsiz hodisaga yo‘liqqanini aytgan. «Bizda baxtsiz hodisa ro‘y berdi, — degan Vitkauskas. — Ayni vaqtda tafsilotlar va sabablar o‘rganilmoqda».
Delfi nashri yozishicha, politsiya bosh komissari Arunas Paulauskas matbuot anjumanida savollarga javob berarkan, samolyot halokati terakt bilan bog‘liqligi versiyasi ham istisno etilmasligini bildirgan.
«Menimcha, buni hech qachon istisno etib bo‘lmaydi. Bu o‘rganilishi, tekshirilishi kerak bo‘lgan versiyalardan biri. Oldinda uzoq ish turibdi», — deya izohlagan u.
Reuters agentligi Germaniyada yil boshida Leypsigdagi omborda jo‘natmalar ichiga yashirilgan yondiruvchi moslamalar keltirib chiqargan yong‘inlar yuzasidan surishtiruv ishlari o‘tkazilayotganini eslatgan.
Aprel oyi oxirida ikki nafar britaniyalik Londonda kelib chiqishiga ko‘ra Ukrainada bo‘lgan shaxsga tegishli kompaniyaning omboriga o‘t qo‘yish uchun Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgani bo‘yicha rasman ayblov e’lon qilingandi.
Noyabrda Polsha prokuraturasi Polsha, Germaniya va Buyuk Britaniyada kurerlik xizmatlari tomonidan tashilgan posilkalar bilan bog‘liq qator hodisalar go‘yoki Moskvadagilar amalga oshirgan amaliyot natijasi ekanini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
09:35 / 21.12.2024
DHL samolyoti qulashi: Litva tashqi ta’sir belgilarini ko‘rmayapti
19:45 / 19.12.2024
Litva armiyasida Rossiya, Belarus va Xitoy fuqarolarining xizmat qilishi taqiqlandi
12:37 / 14.12.2024
Fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik halokatlar
12:23 / 10.12.2024