Fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik halokatlar
Fuqaro aviatsiyasi tarixida 2001 yilda AQShda sodir etilgan teraktlar eng ko‘p odam halok bo‘lgan hodisa sifatida birinchi o‘rinda turadi. O‘shanda to‘rtta samolyot olib qochilgan va ularning ikkitasi Nyu Yorkdagi egizak binolarga olib borib urilgandi. Yana bir samolyot dalaga qulab tushgan, boshqasi Pentagon binosiga urilgan.
20-asrning ikkinchi yarmida fuqaro aviatsiyada xizmat qiluvchi yangi turdagi samolyotlar paydo bo‘lgandan so‘ng parvozlar soni keskin ko‘paydi.
Avvallari uzoq masofalarga borishda poyezd yoki kemalardan foydalangan odamlar endi vaqt tejash uchun samolyotlarda ucha boshlashdi.
Texnika o‘z oti bilan texnika. Istalgan samolyotda texnik nosozlik kuzatilishi yoki ular havoda bir-biri bilan to‘qnashib ketishi mumkin.
Fuqaro aviatsiyasi rivojlangan sayin bunday hodisalar ko‘payadi. Quyida eng ko‘p odam qurbon bo‘lgan aviahalokatlar haqida ma’lumot beramiz.
Fors ko‘rfazida urib tushirilgan samolyot
1988 yil 3 iyul kuni Tehron-Dubay yo‘nalishida parvoz qilayotgan Iran Air aviakompaniyasiga tegishli Airbus A300 samolyoti Fors ko‘rfazi tepasida urib tushiriladi.
Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan 290 kishining barchasi halok bo‘ladi. Surishtiruvlarda samolyotga Fors ko‘rfazida turgan AQSh harbiy kemasidan uchirilgan zenit raketasi bilan zarba berilgani oydinlashadi.
AQSh harbiylari yo‘lovchi samolyotini Eronning F-14A Tomcat qiruvchi samolyoti bilan adashtirishgan edi.
Amerika tomoni bir necha yil o‘z aybini tan olmaydi va halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli to‘lashdan bo‘yin tovlab keladi.
Oxir-oqibat, 1996 yilda AQSh hukumati samolyot amerikalik harbiylarning aybi bilan urib tushirilganini tan oladi va Eron tomoniga qurbonlarning yaqinlari uchun 61,8 mln dollar tovon puli to‘lab beradi.
Donetsk osmonida urib tushirilgan samolyot
2014 yil 17 iyul kuni Amsterdam–Kuala-Lumpur yo‘nalishida parvoz qilayotgan Malaysia Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 777 Donetsk shahri yaqinida urib tushiriladi. Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan 298 kishi halok bo‘ladi.
O‘sha paytda Donetsk atrofida Rossiya armiyasi qo‘llab turgan ayirmachilar va Ukraina armiyasi o‘rtasida jangovar harakatlar bo‘lib turgandi.
Halokatdan so‘ng tomonlar samolyotning urib tushirilishida bir-birini ayblaydi. Keyinroq samolyotga Rossiyaga tegishli “Buk” zenit-raketa tizimi bilan zarba berilgani oydinlashadi.
2022 yil Haaga okrug sudi samolyotni urib tushirishda Donetsk xalq respublikasi ayirmachilar qo‘mondoni bo‘lgan Igor Girkinni aybdor deb topadi.
Bozor bilan to‘qnashib, yonib ketgan samolyot
1996 yil 8 yanvar kuni Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinsasha shahridagi aeroportdan Moscow Airways aviakompaniyasiga qarashli An-32 yuk samolyoti parvozni boshlaydi.
Samolyot havoga ko‘tarila olmagach uchuvchilar uni to‘xtatishga qaror qilishadi. Ular tezlikni pasaytirib, tormoz tizimini ishga tushirishadi.
Biroq soatiga 200 km tezlikda harakatlanayotgan An-32 boshqaruvni yo‘qotadi. Samolyot avvaliga uchish-qo‘nish yo‘lagidan o‘tadi, so‘ng aeroport hududidan chiqib, uning yonidagi odamlar bilan gavjum bo‘lgan bozorga kirib ketadi.
An-32 odamlarni bosib, yanchib o‘tadi va bozor qurilmalariga urilib, yonib ketadi. Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan uchuvchi va bozordagilardan 297 kishi halok bo‘ladi. Yana 250 kishi turli darajada jarohatlanadi. Ekipajning 4 nafar a’zosi tirik qoladi.
Surishtiruvlarda aniqlanishicha, samolyotning havoga ko‘tarila olmaganiga unga me’yordan ortiq yuk ortilgani sabab bo‘lgan.
Ya’ni maksimal parvoz og‘irligi 27 tonnagacha bo‘lgan samolyot 34 tonna og‘irlik bilan parvoz qilishga uringan. Oqibatda, samolyot havoga ko‘tarila olmagan.
Parvoz vaqtida yonib ketgan samolyot
1980 yil 19 avgust kuni Saudi Arabian Airlines aviakompaniyasiga qarashli Lockheed L-1011 TriStar samolyoti Saudiya poytaxti Ar-Riyoddan Jidda shahriga parvoz qilish uchun havoga ko‘tariladi. Samolyotda 287 nafar yo‘lovchi va 14 nafar ekipaj a’zolari bor edi.
Shu paytda uning yukxonasida yong‘in yuz beradi va undan chiqqan tutun samolyot saloniga ham kira boshlaydi. Uchuvchilar darhol ortga qaytib, samolyotni Ar-Riyod aeroportiga qo‘ndirishga qaror qilishadi.
Bu paytda olov salon ichiga ham o‘tgan va barcha tutundan zaharlangandi. Shu sababli samolyot qo‘ngandan so‘ng hech kim lyuklarni ichkaridan ochmaydi. Qutqaruvchilar ularni tashqaridan ochishga urinadi. Biroq bu oson bo‘lmaydi.
Qutqaruvchilar lyuklarni ochish uchun 25 daqiqa vaqt sarflaydi. Lyuklar ochilgandan so‘ng samolyot salonidagi olov battar alanga oladi.
Oqibatda samolyot bortida bo‘lganlardan hech kim tirik qolmaydi va 301 nafar odam halok bo‘ladi.
Dengizga qulab tushgan samolyot
1985 yil 23 iyun kuni Air-India aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747 samolyoti Monreal-London-Dehli-Bombey yo‘nalishida parvoz qilish uchun osmonga ko‘tariladi.
Bir necha soat parvoz qilganidan so‘ng samolyot radarlardan yo‘qoladi. Ko‘p o‘tmay uning qoldiqlarini Irlandiyaning Kork shahridan 176 km uzoqlikda, dengizdan topishadi.
Surishtiruvlarda samolyotning halokatiga portlash sabab bo‘lgani va oqibatda uning bortida bo‘lgan 329 kishining barchasi halok bo‘lgani aniqlanadi.
Ko‘p o‘tmay samolyotdagi portlashni sikxlarning terrorchi guruhlaridan biri o‘z zimmasiga oladi.
O‘sha kuni Air-India aviakompaniyasiga qarashli yana bir Boeing 747 samolyotida portlash uskunasi ishlab ketadi. Ekipaj uni darhol Yaponiyaning Narita aeroportiga qo‘ndiradi.
Yo‘lovchilarni evakuatsiya qilishga ulgurishadi. Biroq uskuna portlashi tufayli aeroportdagi ikki nafar yuk tashuvchi halok bo‘ladi.
Fransiyada qulab tushgan samolyot
1974 yil 3 mart kuni Istanbul-Parij-London yo‘nalishida uchayotgan Turkish Airlines'ga qarashli McDonnell Douglas DC-10-10 Fransiya poytaxtidan havoga ko‘tariladi.
Bir necha daqiqadan so‘ng McDonnell Douglas 3 500 metr balandlikka chiqqach birdaniga samolyot yukxonasining eshigi ochilib ketadi.
Undan kirgan kuchli shamol dvigatellar va samolyotning boshqaruv tizimini ishdan chiqaradi. Ekipaj boshqaruvni yo‘qotadi. McDonnell Douglas Ermenonvil o‘rmoniga qulab tushib, parchalanib ketadi.
Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan 346 kishining barchasi halok bo‘ladi. Surishtiruvlarda samolyot yukxonasining eshigiga o‘rnatilgan qulf nosoz bo‘lgani aniqlanadi.
Ikki samolyotning to‘qnashuvi
1996 yil 12 noyabr kuni Hindiston osmonida Kazakhstan Airlines va Saudi Arabian Airlines aviakompaniyalariga qarashli ikki samolyot o‘zaro to‘qnashadi.
Charxi Dadri shahri tepasida Chimkent-Dehli yo‘nalishida uchayotgan Il-76TD va Boeing 747 samolyotlari bir-biriga urilib ketadi.
Surishtiruvlarda dispetcher Il-76 uchuvchilariga 4 500 metr balandlikni egallashni buyuradi. Biroq ular dispetcherni tushunmaydi va pastlashda davom etadi.
Shunda Il-76 Saudiyaga qarashli yo‘lovchi samolyoti bilan to‘qnashadi va oqibatda har ikki samolyotda bo‘lgan 349 kishi halok bo‘ladi.
O‘shanda Saudiya samolyotida 312 kishi, Qozog‘istonnikida 37 kishi bo‘lgan. Ulardan biron kishi tirik qolmagan.
Yaponiyadagi halokat
1985 yil 12 avgust kuni Japan Air Lines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747 samolyoti Tokio-Osaka yo‘nalishida parvoz qilish uchun havoga ko‘tariladi.
Oradan 12 daqiqa o‘tgach samolyotning dum qismidan bir parchasi uzilib ketadi va salondagi bosim keskin pasayadi.
Uchuvchilar kuchli ovozni eshitib samolyot shassisi uzilib tushdi deb o‘ylashadi va favqulodda qo‘nish uchun ortga qaytishga qaror qilishadi.
Biroq samolyot boshqaruv chambaragi ishdan chiqadi va Boeing 747 o‘sha atrofdagi tog‘ga borib uriladi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 520 kishi halok bo‘ladi. Mo‘jiza tufayli 4 kishi omon qoladi.
Surishtiruvlarda samolyot 1978 yilda sifatsiz ta’mirlangani va shu sababli uning dum qismida nosozlik kuzatilgani aniqlanadi.
Ispaniyada ikki samolyot to‘qnashuvi
1977 yil 27 mart kuni Ispaniyaning Terenrife orolida joylashgan aeroportda fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng dahshatli halokatlardan biri sodir bo‘ladi.
Halokatdan biroz avval KLM aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747 samolyoti parvozga shaylanadi va uchish-qo‘nish yo‘lagida harakatni boshlaydi.
U tezlik olayotganda Pan American aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747 uchish qo‘nish yo‘lagiga tushgandi. Ikki samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagida o‘zaro to‘qnashadi. Oqibatda, har ikki samolyot bortida bo‘lgan 583 kishi halok bo‘ladi.
O‘shanda KLM aviakompaniyasiga qarashli samolyotda bo‘lgan 248 kishining barchasi, Pan American aviakompaniyasiga qarashli samolyotda bo‘lgan 396 kishidan 335 kishi halok bo‘ladi. 61 kishi tirik qoladi.
Surishtiruvlarda KLM aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747 ekipaji dispetcherning samolyotni uchish-qo‘nish yo‘lagidan olish va birozdan keyin parvoz qilish haqidagi buyrug‘ini tushunmagani ma’lum bo‘ladi.
11 sentabrdagi teraktlar
2001 yil 11 sentabrda AQShning bir nechta shahrida terroristik xuruj sodir etildi. Terrorchilar samolyotlarni egallab olib, ularni turli binolarga olib borib urishdi. Oqibatda ko‘plab odamlar halok bo‘ldi.
Jumladan, American Airlines va United Airlines aviakompaniyalariga qarashli Boeing 767 samolyotlari Nyu Yorkdagi egizak osmono‘par binolarga uriladi.
Oqibatda, har ikkala samolyotda bo‘lgan 157 yo‘lovchi va egizak binolar qulashi tufayli u yerda bo‘lgan odamlardan 2 500 kishi halok bo‘ladi.
Ana shu hodisa fuqaro aviatsiya tarixida eng ko‘p odam halok bo‘lgan hodisa sifatida qayd etilgan.
11 sentabr kuni jami 4 samolyot egallab olingan va ulardan biri Pentagon binosiga urilgan, boshqasi Pensilvaniya shtatida dalaga qulab tushgandi.
Bu ikki samolyot qulashi oqibatida 233 kishi halok bo‘ladi. Garchi rasmiy ma’lumotlar samolyotlarni terrorchilar olib qochgan degan versiyani ilgari sursa-da, ayrimlar bu ishni Amerika maxsus xizmatlari uyushtirgan degan versiyani ham ilgari surgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
12:22 / 08.12.2024
Ikki xil munosabat ostida qolgan aviaspotterlar: ularga yaratilayotgan imkoniyatlar va muammolar
20:59 / 26.11.2024
Prezidentga transport sohasidagi transformatsiya jarayonlari taqdim etildi
15:29 / 25.11.2024
Vilnyus aeroporti yaqinida yuk tashuvchi Boeing qulab tushdi
12:17 / 18.11.2024