Prezidentga transport sohasidagi transformatsiya jarayonlari taqdim etildi
Shavkat Mirziyoyev 26 noyabr kuni temir yo‘l va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida transformatsiya jarayonlarining borishiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Yig‘ilishda yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish, tashish jarayonlarini tezlashtirish, transport xizmatlari tannarxini pasaytirish masalalari muhokama qilindi.
– Mamlakatimizda iqtisodiyot, savdo aloqalari yildan yilga rivojlanayapti. Aholi daromadi, hududlarning turizm salohiyati ham oshayapti. 2030 yilga borib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo‘ydik. Shuning uchun transport «arteriya»lariga alohida ahamiyat berishimiz kerak, dedi prezident.
Sohada transformatsiyani jadallashtirish, qurilish va modernizatsiya loyihalarini sifatli bajarish, xalqaro kredit reytingi olish, davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilish, investitsiyalarni samarali ishlatish muhim vazifalar qatorida sanaldi.
Qayd qilinishicha, «O‘zbekiston havo yo‘llari» hali aholini rozi qiladigan darajaga yetgani yo‘q. Xalqaro reyting olib, tashqi bozorga chiqish kechikayapti. Oqibatda tannarx yuqoriligi uchun chipta narxida sezilarli o‘zgarish yo‘q. Xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi sust. Shu bois konsalting kompaniyasi jalb qilib, transformatsiya bo‘yicha aniq dastur va «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
«Uzbekistan Airports» tizimida asosiysi – xizmatlarni ko‘paytirish va xususiy sheriklikni kengaytirish. Samarqand aeroporti xususiy boshqaruvga berilgach, parvozlar va yo‘lovchilar soni 5 barobar oshgan. Endi Namangan, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida ham shunday maqsad ko‘zlangan. Yil yakunigacha aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni 2 karra ko‘paytirish, daromadni 25 foiz oshirish mo‘ljallangan.
Xalqaro bozordan mustaqil resurs jalb qilish, Navoiy aeroporti terminalidan to‘liq foydalanish choralari belgilandi.
Davlat rahbari raqamlashtirishni jadallashtirish, rejalarni qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiy natijadorlikni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
12:37 / 14.12.2024
Fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik halokatlar
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
19:47 / 11.12.2024