O‘zbekiston | 21:35 / 26.11.2024
3266
6 daqiqa o‘qiladi

26 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

BAAdagi qotillik uchun Isroil elchisiga hamdardlik, videosi uchun sudlangan surxondaryolik bloger, shamol elektr stansiyasi borasida yangi bitim — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Isroil elchisiga hamdardlik

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BAAda o‘ldirilgani gumon qilinayotgan isroillik ravvin Tsvi Koganning vafoti munosabati bilan Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan uchrashib, chuqur hamdardlik bildirdi.

Baxtiyor Saidov uchrashuvda O‘zbekistonning millatchilikka qarshi qat’iy pozitsiyasini ta’kidlab, terrorizm va ekstremizmning chegara yoki millati yo‘qligini qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekiston hukumati BAA va Isroil idoralari bilan jinoyatni tergov qilishda yaqin hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.

Tsvi Kogan Isroil va Moldova fuqarosi bo‘lib, BAAda rezident ravvin sifatida faoliyat yuritgan. Uning jasadi 21 noyabr kuni Al-Ayn amirligida qotillik alomatlari bilan topilgan. BAA IIV ushbu jinoyatda uch nafar O‘zbekiston fuqarosini gumon qilib qo‘lga olgan. Isroil matbuotiga ko‘ra, «Mossad» gumondorlarni Eron bilan bog‘liq guruhga aloqador deb hisoblamoqda.

Erta nikoh videosi blogerni sudga olib bordi

Surxondaryo viloyatida ijtimoiy tarmoqqa erta nikohni targ‘ib qiluvchi video joylashtirgan bloger yolg‘on axborot tarqatish aybi bilan jazolandi.

U tayyorlagan videoda eri 17 yosh, xotini 15 yosh bo‘lsa-da, ularning egizak farzandi borligi aytilgan. Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, video sahnalashtirilgan bo‘lib chiqdi.

21 noyabr kuni bloger A.Sh. va videoning boshqa ishtirokchilari, J.N. va S.R. mazkur videoni tayyorlagan. Termiz shahri sudi tomonidan A.Sh.ning xatti-harakatlari ko‘rib chiqildi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasida ko‘rsatilgan harakat — yolg‘on axborot tarqatgani uchun 1 mln 480 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Videodagi boshqa ishtirokchilar esa bunday nomaqbul xatti-harakatlarni takrorlamaslik bo‘yicha ogohlantirildi.

Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash

O‘zbekistonda 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida oiladagi zo‘ravonlik uchun 15 427 kishi ma’muriy javobgarlikka, 399 kishi esa jinoiy javobgarlikka tortildi.

Ma’muriy javobgarlikka tortilganlarning 9210 nafariga jarima, 6217 nafariga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Bu holatlarda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi qo‘llangan. Ushbu modda oila a’zolariga nisbatan qasddan shikast yetkazish yoki tahqirlash uchun jazo choralarini ko‘zda tutadi.

399 shaxs esa Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi bo‘yicha sudlangan. Ulardan 126 nafari ozodlikdan mahrum qilingan, 255 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari qo‘llangan. Qolgan 18 nafar shaxsga shartli hukm tayinlangan.

Hujjatlarga ko‘ra, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qat’iy choralar ko‘rishga qaratilgan qonunlar nafaqat zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, balki huquqbuzarlarning yanada og‘ir jinoyat sodir etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham ishlab chiqilgan.

Toza energiya va yangi ish o‘rinlari

O‘zbekiston va BAAning Masdar kompaniyasi o‘rtasida Mingbuloq shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu qurilish vaqtida 1000 ta, foydalanish davrida esa 60 ta ish o‘rni yaratishini va 300 ming xonadonni toza energiya bilan ta’minlashini nazarda tutadi.

Mazkur kelishuv Bokuda o‘tkazilgan COP29 tadbirlari doirasida imzolangan. Bu Masdar va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim bosqichidir. Loyiha O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha kengroq strategiyaning birinchi bosqichi hisoblanadi.

Prnewswire ma’lumotiga ko‘ra, Masdar 2022 yilda 2 GW quvvatga ega shamol loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolagan. Mingbuloq ShESdan tashqari, kompaniya Qoraqalpog‘istondagi Aqpetki va Navoiy viloyatidagi Buzovboy stansiyalarini ham amalga oshiradi.

BAA energetika vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy, bu hamkorlik O‘zbekistonda va xorijda toza energiyani rivojlantirishga yordam berishi haqida ta’kidladi.

Buxoroda oqova suvlarni qayta ishlashga yangi qadam

Xitoyning PK Envoronment Corp. kompaniyasi Buxoroda oqova suvlarni qayta ishlash va qayta foydalanish bo‘yicha ekologik xavfsiz loyiha amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya o‘z loyihalarida innovatsion «yashil» texnologiyalardan foydalanib, mahalliy aholi va tabiatga zarar yetkazmaslikka ahamiyat qaratadi.

Muzokaralar davomida Buxoro viloyatida chiqindilarni zararsizlantirish va qayta ishlatiladigan suv resurslari yaratish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Kompaniya mutaxassislari viloyat holatini o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga kelishib oldi.

O‘zbekistonning Xitoyning Guangjou shahridagi Bosh konsulxonasi va kompaniya o‘rtasidagi uchrashuv chet el kapitali asosida istiqbolli loyihalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Mavzuga oid