Jahon | 18:19 / 26.11.2024
3426
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing AQSh Harbiy-havo kuchlaridan 2,4 mlrd dollarlik buyurtma oldi

Kompaniya 2028 yil oxiriga qadar 15 ta KC-46 Pegasus yonilg‘i quyuvchi samolyotini yetkazib beradi. Ushbu havo kemalari eskirgan samolyotlarini tarkibdan chiqarayotgan Harbiy-havo kuchlari uchun muhim rol o‘ynaydi.

Foto: AP

AQSh Harbiy-havo kuchlari Boeing kompaniyasi bilan 15 ta KC-46 Pegasus yonilg‘i quyuvchi samolyotini ishlab chiqarish bo‘yicha 2,4 milliard dollarlik shartnoma imzoladi, deb xabar beradi Defence News.

Samolyotlar 2028 yil iyun oxiriga tayyor bo‘lishi kerak. Avvalroq mamlakat Harbiy-havo kuchlari (HHK) ixtiyoriga 89 ta KC-46 Pegasus topshirilgan edi va HHK jami bu turdagi modellardan 179 ta xarid qilishni rejalashtirgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu samolyot eskirgan yonilg‘i quyuvchi samolyotlarini tarkibdan chiqarayotgan va imkoniyatlarini modernizatsiya qilayotgan Harbiy-havo kuchlari uchun muhim rol o‘ynaydi. Oktyabr oyida yangi KC-46 Pegasus birinchi marta HHKning tezkor tadbirlarida ilk bor ishtirok etgan.

AQSh Harbiy-havo kuchlari 2030 yillarda dushman qurilmalari payqashiga yo‘q qo‘ymaydigan texnologiya bilan jihozlangan yangi avlod yonilg‘i quyuvchi samolyotlarini olishni rejalashtirgan — u jang ketayotgan xavfli havo makonida ham faoliyat yurita oladi. Mazkur loyihadan tashqari oltinchi avlod qiruvchi samolyotlari va dronlarini ham xarid qilish rejasi bor.

Ma’lum qilinishicha, Boeing kompaniyasi, shuningdek, Harbiy-dengiz kuchlaridan 1,7 milliard dollarlik yana bir shartnomani olgan — yettita P-8A Poseidon patrul samolyotlari. Ushbu samolyotlar, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Norvegiya, Yangi Zelandiya qurollanishida mavjud bo‘lib, Janubiy Koreya, Germaniya va Kanada ham undan buyurtma qilgan. Umumiy hisobda dunyoda P-8A Poseidon’ning 170 ga yaqini faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid