Jamiyat | 20:33 / 28.11.2024
2803
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda salkam 9 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi

Issiqxona gaz hisoblagichidan tashqari yerosti quvuri orqali aholi uchun mo‘ljallangan gaz quvuriga yashirincha ulangan. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilingan.

Foto: Hududgazta’minot

Buxoro viloyati Kogon tumanida gaz ta’minoti komplayens nazorat tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan iborat ishchi guruh o‘tkazgan reyd jarayonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kogon tumanining «Tutkunda» MFYda joylashgan «B.B.» MJChga qarashli issiqxona gaz hisoblagichidan tashqari yerosti quvuri orqali aholi uchun mo‘ljallangan gaz quvuriga yashirincha ulanib, tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelgani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilingan va 8,85 milliard so‘mlik zarar keltirilgani aniqlangan.

«Mazkur jarayon bo‘yicha to‘plangan barcha daliliy ashyo va hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga topshiriladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent viloyatida 14 milliard so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlangan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Zangiota tumanidagi ushbu issiqxona egasi uch yil davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.

Mavzuga oid