O‘zbekiston | 13:39 / 28.11.2024
14441
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zgidromet qishki ob-havo prognozlarini e’lon qilishni kechiktiryapti(mi?)

2 kundan keyin qish boshlanadi. O‘zgidromet agentligi hali 2024/2025 yilning qish mavsumi uchun prognozlarini e’lon qilmadi. O‘tgan yili qishki tavsiya shaklidagi prognozlar oktyabr oyi boshida e’lon qilingandi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 28 noyabr, qish kirib kelishiga 2 kun qoldi. O‘tgan yilgidan farqli ravishda, kirib kelayotgan qish mavsumi uchun ob-havo prognozlari e’lon qilingani yo‘q. 2023/2024 yilning qishi qanday o‘tishi haqida o‘tgan yili ancha barvaqt ma’lumot taqdim etilgan, aniqrog‘i 2023 yilning 5 oktyabrida AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida O‘zgidromet agentligi vakillari bu haqida axborot bergandi.

Kun.uz 2024/2025 yil qishida o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutayotgani haqida ma’lumot olish uchun agentlikka bir necha bor so‘rov yubordi. Biroq agentlik matbuot xizmati ma’lumotlar avvalo hukumatga taqdim etilishi, prognozlarni e’lon qilish vaqt olishini ma’lum qildi.

“Bundan tashqari, prognoz taxminiy bo‘lgani bilan, butun boshli infratuzilma va iqtisodiy tarmoq uchun muhim hisoblanadi. Shularni hisobga olib, aniqroq tuzishga harakat qilinadi. Ob-havo sharoitlari esa har kunlik, hatto soatlik o‘zgarish xususiyatiga ega”, – dedi mas’ul.

Ma’lumot uchun, O‘zgidromet e’lon qilgan haftalik ma’lumotlarga ko‘ra, 1 dekabr kuni vodiy viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda qor yog‘ishi mumkin.

Qish faslining qanday o‘tishi haqida taxminiy ma’lumotlar yo‘q. Biroq yaqinda dekabr oyining qanday o‘tishi haqida iqlimshunos Erkin Abdulahatov o‘zining shaxsiy o‘rganishlarini Gazeta.uz’ga ma’lum qilgandi. Unda aytilishicha, dekabr oyida havo harorati tungi vaqtlarda barqaror nol darajaga yaqin bo‘lishi, shimoldan to‘satdan sovuq havo massalarining chuqur kirib kelishi kuzatilishi mumkin. Shuningdek, havoda nisbiy namlikning mavsumiy oshishi ortidan virus va bakteriyalarning faollashuvi, turli havo oqimlari tez o‘rin almashishi, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishining oqibatlari sog‘liqni saqlash tizimiga ham yuklamani ko‘paytirishi mumkinligi aytilgan.

“O‘zbekistonda dekabr so‘nggi yillarda biroz iliq kelyapti. So‘nggi 5−8 yillikdagi dekabrlarda juda kam qor yog‘gani ham bunga bir dalil. 2024 yil dekabrida ham mamlakatda ehtimoliy oylik harorat me’yor darajasida va undan biroz yuqori bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston sinoptiklari ham O‘zbekistonda yil oxirida ko‘p yillik belgilangan me’yor yoki undan biroz yuqoriroq harorat — «iliqroq» dekabr kuzatilishini taxmin qilgan.

Qolaversa, El-Nino va La-Ninya hodisalarini kuzatish usuli ham dekabr iliqroq kelishi haqida xulosa chiqarishga undaydi. Ammo Qozog‘istonda oyning birinchi yarmida ehtimoliy sovuq antitsiklon markazining o‘tishi va mamlakatning ayrim mintaqalarida havo harorati -37 darajagacha sovib ketishi ham inobatga olinadigan bo‘lsa, reallikda hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin.

O‘zgidromet dekabr oyida kutilayotgan ob-havo prognozini hali e’lon qilganicha yo‘q. Shunday ekan, hozircha O‘zbekistonda dekabrda kutilayotgan ob-havo prognozini havo harorati necha darajagacha o‘zgarib ketadi deb emas, balki oylik harorat va yog‘inning iqlimiy me’yordan chetlanishlarini ilmiy nuqtai nazardan sharhlash mumkin”, – deb yozgan iqlimshunos.

Eslatib o‘tamiz, qish oyining sovuq kelishi 2023 yilda Toshkent shahri havosi sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Minglab tashkilotlar gaz o‘rniga ko‘mir va mazutga o‘tgani sabab, shaharda zaharli havo qish davomida takrorlanib turgandi. 

Mavzuga oid