«Siz Rossiyaga xizmat qilasizmi yoki Gurjistonga?» - prezident Tbilisidagi namoyishlarga qo‘shildi
Gurjistonda Yevroittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilishiga qarshi namoyishlar bo‘lmoqda.
Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze 28 noyabr kuni mamlakat 2028 yil oxiriga qadar Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishini e’lon qildi. Shundan keyin Tbilisi markazida bir necha ming kishi to‘plandi. Norozilik aksiyasi ishtirokchilari va politsiya o‘rtasida bir necha to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni kechqurun Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ham Tbilisidagi Ozodlik maydoniga yig‘ilgan namoyishchilarga qo‘shildi. U «noqonuniy hukumat o‘z xalqiga urush e’lon qilgani»ni aytgan. Paper Kartuli telegram-kanali yozishicha, aksiyaga kelgan Zurabishvili maxsus topshiriqli bo‘linma jangchilariga shunday degan: «Siz Rossiyaga xizmat qilasizmi yoki Gurjistonga? Kimga qasamyod qilgansan. Javob meni qiziqtiradi. Siz prezidentga javob qaytarmaysizmi? Sen kelajakni o‘ylamaysanmi? Mamlakatni ham, bolalarni ham?»
Norozilik aksiyasi tarqatilgan, politsiya namoyishchilarga qarshi suvpurkagich (vodomyot) va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan. Gurjiston IIV ma’lumotiga ko‘ra, namoyish davomida 43 kishi qo‘lga olingan. Ular politsiya xodimlari talabiga bo‘ysunmaslik va mayda bezorilikda ayblanmoqda.
Mavzuga oid
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024
Yevrokomissiya Gurjiston diplomatlari va amaldorlarini vizasiz rejimdan mahrum qilish taklifini ilgari surdi
15:32 / 20.12.2024