O‘zbekiston | 12:12 / 03.12.2024
1552
2 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyatlarda telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish qoidalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining "Favqulodda holat va vaziyatlarda O‘zbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarini markazlashgan holda ma’muriy boshqarish tizimi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori qabul qilindi.

Foto: O‘zkomnazorat

Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini markazlashgan holda ma’muriy boshqarishning maqsadlari:

  • favqulodda holat va vaziyatlarning oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rish imkoniyatini ta’minlash;
  • davlat boshqaruvi, huquq-tartibotni, davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligini ta’minlashda aloqa bilan uzluksiz hamda barqaror ta’minlash.

Favqulodda holat va vaziyatlarda telekommunikatsiya tarmoqlari Raqamli texnologiyalar vazirligining O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi tomonidan maxsus iste’molchilar, telekommunikatsiyalar va idoraviy tarmoqlar operatorlarining boshqarish markazlari bilan birgalikda markazlashgan holda ma’muriy boshqariladi.

Maxsus iste’molchilar - Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, DXX, Milliy gvardiya va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi.

Raqamli texnologiyalar maxsus vakolatli organ tomonidan favqulodda holat va vaziyatlarda telekommunikatsiya operator hamda provayderlarining tarmoqlari va vositalaridan foydalanishni to‘xtatib qo‘yish yoki cheklash to‘g‘risidagi qaror quyidagi holatlarda qabul qilinadi:

  • maxsus iste’molchilarning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun bo‘sh telekommunikatsiya resurslari va vositalari mavjud bo‘lmaganda;
  • telekommunikatsiya tarmoqlarida yuklanish ortib ketishining oldini olish zarur bo‘lganda;
  • favqulodda holat va vaziyatlar hududida ishga jalb qilinadigan radioelektron vositalar ishida elektromagnit moslashuvini ta’minlash zarur bo‘lganda.

Favqulodda holatlarda Raqamli texnologiyalar vazirligi telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalaridan foydalanishni to‘xtatib qo‘yish yoki cheklash to‘g‘risidagi qaror prezidentining favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoni bilan favqulodda holat davriga tuziladigan Favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga muvofiq qabul qilinadi.

Mavzuga oid