Gurjistonda besh kundan beri yevrointegratsiyani qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
Tbilisi va Gurjistonning boshqa yirik shaharlarida o‘n minglab odamlar Yevropa integratsiyasi kursiga qaytishni talab qilib ko‘chalarga chiqdi, deb xabar beradi DW muxbiri. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.
Gurjistonda 2 dekabr, dushanba kuni mamlakatning YeI bilan yaqinlashish tarafdorlari yangi hukumatning Yevropa integratsiyasiga intilishdan bosh tortishiga qarshi qatorasiga beshinchi kun norozilik namoyishiga chiqdi. «Kavkazskiy uzel» internet nashri va bir qator Telegram-kanallari xabar berishicha, o‘sha kuni politsiya yig‘ilganlarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagichlar va tutunli granatalardan faol foydalangan.
Sovanews internet nashrining yozishicha, norozilik namoyishlari nafaqat poytaxtda, balki Gurjistonning Batumi, Kobuleti, Ozurgeti va boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tmoqda. DW muxbirining xabar berishicha, Tbilisi va mamlakatning boshqa yirik shaharlarida o‘n minglab odamlar ko‘chalarga chiqqan.
Tbilisidagi parlament binosi oldida qattiq qo‘lga olishlar kuzatilgani xabar qilingan. Bunga javoban namoyishchilar pirotexnika vositalaridan foydalanishgan. Rustaveli prospektida barrikadalar o‘rnatildi. «Exo Kavkaza» xabariga ko‘ra, yig‘ilganlar norozilik belgisi sifatida parlament binosining temir panjarasiga urgan, shundan so‘ng suv purkovchi mashina ishga tushirilgan.
«Rustaveli prospektida davom etayotgan miting tinch yig‘ilish doirasidan chiqib ketdi, shuning uchun Ichki ishlar vazirligi parlament binosi atrofini tozalash uchun agressiv norozilik guruhi a’zolariga nisbatan qonunda nazarda tutilgan maxsus choralarni qo‘llaydi», — deyiladi Gurjiston Ichki ishlar vazirligi 2 dekabr kuni ingliz tilida e’lon qilgan bayonotda.
Avvalroq idora Tbilisidagi namoyishlarning dastlabki to‘rt kunida 224 kishi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.
Tbilisida maxsus kuchlar namoyishchilarga qarshi suv purkagichlardan foydalanmoqda
Tbilisida to‘rtinchi kun ham davom etgan ommaviy norozilik namoyishlarida politsiya maxsus kuchlari parlament binosi yaqinida to‘planganlarga qarshi suv purkagichlardan foydalangan. «Rustaveli prospektidagi vaziyat tarangligicha qolmoqda, maxsus kuchlar parlament hovlisi ichki hududidan suv purkagichlarni ishlatishda davom etmoqda, biroq ba’zi namoyishchilar joyida qolmoqda», deb yozadi Paper Kartuli.
Shu bilan birga, ayrim namoyishchilar maxsus kuchlarga qarata tosh va pirotexnika vositalari otmoqda, deb yozadi «Exo Kavkaza».
Gurjistonning eng yirik banklari Bank of Georgia va TBC, aloqa operatorlari Magti va Silknet, avtomobil dilerlik kompaniyasi Tegeta va ORBI Group developeri namoyishchilar bilan birdamlik bildirdi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining Yevropa integratsiyasi jarayonini to‘xtatib turish haqidagi qarori Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Konstitutsiyaviy sud xodimlari va boshqa davlat xizmatchilar tomonidan ham omma oldida qoralangan. Bundan tashqari, Gurjistonning AQSh, Niderlandiya, Bolgariya, Italiya va Litvadagi elchilari norozilik sifatida o‘z lavozimlarini tark etgani xabar qilingan.
Mavzuga oid
11:31
Zurabishvili: Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondoni bo‘lib qolaman
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024